Fransiyaning amaldagi prezidenti Emmanuel Makron 10 aprel kuni bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovining birinchi turida 27,6 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi, deya xabar qildi Le Monde nashri.

Ikkinchi o‘rinni esa 23,41 foiz ovoz bilan o‘ta o‘ngchi «Milliy birlik» partiyasi nomzodi Marin le Pen egalladi. Prezidentlik poygasida uchinchi o‘rinni 21,95 foiz ovoz bilan chap qanot «Bo‘ysunmas Fransiya» partiyasi vakili Jan-Lyuk Melenshon egalladi.

Prezidentlik poygasida jami 12 ta partiya ishtirok etdi. DW xabariga ko‘ra, an’anaviy partiyalar — sotsialist va konservatorlar vakillari tarixiy muvaffaqiyatsizlikka duch kelishdi. Fransiya sotsialistik partiyasi vakili bo‘lgan Parij meri Ann Idalgo 1,7 foiz, o‘ng markazchi Respublikachilar partiyasidan nomzod Valeri Pekress 4,75 foiz ovoz olgan.

Sotsiologlar bashorat qilganidek, saylovning birinchi bosqichida saylovchilarning faolligi nisbatan past bo‘ldi. Soat 17:00 da 65 foiz saylovchi ovoz berdi, bu 2017 yildagi saylovga nisbatan deyarli to‘rt yarim foizga (69,42 foiz), 2012 yildagidan (70,59 foiz) besh yarim foizga kam.

Prezident siyosati tanqidchilari Fransiya aholisi Makronning energiya narxi oshishi va inflyatsiya fonida olib borayotgan iqtisodiy siyosatidan norozi ekaniga ishora qilmoqda. Shuningdek, Makronning markazchi «Olg‘a, Respublika!» partiyasi 2021 yil yozida bo‘lib o‘tgan mintaqaviy saylovlarda mag‘lubiyatga uchradi va iyun oyida bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlarida ham ovozlarni yo‘qotishi mumkin.

Marin le Pen esa Rossiyaning Ukrainaga nisbatan tashqi siyosatiga yumshoq baho berish va Vladimir Putinning Qrimdagi siyosatini qo‘llab-quvvatlashda ayblanmoqda.

24 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovining ikkinchi turida Emmanuel Makron va Marin Le Pen ishtirok etadi.