15 apreldan aholi qo‘lida qolgan metro jetonlari amaldagi yo‘l haqi asosida Toshkent metropoliteni DUK ma’muriyati tomonidan xarid qilinadi. Bu haqda korxona matbuot xizmati xabar berdi.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil noyabridan Toshkent metropolitenida yo‘lovchilar uchun jetonlarni sotish to‘xtatilib, avtomatlashtirilgan to‘lov tizimi joriy etilgan edi.

Toshkent metropoliteni ma’muriyatining «Gazeta.uz»ga aniqliq kiritishicha, jetonlar hozirgi chipta narxida — 1400 so‘mdan sotib olinadi. Shuningdek, jetonlar faqatgina metropoliten ma’muriyati binosida sotib olinadi, kassallardan emas.

Ma’lumot uchun, «Toshkent metropoliteni» DUK binosi Toshkent shahri, Islom Karimov ko‘chasi, 16a-uyda joylashgan. Ishlash vaqti esa dushanbadan jumaga qadar, soat 9:00 dan 16:00 gacha.