29 mart kuni ijtimoiy tarmoqlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumanida noma’lum ayol farzandlariga jismoniy va ruhiy tazyiq o‘tkazayotgani aks etgan video tarqaldi.

Qoraqalpog‘iston IIV Axborot xizmati ma’lum qilishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 110-moddasi 2-qismi «a,v» bandlari (qiynash voyaga yetmagan shaxsga va ojiz ahvoldaligi aybdorga ayon bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Gumonlanuvchi X.F.ga nisbatan protsessual cheklov chora belgilash masalasi ko‘rilmoqda.

Mazkur masala yuzasidan Bola huquqlari bo‘yicha vakil Aliya Yunusova ham o‘zining munosabatini bildirdi.

«Bolalarga nisbatan zo‘ravonlikni to‘xtating! Har bir bola zo‘ravonlikdan himoyalanish huquqiga ega… Biz jamiyat sifatida bu haqiqatni qabul qilmasligimiz kerak. Biz ota-onalarning farzand tarbiyasi uchun mas’uliyatini kuchaytirishimiz, bolalarni shafqatsiz muomala va zo‘ravonlikdan asrash uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishimiz lozim», — dedi u.

Uning ta’kidlashicha, vakil nafaqat kuzatadi, balki darhol vakolatli organga murojaat qilib, qanday choralar ko‘rilayotganini nazoratga ham oladi.

«E’lon qilingan videoni ko‘rishim bilanoq, bu videoni respublikamizda tashkil etilgan Bolalarni himoya qilish masalalari sho‘’basining Telegram kanaliga yubordim. Chunki ushbu organ u bolalarni himoya qilish, ota-onalarini javobgarlikka tortish, shu jumladan ularning kelajakdagi taqdiri bilan bog‘liq barcha masalalar bilan bevosita shug‘ullanadi», — dedi Aliya Yunusova.

Hozirda onaga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgani haqida ma’lumot berildi. Lekin shu bilan birga, hech narsa ota-onalar tomonidan bolalarga nisbatan zo‘ravonlikni oqlay olmaydi, degan fikrda vakil.

«Ota-onalarning turmush sharoitining og‘irligi, qashshoq va kambag‘alligi, ularning spirtli ichimliklarni iste’mol qilishi va o‘z farzandlarini tashlab ketishi hamda migratsiyasi bolalarning qarovsizligi, tahqirlanishi yoki ekspluatatsiyasi xavfini oshiradi. Bolalar zo‘ravonlik holatlari haqida gapirmaydilar va shuning uchun kamdan-kam hollarda kerakli yordamni olishadi», — dedi Bola ombudsmani.

Shu o‘rinda Davlat organlari va boshqa tashkilotlar, shuningdek fuqarolar bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar xususiyatidan kelib chiqib mas’ul organlarni (prokuratura, ichki ishlar, sog‘liqni saqlash, ta’limni boshqarish, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish, Bola huquqlari bo‘yicha vakil, Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya, Bolalarni himoya qilish masalalari sho‘’basi va boshqa shu kabi) zudlik bilan xabardor qilishlari lozim.

Qayd etilishicha, bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilishi va tarqatilishi hamda OAVlarda e’lon qilinishidan oldin mas’ul organlarga xabar berilishi maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Chunki bolalar mavzusining OAVlarda yoritishning o‘ziga xos etikasi va qonun-qoidalari, talablari bor. Jabrlangan bolalarni tanish mumkin bo‘lgan ma’lumotlar berilmasligi kerak, deyiladi munosabatda.