O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21 aprel kuni Qashqadaryo viloyatiga tashrifining birinchi kunida yangi tashkil etilgan Ko‘kdala tumanida aholi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Tuman Chiroqchi tumanining bir qismida paydo bo‘lgan, Yettitom shahri uning ma’muriy markazi etib belgilangan. Bu yerda tuman hokimligi va mahalliy bo‘limlar uchun binolar, «Yangi O‘zbekiston» turar-joy massivi, bolalar bog‘chalari va maktablar, poliklinikalar, istirohat bog‘lari, savdo majmualari, yo‘l bo‘yida xizmat ko‘rsatish obyektlari qurilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, 159 kilometr avtomobil yo‘llarini ta’mirlash, 50 kilometr ichimlik suvi va 80 kilometr elektr tarmoqlarini qurish rejalashtirilgan.

Prezident yangi binolarni energiya tejamkor qilib qurish, uylar tepasiga quyosh energiyasi panellari o‘rnatish zarurligini ta’kidladi. Ko‘kdalada 500−1000 megavattlik quyosh elektr stansiyalari va quyosh panellari qorxonasini barpo etish imkoniyatini o‘rganish vazifasi qo‘yildi.

Shu maqsadda tumanni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha 3 yillik dastur ishlab chiqilishi ta’kidlandi. Bu yerda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va ijtimoiy soha obyektlarini barpo etish uchun qariyb 2 trillion so‘m mablag‘lar yo‘naltiriladi. Joriy yilda 260 milliard so‘mlik 18 ta loyiha ishga tushiriladi, deyiladi xabarda.

Davlat rahbari nutqining bir qismini «O‘zbekiston 24» telekanali namoyish etdi. Tuman jamoatchiligi oldida so‘z yuritar ekan, prezident shunday dedi: «Har bir odam, har bir xonadonda qachon ertangi kunga ishonadi? Agar manfaat bo‘lsa. 1 ta sigiri 2 ta bo‘lsa, 1 qo‘yi 4 ta bo‘lsa, 50 ta tovug‘i 100 ta bo‘lsa bu — manfaat. Kecha Andijonni televizorda ko‘rsatishyapti. Tovuq tarqatilyapti. Xo‘jaobod, Paxtaobod, Qo‘rg‘ontepa — eng og‘ir tumanlarimizda 100 tadan tovuq olganlar: „Men har kuni kamida 80 ta tuxum olaman“, deydi».

Prezident tuman hokimlari va sektor rahbarlariga aholiga tovuq boqish, boshqa kasblarni egallashda ko‘maklashish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

«Kecha selektorda: «Juda bo‘lmaganda, qo‘lingdan hech narsa kelmasa, tuman hokimi, sektor rahbari, hech bo‘lmaganda 100 tadan tovuq olib borib bergin, inkubator olib kelib, tovuqni chiqarib, jo‘jani qilib, shuni qilib bergin va olti oy ichida u bilan gaplash. Ularning dunyoqarashi o‘zgaradi», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Qashqadaryoda sigirlar soni kamayib bormoqda, ularni boqish va parvarishlash uchun mablag‘ va veterinar zarur.

«Samarqandda yangi veterinariya institutini ochdik. Bizga ilmi kerak, nav kerak, nasli kerak. Bizning sigirlarimiz 3 litr sut bersa, Yevropadan olib kelinganlari 30 litr sut beryapti. Farqi bormi?» — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari hokimlarda bo‘lishi kerak bo‘lgan fazilatlar haqida ham gapirdi.

«Biz ko‘plab hokimlarni, ularning muovinlarini almashtirayapmiz — bularning barchasi yaxshi maqsadlarda. Hamma ham hokim bo‘la olmaydi. Aqli, bilimi bo‘lishi mumkin, lekin Xudo bergan hissiyot bo‘lishi kerak, xalqni ergashtira olishi kerak. Ularni tarbiyalash kerak. Bu oson emas. Bu qiyin masala», — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, 2017 yil yanvar oyida prezident Qoraqalpog‘istonga tashrifi chog‘ida har bir xonadonda 100 ta tovuq bo‘lsa, mamlakatda kambag‘al bo‘lmasligini ta’kidlagan edi. «Tovuqlar kuniga kamida 50 ta tuxum berib, o‘zlari uchun 10 ta tuxum saqlasa, har kuni 40 tasini sotsa, kam ta’minlangan oilalar bo‘lmaydi», — degandi u.

Shavkat Mirziyoyev 19 aprel kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda bundan buyon har bir mahalla ixtisosligiga qarab qo‘llab-quvvatlanishini aytdi. Misol uchun, 2 500 ta mahalla chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilikka ixtisoslashgan. Ular qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlanib, omilkor odamlarga inkubator, xonaki tovuq, asalari uyalari yetkazib berilsa, aholi daromadi yanada oshadi, deb xabar bergandi prezident matbuot xizmati.

Davlat rahbari fevral oyida chorvachilikni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda fermer xo‘jaliklari va qishloq aholisi hamkorligida chorva mollari sonini ko‘paytirish, bunda korxona chorva va parrandalarni oilalarga berib, keyin ularning mahsulotlarini sotib olishi zarurligini aytib o‘tgandi. Kooperatsiya asosida aholiga 350 ming bosh qo‘y-echki tarqatishni boshlash va buning uchun 100 mln dollar ajratish bo‘yicha topshiriq bergandi.