Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi «Mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yil mehnat stajiga ega bo‘lgan xotin-qizlarni oliy ta’lim muassasalariga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish tartibini tasdiqlash haqida»gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qildi.

Unda mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yil ish stajiga ega bo‘lgan xotin-qizlarni oliy ta’lim muassasalariga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlash va 2022 yil 1 maydan boshlab kuchga kiritish ko‘zda tutilgan.

Shu bilan birga, quyidagilarni ham nazarda tutuvchi tartib o‘rnatiladi:

  • Alohida kvotalarni davlat oliy ta’lim muassasalari kesimida taqsimlash tartibi;
  • mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yil ish stajiga ega, lekin oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan xotin-qizlarga tavsiyanoma berish tartibi;
  • alohida test sinovlarini o‘tkazish tartibi.

Qayd etilishicha, Xotin-qizlarga tavsiyanoma Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tomonidan bir marta beriladi va tavsiyanoma berilgan kundan boshlab 3 yil muddatda amal qiladi. Bunday abituriyentlar bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga umumiy qabul parametrlaridan tashqari (tavsiyanomaga ega talabgorlar o‘rtasidagi) tanlovda ishtirok etadi.

Tegishli tavsiyanomaga ega bo‘lgan xotin-qizlar har yili oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga kirish uchun xujjatlarni topshirish muddatlarida o‘rnatilgan tartibda maxsus elektron tizim orqali ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Nizomda esa xotin-qizlar keyinchalik ushbu tizimda besh yil ishlab berish sharti bilan ish faoliyatiga mos bo‘lgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga test sinovlari natijalariga asosan amalga oshiriladi.

Mazkur tartib oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim muassasalariga, O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari hamda ularning filiallariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Tavsiyanoma olish uchun talabgor xotin-qizlar doimiy yashash yoki vaqtincha ro‘yhatda turgan joyidagi tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limlariga elektron shaklda har yili 1 maydan 1 iyunga qadar murojaat qiladi. Uning tartibi esa qo‘mita tomonidan ishlab chiqiladi.

15 iyunga qadar tavsiyanomaga ega bo‘lgan xotin-qizlar ro‘yxatlari tasdiqlanib, Davlat test markaziga, qolaversa, talabgorlarga yuboriladi.

Hukumatning mazkur qarori qabul qilinmagan, loyiha doirasida jamoatchilik muhokamasi 22 aprelga qadar davom etadi.