O‘zbekistonda 2022 yilning yanvar-mart oylarida ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida o‘rtacha ish haqi boshqa sohalarga qaraganda sekinroq o‘sdi, shu bois mamlakatda o‘rtacha ish haqi darajasi bilan tafovut kengayishda davom etmoqda.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 2022 yil birinchi chorak yakunlari bo‘yicha o‘rtacha nominal ish haqi 3,42 mln so‘mni tashkil etdi. Ta’lim sohasida bu summa 2,52 mln so‘mni tashkil etib, 2021 yilning shu davriga (2,24 mln so‘m) nisbatan 12,2 foizga oshdi.


Shu bilan birga, agar 2017 yilning yanvar-mart oylarida mazkur soha xodimlarining oylik maoshi respublika bo‘yicha o‘rtacha ish haqiga nisbatan 16,8 foizga (mos ravishda 1,07 mln va 1,28 mln so‘m) past bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda ish haqi 2,5 barobarga oshdi, ammo farq qisqarmadi, balki 26,5 foizgacha kengaydi. 2018 yilning shu davrida ushbu ko‘rsatkich 20,4 foiz, 2019 yil — 17,4 foiz, 2020 yil — 19,1 foiz, 2021 yil — 21,9 foiz darajasida qayd etilgan.


Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasida ham xuddi shunday holat bo‘lib, birinchi chorakda o‘rtacha ish haqi 14,2 foizga — 2,33 mln so‘mgacha oshgan.

Oxrili besh yilda bu boradagi tafovut asta-sekin qisqargan bo‘lsa-da, so‘nggi bir yilda barcha yutuqlar tenglashtirildi. Agar 2017 yilning yanvar-mart oylarida soha xodimlarining o‘rtacha oylik ish haqi respublika bo‘yicha o‘rtacha ish haqidan 30,2 foizga kam (mos ravishda 899,4 ming va 1,28 mln so‘m) bo‘lsa, 2022 yilning birinchi choragida ish haqi qariyb 3 barobar oshdi, biroq farq 32 foizga yetdi. 2018 yilning shu davrida ushbu ko‘rsatkich 33,6 foiz, 2019 yil — 31,6 foiz, 2020 yil — 29,9 foiz, 2021 yil — 28,8 foizni tashkil etgan.


Tibbiyot sohasida 2020−2021 yillarda o‘rtacha ish haqi farqining qisqarishi koronavirus pandemiyasi davrida ayrim toifadagi tibbiyot xodimlariga berilgan nafaqalar bilan bog‘liq bo‘lishi ham mumkin.

O‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori ko‘rsatkichi bank, sug‘urta, lizing va kredit vositachilik faoliyatida qayd etilgan — 8,42 mln so‘m. Keyingi o‘rinlarda axborot va aloqa sohasida o‘rtacha oylik ish haqi 6,5 million so‘mga teng bo‘lgan bo‘lsa, tashish va saqlash sohasida — 4,56 mln so‘m, sanoat sohasida — 4,46 mln so‘m, qurilish sohasida — 4,15 mln so‘m, savdo sohasida — 3,51 mln so‘mni tashkil etgan.

Iqtisodchi Mikromil Xolboyevning yozishicha, o‘qituvchi va shifokorlar so‘nggi yillarda nisbatan qashshoq sharoitda yashashda davom etmoqda. «Ularning jamiyatdagi mavqeini bu tarzda yo‘qotib borishi [iqtisodning] uzoq muddatli o‘sishga ham salbiy ta’sir qilishi turgan gap. Qaror qabul qiluvchilarni ta’lim va tibbiyot xodimlarining na maoshi va na jamiyatdagi mavqei qiziqtiradi. Agar bu ularni tashvishga solganda, bir necha yildan buyon kuzatilib kelayotgan ta’lim va tibbiyot xodimlari maoshi boshqa soha vakillarinikiga nisbatan pasayib borishining oldini olgan bo‘lar edi», — deydi u.

Avvalroq «Gazeta.uz» kolumnisti Mirkomil Xolboyev ta’lim sohasi vakillarining, xususan, o‘qituvchilarning oylik maoshlari boshqa soha vakillarining oylik maoshlariga qaraganda sekinroq o‘sayotgani ularning jamiyatdagi mavqeyiga salbiy ta’sir qilishi mumkinligi haqida yozgandi. Uning qayd etishicha, bu kelgusida shu kasbni tanlashi mumkin bo‘lgan yoshlarni — potensial o‘qituvchilarni moliyaviy omillar sabab boshqa sohalarni tanlashiga olib keladi.

«Boshqacha aytganda, ta’lim sohasi, shunchaki rag‘batlarning yetishmasligi ortidan, soha rivojiga hissa qo‘shishi mumkin bo‘lgan potensial xodimlardan ayriladi. Ushbu tendensiyalar kuchayishi ta’lim tizimini yanada chuqur inqirozga olib kelishi mumkin. Ta’lim sifati uzoq muddatli iqtisodiy o‘sish uchun juda muhim», — degan edi u.