26 aprel kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida O‘zbekistonda oilaviy zo‘ravonlik holatiga oid ma’lumotlar taqdim etildi.

Tadbirda IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari, polkovnik Umida Abdullayeva, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Bahodirjon Qahhorov, Bosh prokuratura bo‘lim boshlig‘i O‘ktam O‘tayev ishtirok etdi.

2021 yil davomida ichki ishlar organlariga xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlar yuzasidan 39 343 ta murojaatlar kelib tushdi. Ularning barchasiga himoya orderlari rasmiylashtirib berildi. Himoya orderlarining 378 tasi voyaga yetmagan, 9861 tasi yoshlar (18−30 yosh), 29104 tasi 30 yoshdan katta xotin-qizlarga berilgan.

Himoya orderlarning 26667 tasi turmush o‘rtoqlari, 1559 tasi qaynionalar, 1128 tasi kelinlar hamda 9989 tasi boshqa shaxslarga nisbatan rasmiylashtirilgan.

Xotin-qizlarga nisbatan qayd etilgan zo‘ravonlik holatlarining 34330 tasi yoki 87 foizi oilada sodir etilgan.

Murojaatlarni o‘rganishda 106 ta jinsiy, 234 ta iqtisodiy, 18777 ta ruhiy, 13658 ta jismoniy zo‘ravonlik hamda 7174 ta tazyiq holatlar aniqlangan.

Qo‘llanilgan himoya orderlari natijada 20769 ta holatda oila yarashtirildi, 15142 tasida nizo bartaraf etildi, 921 tasida oila ajrashdi, 2222 ta holatda nizo bartaraf etilmadi.

26 aprel kuni UNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi “Sahar” guruhining “Ayol” qo‘shig‘iga uydagi zo‘ravonlik va uning bolalar ruhiyatiga salbiy ta’siri mavzusiga bag‘ishlangan videoklipini e’lon qildi.

Klip oxirida 2017 yil holatiga ko‘ra, dunyoda 5 yoshgacha bo‘lgan har to‘rt nafar boladan biri zo‘ravon ona bilan yashagani haqida ma’lumot berilgan.

Klip UNICEF, Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika psixologik-pedagogik diagnostika markazi, Nemolchi.uz zo‘ravonlikka qarshi loyihasi va GGC UNNO agentligi ko‘magida yaratilgan.