Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson 9 aprel kuni e’lon qilinmagan tashrif bilan Ukrainaga keldi va u yerda prezident Vladimir Zelenskiy bilan uchrashdi. Buyuk Britaniya bosh vaziri Kiyevga Polshadan poyezdda yetib keldi.Muzokaralardan so‘ng Zelenskiy va Jonson Kiyev markazini aylanib chiqishdi. Ukraina prezidenti devonining xabarida ular kutilmagan sovg‘alar olgani aytiladi: «O‘tkinchi shaxs prezident va Britaniya hukumati rahbariga yaqinlashib, sopol xo‘rozlar sovg‘a qildi. Prokop Bidasyuk ijodiga mansub mazkur xo‘roz Kiyev viloyati, Borodyanka qishlog‘ida rus qo‘shinlari tomonidan vayron qilingan ko‘p qavatli binoda omon qolgan oshxona javonida turardi. Bu javondagi xo‘roz surati internetda mashhur bo‘lib, ukrain xalqining qat’iyati ramziga aylandi».

Uchrashuv yakunida Boris Jonson Buyuk Britaniya «Ukrainaning Rossiyaning shafqatsiz va asossiz bosqiniga qarshi dadil kurashini qo‘llab-quvvatlash hamda uning uzoq muddatli xavfsizligi va farovonligini ta’minlash uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilishini» tasdiqladi.

Buyuk Britaniya, xususan, Ukrainaga 100 mln funt sterlinglik yuqori aniqlikda boshqariladigan harbiy texnika, jumladan Starstreak zenit-raketalari, 800 ta tankka qarshi raketalar va yuqori aniqlikda boshqariladigan o‘q-dorilarni, shuningdek, tungi ko‘rish skunalari, tana zirhlari va shlemlarni topshirishni rejalashtirmoqda.

Boris Jonson shuningdek, Kiyevga qo‘shimcha 120 ta zirhli texnika va yangi kemaga qarshi raketa tizimlarini yuborishga va’da berdi. Shuningdek, Kiyev Jahon bankidan qo‘shimcha 500 mln dollarlik kredit kafolati oladi.

Buyuk Britaniya bosh vaziri, shuningdek, uning mamlakati hamkorlar bilan birgalikda aktivlarni muzlatish va oligarxlarga qarshi sanksiyalar bilan cheklanib qolmasdan, har hafta iqtisodiy bosimni kuchaytirib, Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishini aytdi.