Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanidagi Qoradaryo elektr ta’minoti korxonasi rahbari elektr energiyasi iste’molchisi tomonidan pichoqlandi, deya xabar qildi «Hududiy elektr tarmoqlari» kompaniyasi matbuot xizmati.

Ma’lum bo‘lishicha, tumanda faoliyat yurituvchi «Zarina fayz kelajagi» MCHJ korxonasi elektr energiyasidan 57 mln so‘mlik muddati o‘tgan qarzdorligi uchun tuman elektr ta’minoti korxonasi mas’ullari tomonidan o‘chirilgan.

Shundan so‘ng, MCHJ rahbari Qoradaryo elektr ta’minoti korxonasi rahbari Pirxon Nazarovdan elektr energiyasidan qarzdorligi mavjud bo‘lsada, tarmoqqa qayta ulab berishni talab qilgan. Korxona rahbari, o‘z navbatida, qarzdorlik to‘liq bartaraf etilgach, iste’molchi tarmoqqa qayta ulanishini ma’lum qilgan.

Korxona rahbarining asosli talabini bajarishni istamagan MCHJ rahbari kelishmovchilik davomida o‘zi bilan yonida olib kirgan pichoq bilan o‘qtalib, tuman elektr ta’minoti korxonasi rahbarining bo‘yin qismiga jarohat yetkazadi.

«Hozirda tuman elektr ta’minoti korxonasi rahbari shifoxonaga joylashtirilgan va shifokorlar nazoratida. Ahvoli qoniqarli. O‘tkazilgan tahlillar natijasida uning chap tomonlama bo‘yin old yon sohasida kesilgan jarohat borligi aniqlangan», — deyiladi xabarda.

Gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari asosida ish qo‘zg‘atilgan hamda protsessual tartibda ushlanib, qamoqqa olingan.

Qayd etilishicha, 1 apreldan viloyatda elektr energiyasidan katta miqdorda qarzdor bo‘lgan hamda turli xil yo‘llar bilan tarmoqqa noqonuniy ulanib olgan tadbirkorlik subyektlari va aholi xonadonlarini aniqlash hamda tegishli tartibda ayni qonunbuzarlik uchun jarimaga tortish yuzasidan chora-tadbirlar olib borilmoqda. Xususan, 13 kun mobaynida ishchi guruhi tomonidan viloyatda 130 dan ortiq iste’molchi elektr energiyasidan o‘g‘rincha foydalanayotgani aniqlanib, ular tomonidan yetkazilgan 1,334 mlnkVt•soat elektr energiyasi yoki 400,4 mln so‘m qayta hisoblangan.