O‘zbekiston IIV Jamoat xavfsizligi boshqarmasi YHXX boshlig‘i o‘rinbosari Erali Bozorov nima uchun haydovchilar YPX xodimlarining dislokatsiya ko‘chirmasi bilan joyning o‘zida tanishish huquqidan mahrum etilgani haqidagi savolga javob bermadi.

18 aprel kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Bozorovga quyidagi savol berildi:

«Dislokatsiya ko‘chirmasini olish tartibi qiyinlashtirildi. Bundan qanday maqsad ko‘zlandi, bunga sabab nima edi. Buning natijasida YPX xodimlari o‘zini vakolatini suiste’mol qilib, boshqa hududda noqonuniy tartibda foliyatini olib bormasligiga kimdir kafolat beradimi?»

Erali Bozorov savolning bir qismini javobsiz qoldirdi.

«Dislokatsiya masalasiga keladigan bo‘lsak, o‘zlaringiz 2021 yilda bo‘lgan holatlardan xabardorsiz. Lekin bu inspektor nazoratsiz qoladi degani emas. Hozirgi kunda inpektorlarning hammasi bodi-kamera bilan ta’minlangan. Bundan tashqari, ularning qo‘llarida planshet bor. Bu ikkita moslama orqali xodimning qayerda, soat nechada qayerda bo‘lgani to‘liq nazorat ostiga olingan», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu jarayon situatsion markazlar orqali nazorat qilinadi.

Bungacha Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 1 dekabrdagi [975-son] qaroriga asosan, haydovchining transporti to‘xtatilganida, u YPX xodimning dislokatsiya ko‘chirmasi bilan joyning o‘zida tanishishi mumkin edi.

Hukumatning 12 apreldagi qaroriga ko‘ra, endilikda haydovchilar dislokatsiya ko‘chirmasi bilan faqat xodim xizmat qilayotgan Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati bo‘limida tanishishi mumkin. U yozma ravishda beriladi.

YPX xodimiga dislokatsiya bilan o‘ziga yuklangan hududdan tashqarida qoida buzganlik uchun ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomalarni ro‘yxatdan o‘tkazishi taqiqlanadi (ba’zi istisnolardan tashqari). Agar yo‘l harakati qoidalarini buzish bayonnomasi xizmat ko‘rsatish joyida tuzilmagan bo‘lsa, hujjat yuridik kuchga ega bo‘lmaydi va u huquqiy oqibatlarga olib kelmaydi. Bundan tashqari, xizmat tekshiruvi tayinlanadi, uning natijalariga ko‘ra YPX xodimining harakatlariga huquqiy baho beriladi.