AQSh xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) O‘zbekiston bo‘ylab qishloq xotin-qizlari uchun bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda ish izlashga yoki o‘z tadbirkorlik faoliyatini boshlashga ko‘maklashish maqsadida kompleks dasturni ishga tushirdi. Bu haqda AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga xabar qildi.

«Sabr» respublika ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish markazi va 13 ta ijtimoiy yo‘naltirilgan NNT bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan dastur doirasida, shuningdek, USAID tadbirkor ayollarning startap loyihalariga ko‘maklashish maqsadida uskunalar sotib olish uchun loyihalarni moliyalashtiradi.

«USAID ko‘magi qishloq xotin-qizlariga malakaliroq ishga joylashish, o‘z daromadini ko‘paytirish va jamiyat farovonligiga hissa qo‘shish imkonini beradi. Bunday tashabbuslar O‘zbekistonga ayollarning iqtisodiy huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish maqsadlariga erishishda yordamlashadi», — dedi USAIDning O‘zbekistondagi missiyasi direktori Mikaela Meredit.

«Sabr» o‘quv dasturi doirasida qishloq xotin-qizlari tadbirkorlik sohasi, jumladan, ish yuritish va moliyaviy boshqaruv, buxgalteriya hisobi va biznes-rejalashtirish asoslari, mehnat huquqlari va gender tenglikni ta’minlash kabi sohalar bo‘yicha ta’lim oladi. Maqsadli kasbiy tayyorgarlik issiqxona va tomorqa bog‘dorchiligi, asalarichilik, ipakchilik, quyonchilik va parrandachilik, an’anaviy xalq hunarmandchiligi, mehmonxona ishi, qandolatchilik, oshpazlik, sartaroshlik, buxalteriya hisobi, kompyuter savodxonligi va axborot texnologiyalari bo‘yicha amalga oshiriladi.

Dastur qamrab olgan 1000 nafar ishtirokchining kamida 30 foiziga ishga joylashish yoki startaplarini moliyalashtirish orqali yangi imkoniyatlar yaratiladi. «Sabr» markazi tanlangan bitiruvchilarga mikrokreditlar ajratadi, USAID esa biznesni ochish yoki kengaytirish uchun zarur bo‘lgan uskunalar bilan ta’minlaydi. Muvaffaqiyatli bitiruvchilar, shuningdek, stajirovka, ishga joylashish va murabbiy topish imkoniyatini qo‘lga kiritadi.

Ushbu dastur USAID tomonidan 2021 yilda ajratilgan 1 million AQSh dollar mablag‘i asosida ishga tushirilgan va O‘zbekistonning qishloq xotin-qizlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularning ishbilarmonlik ko‘nikmalarini rivojlantirish va kasbiy ta’lim, mikromoliyalash, murabbiylikka oid tadbirlar hamda ishga joylashtirish tashabbusi doirasida amalga oshirilmoqda.

Mazkur tashabbus USAIDning O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan Agrobiznesni rivojlantirish bo‘yicha besh yillik loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda. Ushbu loyiha maqsadli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bo‘yicha qiymat yaratiladigan butun zanjir bo‘yicha qo‘shimcha qiymatli yangi texnologiyalarni va boshqaruv usullarini joriy etish orqali mamlakat qishloq xo‘jaligida xususiy sektorni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlaydi. Ushbu xatti-harakatlar O‘zbekistonda qo‘shimcha qiymatli mahsulotlarni ko‘paytirish, xotin-qizlar va yoshlarni jalb qilish, ta’lim muassasalarining xususiy sektor bilan aloqalarini kengaytirish va qishloq xo‘jaligi uchun maqbul bo‘lgan siyosatni ilgari surishga yo‘naltirilgan.