Senatning 28 apreldagi majlisida «Inson a’zolari va to‘qimalarining transplantatsiyasi to‘g‘risida»gi qonun senatordar tomonidan ma’qullandi. Bu haqda senat matbuot xizmati xabar bermoqda.

Tirik donordan a’zolarni yoki to‘qimalarni transplantatsiya uchun olish faqat retsipiyentning sog‘lig‘ini ko‘zlab hamda muqobil davolash usuli mavjud bo‘lmagan taqdirda amalga oshirilishi mumkin. Tirik donorni undan a’zosini va (yoki) to‘qimalarini olish uchun rozilik berishga majburlash taqiqlanadi.

Tirik donordan a’zolarni va (yoki) to‘qimalarni olishga faqat, agar olish paytida tibbiy xulosaga ko‘ra uning sog‘lig‘iga ko‘rish, nutq, eshitish qobiliyati yo‘qolishiga yoxud a’zosining (bundan insonning transplantatsiya qilinayotgan a’zosi va (yoki) to‘qimasi mustasno) funksiyalari qisman yoki to‘liq yo‘qolishiga, ruhiyati buzilishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan tarzda yoki sog‘lig‘ining mehnat qobiliyati 33 foizdan ortiq tarzda barqaror yo‘qolishiga olib keladigan boshqa buzilishiga sabab bo‘ladigan tarzda ziyon yetkazilmasa, yo‘l qo‘yiladi.

Quyidagilarga nisbatan inson a’zolarini va (yoki) to‘qimalarini olishga yo‘l qo‘yilmaydi:

  • o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarga (bundan suyak iligini transplantatsiya qilish hollari mustasno);
  • belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslarga, shuningdek ruhiy holatning buzilishlariga (ruhiy kasalliklarga) chalingan shaxslarga;
  • qamoqda yoki ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslarga;
  • I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga;
  • homilador ayollarga;
  • shaxsi aniqlanmagan shaxslarga;
  • muayyan yashash joyi bo‘lmagan shaxslarga;
  • «Mehribonlik», «Saxovat» va «Muruvvat» uylarida yashovchi shaxslarga;
  • a’zosi va (yoki) to‘qimalari ilgari transplantatsiya uchun olingan shaxslarga.

Shuningdek, O‘zbekiston fuqarosi chet davlat fuqarosi bo‘lgan retsipiyent uchun donor bo‘lishi mumkin emas.

Inson a’zolarini va (yoki) to‘qimalarini transplantatsiya qilishda jismoniy hamda yuridik shaxslarga inson a’zolarining va (yoki) to‘qimalarining oldi-sotdisi taqiqlanadi. Transplantatsiya qilinadigan inson a’zolarini va (yoki) to‘qimalarini O‘zbekiston hududidan tashqariga olib chiqish taqiqlanadi.

Senatda bildirilgan takliflar asosida senatorlar tegishli vazirlik va idoralar hamda mahalliy kengashlarning doimiy komissiyalari bilan birgalikda «Yo‘l xaritasi» ishlab chiqqani ma’lum qilindi.

Unda keltirilishicha, transplantatsiya jarayonlarini sifatli amalga oshirilishi uchun zarur bo‘lgan qonunosti hujjatlarni ishlab chiqish, ushbu xizmatni aholiga yaqinlashtirish va barcha hududlarda buyrak transplantatsiyasi amaliyotini yo‘lga qo‘yish, tegishli davlat tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini yaxshilash hamda yuqori malakali tibbiyot kadrlarni tayyorlash kabi yo‘nalishlar qamrab olingan.

Qonun qabul qilingandan so‘ng «Yo‘l xaritasi»da belgilangan vazifalar ijrosi senatorlar tomonidan joylarda doimiy ravishda nazorat etib boriladi.

Mazkur sohasidagi ishlarni moliyalashtirish davlat budjeti va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.

Avvalroq deputatlar Qonunchilik palatasida mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi a’zolar va to‘qimalar transplantatsiyasini bajarishdagi maqsadlar va shartlarni aniqlagan holda, kasallanish va a’zolardagi qaytarib bo‘lmaydigan jarayonlar tufayli o‘limga olib keluvchi holatlarning qisqarishiga olib kelishini ta’kidlagandi.

Majlisda respublika markazlarida amalga oshiriladigan operatsiyalar turi 350 taga, viloyat markazlarida 130, tuman shifoxonalarida 60 taga yetgani, 32 ta shifoxonada esa endovaskulyar xirurgiya bo‘limlari tashkil etilgani qo‘shimcha qilingan.

Ushbu qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.