1 avgustga qadar xalqaro moliya institutlari bilan birgalikda jamoat transporti faoliyatiga xususiy sektorni, jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida loyihalarni amalga oshirishga jalb etish yuzasidan takliflar ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.

Bu prezidentning 8 apreldagi xususiy sektorni rivojlantirish orqali barqaror iqtisodiy o‘sish uchun shart-sharoitlar yaratish borasidagi navbatdagi islohotlar to‘g‘risidagi farmonida qayd etilgan.

Topshiriq Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Transport vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga berildi. Takliflar prezident tomonidan fevralda tasdiqlangan Toshkent shahar jamoat transporti tizimini 2025 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi doirasida ishlab chiqilishi lozim.

Vazirlar Mahkamasiga 1 dekabrga qadar Toshkent shahri misolida Nukus shahri va barcha viloyatlar markazlarida jamoat transporti infratuzilmasini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqib, joriy etishni boshlash vazifasi yuklatildi.

Yil boshida Toshkent Transport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Jurayev yangi moliyalashtirish tizimi (pool system) doirasida xususiy sektorni poytaxtda jamoat transportiga jalb qilish rejalari haqida ma’lum qilgandi. Unda yo‘nalishlar bo‘yicha bajarilgan ishlarning haqiqiy miqdori (bosib o‘tilgan masofa va tashilgan yo‘lovchilar soni) hamda sifat ko‘rsatkichlari hisobga olinadi.

Tizimning manbai yo‘lovchilarni tashishdan olinadigan daromad, mahalliy budjet parametrlarida yo‘lovchilarni chegara tariflari bo‘yicha tashishdan ularning zararlarini qoplash uchun nazarda tutilgan mablag‘lar, shuningdek, bepul harakatlanish qilish huquqiga ega yo‘lovchilarni tashish uchun ajratilgan mablag‘lar bo‘ladi. Buning natijasida jamoat transportida xususiy mulkdorlarning ulushi 2025 yilga borib 30 foizga o‘sishi kerak, deya ta’kidladi u.

Yuqorida qayd etilgan konsepsiyaga ko‘ra, 2023 yil 1 yanvardan boshlab poytaxtda yangi moliyalashtirish tizimini bosqichma-bosqich amalga oshirishni boshlash rejalashtirilgan.

Yanvar oyida prezident Transport vazirligi va Toshkent shahar hokimiyatiga jamoat transportidan foydalanish darajasini ikki barobarga oshirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. 2025 yilga qadar poytaxt uchun 1063 ta avtobus va elektrobus xarid qilish rejalashtirilmoqda.

«Rivojlangan davlatlarda 50% aholi jamoat transportidan foydalanadi, bizda esa — 21%. Toshkent aholisi norozi», — deya ta’kidlagandi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, u Toshkent jamoat transporti 2021 yilni 150 milliard so‘mlik zarar bilan yakunlaganini aytgandi. Qolaversa, davlat rahbari hech qaysi rivojlangan mamlakat jamoat transportida boshqa xizmatlar rivojlanishi, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik, masofalarning qisqarishi evaziga zarar bilan ishlamasligini qayd etgandi.

Rivojlangan transport tizimiga ega bo‘lgan ko‘plab shaharlarda, shu jumladan Berlin, Parij, Varshava va Madridda jamoat transporti budjetdan subsidiyalanadi.