Hafta davomida havo harorati yanada isiydi. Bu haqda O‘zgidromet haftalik ob-havo prognozini ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, dushanba kuni respublika hududining katta qismida havo bulutli, quruq va iliq bo‘ladi. Faqat Qoraqalpog‘istonda va Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarida ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

Respublika bo‘yicha shamol tezligi 17−22 m/s gacha kuchayadi, ayrim joylarda chang to‘zon bilan kuzatiladi. Buxoro, Navoiy, Jizzax, Surxondaryo viloyatlarida esa shamol tezligi 25−28 m/s gacha kuchayishi mumkin. Havo harorati kunning o‘rtasiga kelib, +24…+29 darajani tashkil etadi.

Toshkent viloyatida kechasi va ertaga ertalab, tog‘ oldi va tog‘li hududlarda kunning birinchi yarmida momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi. Qolgan hududlarda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Havo harorati kechasi +14…+19 daraja, kunduzi +24…+29 darajada bo‘ladi.

13−15 aprel kunlarida O‘zbekiston hududiga Turkmaniston hududlaridan issiq havo kirib kelishi boshlanadi. Ushbu davrda yog‘ingarchilik kutilmaydi.

Hafta oxiriga kelib, harorat me’yoriy qiymatlardan 6−8 darajaga yuqori bo‘ladi va kechalari +14…+19 daraja, kunduz kunlari +30…+35 daraja atrofida bo‘ladi.