Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda DXXning Samarqand viloyati boshqarmalari tomonidan Samarqand shahar «Chashma» MFY hududida joylashgan mehmonxonada tezkor tadbir o‘tkazildi, deya xabar berdi Departament matbuot xizmati.

Tezkor tadbirda ma’lum bo‘lishicha, fuqarolar R.M. va B.A. 4892 dona «Regapen» nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini jami 7900 AQSh dollariga sotishga kelishib, 7500 dollar va 4,5 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186−3-moddasi (tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari Toshkent shahri va viloyatida kuchli ta’sir qiluvchi dorilar savdosi bilan shug‘ullanishda gumonlangan 9 nafar shaxsni hibsga olgani haqida ma’lumot bergan edik. Ularning yonidan 34 mln so‘mlik 1351 dona dori vositasi topilgan.