Prezidentning 8 apreldagi «Tadbirkorlik muhitini yaxshilash va xususiy sektorni rivojlantirish orqali barqaror iqtisodiy o‘sish uchun shart-sharoitlar yaratish borasidagi navbatdagi islohotlar to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi. Bunday korxonalar tomonidan asosiy faoliyat bilan bog‘liq bo‘lmagan qo‘shimcha faoliyatni amalga oshirishga taqiqlar joriy etilmoqda.

Jumladan, prezidenti va hukumati qarorlarida nazarda tutilmagan bo‘lsa, asosiy faoliyatiga xos bo‘lmagan yangi ko‘chmas mulk obyektlarini sotib olish yoki qurish taqiqlanadi.

Ularga shuningdek, raqobat rivojlangan sohada asosiy faoliyatidan tashqari qo‘shimcha faoliyat bilan shug‘ullanish, qolaversa, asosiy faoliyatiga xos bo‘lmagan xo‘jalik jamiyatlari ustav kapitalida ishtirok etish yoki undagi ulushni sotib olish taqiqlanmoqda.

Davlat ishtirokidagi korxonalar tomonidan asosiy faoliyatiga xos bo‘lgan yangi ko‘chmas mulk obyektlarini sotib olish yoki qurish hamda xo‘jalik jamiyatlari ustav kapitalidagi ulushni sotib olish, shuningdek, asosiy faoliyatidan tashqari qo‘shimcha faoliyat bilan shug‘ullanish kuzatuv kengashi qaroriga asosan amalga oshiriladi.

Kvazifiskal xarajatlar ustidan nazorat

Farmon bilan davlat ishtirokidagi korxonalarning homiylikka sarflanadigan har yilgi xarajatlari o‘tgan yilda olingan sof foydaning 3 foizidan oshmasligi kerak hamda bu xarajatlar ular biznes-rejasining o‘tgan hisobot davridagi sof foydaga taalluqli qismi ko‘rsatkichlari bajarilganda amalga oshiriladi (bundan prezidenti va hukumati qarorlarida nazarda tutilgan hollar mustasno).

Davlat ishtirokidagi korxonalar va davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan tijorat banklari tomonidan mulkni begonalashtirish, uni sotish shakli va mexanizmi, davlat ishtirokidagi korxonalar va ularning tarkibidagi korxonalar ustav kapitaliga uchinchi shaxslar tomonidan investitsiya kiritish bo‘yicha kelishuvlari (bitim, shartnoma, memorandum va boshqalar) majburiy tarzda ushbu korxonalar kuzatuv kengashi bilan kelishilgandan keyin tuziladi.

Davlat soliq xizmati organlariga xo‘jalik jamiyatlarida davlat ulushi bo‘yicha dividendlar miqdorini belgilashda moliyaviy natijaning to‘g‘ri shakllantirilishi ustidan nazorat qilish vazifasi yuklatildi.

Davlat ulushi bo‘lgan korxonalarda boshqaruv shartlarini cheklash

Davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari va davlat unitar korxonalari boshqaruv organlarining faoliyati samaradorligini, mas’uliyati va javobgarligini oshirish maqsadida 1 apreldan keyin ijro organi rahbari sifatida tayinlangan (qayta tayinlangan) shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq ijro organi rahbari bo‘lishi mumkin emas.

1 maydan boshlab kuzatuv kengashi a’zolaridan iborat Strategiya va investitsiyalar qo‘mitasi, Audit qo‘mitasi, Tayinlovlar va haq to‘lash qo‘mitasi, Korrupsiyaga qarshi kurashish va etika qo‘mitasi tashkil etiladi.

Kompaniya Kuzatuv kengashi a’zolari faoliyatini baholash

Kuzatuv kengashi tarkibiga davlat ulushi bo‘yicha saylangan a’zolar faoliyati korxonada transformatsiya jarayonlarini samarali tashkil etish, korxonaning tashqi qarzlarini optimallashtirish, zamonaviy xarid tizimini joriy etish, ushbu farmonda nazarda tutilgan talablarni bajarish, investitsiya loyihalarini moliyalashtirishga muqobil mablag‘larni jalb etish kabi mezonlar asosida baholanadi.

1 iyuldan boshlab, davlat ishtirokidagi korxonalar kuzatuv kengashi a’zolarini rag‘batlantirish va ijro organi a’zolari mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha yagona rag‘batlantirish siyosati joriy etiladi. Bunda, ijro organi a’zolariga oylik ish haqi va yil yakunlari bo‘yicha bir yo‘la to‘lanadigan mukofot to‘lovlardan tashqari har qanday qo‘shimcha to‘lov turlari bekor qilinadi.

Kuzatuv kengashlari ishini bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligidagi muvofiqlashtiruvchi ishchi guruh nazorat qiladi.

Bir qator aksiyadorlik jamiyatlarini transformatsiya qilish

Farmon ilovasida keltirilgan (hozircha e’lon qilinmagan) aksiyadorlik jamiyatlarida transformatsiya va xususiylashtirish jarayonlarini samarali tashkil etishga qaratilgan maxsus boshqaruv tizimi joriy etiladi.

Bunda jamiyat kuzatuv kengashining Strategiya va investitsiyalar qo‘mitasi raisi uning mustaqil a’zolari orasidan tayinlanadi va mazkur qo‘mitaga korxonaning transformatsiya va xususiylashtirish jarayonlarini doimiy boshqarish vazifalari yuklatiladi.

Jamiyat ijro organi rahbarining transformatsiya masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimi joriy etiladi va unga bo‘ysunadigan loyiha ofisi tashkil etiladi.

Ijro organi rahbarining transformatsiya masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosariga ijro organining barcha rahbar o‘rinbosarlari va tarkibiy bo‘linmalar transformatsiyaga tegishli masalalar bo‘yicha hisobdor bo‘ladi.

Jamiyat ijro organi rahbarining transformatsiya masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari va loyiha ofisining xarajatlar smetasi kuzatuv kengashi tomonidan alohida tasdiqlanadi.

Jamiyat kuzatuv kengashi tomonidan ijro organi rahbariga xususiylashtirish jarayonlarini, shu jumladan, aksiyalarni ommaviy joylashtirishni (IPO) sifatli va belgilangan muddatlarda amalga oshirganligi uchun alohida mukofot (mazkur Farmonning 16-bandida ko‘zda tutilgan rag‘batlantirishdan tashqari) yoki amalga oshirmaganlik uchun javobgarlik choralari belgilanadi.