Qonunchilikka jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan va jazoni o‘tab bo‘lgan shaxslarga qator imtiyoz va huquqlarni berishni ko‘zda tutgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda. Tegishli qonun loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga muhokamaga qo‘yildi.

Mazkur qonun loyihasi bilan «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi qonuniga, «Keksalar, nogironlar va aholining boshqa ijtimoiy ehtiyojmand toifalari uchun ijtimoiy xizmatlar to‘g‘risida»gi qonuniga hamda Soliq kodeksi va Jinoyat-ijroiya kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishi ko‘zda tutilmoqda.

Jumladan, «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi qonunning 37-moddasini ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar tomonidan jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tash davrida bajarilgan har qanday ish, agar ushbu ish uchun ijtimoiy soliq to‘langan bo‘lsa, ish stajiga qo‘shib hisoblashni ko‘zda tutgan bandlar bilan to‘ldirish taklif qilinmoqda.

O‘z navbatida, Soliq kodeksining 408-moddasi bilan jazoni ijro etish muassasalariga ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarning soliq to‘lovini amalga oshirishni topshirish rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, «Keksalar, nogironlar va aholining boshqa ijtimoiy ehtiyojmand toifalari uchun ijtimoiy xizmatlar to‘g‘risida»gi qonunning 6-moddasi bilan ozodlikdan mahrum etish tarzidagi jazoni o‘tab bo‘lgan shaxslarni aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifasiga kiritish rejalashtirilmoqda. Buning natijasida ushbu shaxslar «Aholi bandligi to‘g‘risida»gi qonunning 38-moddasi bo‘yicha davlat tomonidan ishga joylashtirish bo‘yicha qo‘shimcha kafolatga ega bo‘lmoqda.

Shu bilan birga, «Keksalar, nogironlar va aholining boshqa ijtimoiy ehtiyojmand toifalari uchun ijtimoiy xizmatlar to‘g‘risida»gi qonunning 13-moddasi «ozodlikdan mahrum etish tarzidagi jazoni o‘tab bo‘lgan shaxslarga «Dastlabki ijtimoiy-moddiy yordam paketi»ni berish bilan bog‘liq xizmatlar» mazmunidagi xatboshi bilan to‘ldirilishi nazarda tutilmoqda. Ta’kidlash kerakki, «Yangi O‘zbekistonning 2022−2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi» doirasida Ichki ishlar vazirligi tomonidan «Dastlabki ijtimoiy-moddiy yordam paketi»ni berish tizimini ishga tushirish belgilab o‘tilgan.

Yuqoridagi qonunga yangi — 171-modda kiritilib, ozodlikdan mahrum etish tarzidagi jazoni o‘tab bo‘lgan shaxslarga «Dastlabki ijtimoiy-moddiy yordam paketi»ni berish bilan bog‘liq xizmatlar ro‘yxati belgilanmoqda. Ular:

  • ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish masalalari bo‘yicha maslahatlar berish, ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatuvchi tegishli organlar va tashkilotlarga yo‘naltirish;
  • maxsus psixologik yordam ko‘rsatish;
  • bandlikka ko‘maklashish, shu jumladan o‘zining tadbirkorlik, me’morchilik, hunarmandchilik kabi yo‘nalishlarda aniq loyihalarini taqdim etib, mustaqil faoliyatni boshlamoqchi bo‘lgan fuqarolarga bir martalik moddiy yordam berish;
  • birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, dispanser ko‘rigidan o‘tkazish, zarur bo‘lgan hollarda statsionarda davolanish uchun yuborish, tibbiy ko‘rsatmalarga ko‘ra dori vositalari, protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalari bilan ta’minlash.

Ushbu moddada qayd etilishicha, «Ozodlikdan mahrum etish tarzidagi jazoni o‘tab bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar qonunchilikka muvofiq boshqa turlarni ham o‘z ichiga olishi mumkin».

Shuningdek, Jinoyat-ijroiya kodeksi 8-moddasi «Mahkumlarga nisbatan qiynoqlar hamda boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomala va tazyiqlar qo‘llanilishiga yo‘l qo‘yilmaydi» mazmundagi ikkinchi qism bilan to‘ldirish ko‘zda tutilmoqda. Qo‘shimcha qilinishicha, mazkur qonunning 9-moddasi bilan mahkumlarga imo-ishora tili bo‘yicha tarjimon xizmatidan foydalanish huquqini berish taklif qilinmoqda.

Qonunning 13-moddasidagi mahkumlarning jazoni ijro etuvchi muassasa yoki organ ma’muriyatining qonunga asoslangan talablarini bajarishga majburligi to‘g‘risidagi banddagi «majburdirlar» so‘zi chiqarib tashlanib, «shifokor tomonidan tasdiqlangan jismoniy va aqliy qobiliyatlariga muvofiq mehnat qilishga majburdirlar» mazmunidagi to‘rtinchi xatboshi bilan to‘ldirilmoqda.

Qonun loyihasida Jinoyat-ijroiya kodeksining 70-moddasini (tinchlantirish ko‘ylagini qo‘llash) chiqarib tashlash ham ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, kameralarda jazo o‘tayotgan mahkumlarga kinofilm va teleko‘rsatuvlar ko‘rishga ruxsat berish taklif qilinmoqda (81-modda).

Qonunning 84-moddasi esa биринчи yoki ikkinchi guruh nogironligi bo‘lgan mahkumlar uchun mo‘ljallangan umumiy turar joylar maxsus vositalar va moslamalar bilan jihozlanishi lozimligi bo‘yicha qism bilan to‘ldirilishi belgilanmoqda.

Taklif etilayotgan loyihada Jinoyat-ijroiya kodeksi 971-modda (Mahkumlarni tuzalish yo‘liga o‘tganligini belgilovchi mezonlar) bilan to‘ldirilmoqda. Ushbu moddaga ko‘ra:

  • jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarning xulq-atvorlari tizimli ravishda baholab boriladi;
  • baholash natijalari mahkum tuzalish yo‘liga o‘tgan yoki o‘tmaganligi to‘g‘risidagi xulosa bilan rasmiylashtiriladi.

Mahkumlar tuzalish yo‘liga o‘tganligi mehnatga va ta’limga vijdonan yondashishi, tarbiyaviy tadbirlar o‘tkazishda faol ishtirok etishi, muassasaning ichki tartib-qoidalariga rioya qilishi, jinoyat oqibatida yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni qoplashga qaratilgan intilishi asosida belgilanadi.

Hujjat yuzasidan jamoatchilik muhokamasi 4 mayga qadar davom etadi.