Ukrainaning Kramatorsk vokzalida raketa hujumi uyushtirildi. Bu haqda Donetsk viloyati ma’muriyati rahbari Pavel Kirilenko Facebook sahifasida ma’lum qildi.

«Raketa hujumi vaqtida stansiyada minglab odamlar bo‘lgan, chunki Donbass aholisi Ukrainaning xavfsiz hududlariga evakuatsiya qilinmoqda», — deb yozdi u.

Uning fikricha, rus qo‘shinlari qayerga mo‘ljalga olayotganlarini yaxshi bilishgan. «Ular imkon qadar ko‘proq tinch aholini garovga olmoqchi», — deya ta’kidladi viloyat rahbari.

Keyinroq Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ham raketa hujumi haqidagi ma’lumotni tasdiqladi.

«Bosqinchilar „Tochka-U“ (taktik raketa majmuasi — tahr.) bilan Kramatorsk temir yo‘l vokzaliga zarba berishdi, u yerda minglab tinch aholi evakuatsiya qilinishini kutayotgan edi… 30 ga yaqin odam halok bo‘ldi, 100 ga yaqin kishi turli darajadagi og‘irlikdagi jarohatlar oldi», — dedi Ukraina prezidenti bayonotida.

Vladimir Zelenskiy, shuningdek, rus tilida «Bolalar uchun» yozuvi ko‘rinadigan raketa parchasi videosini ham yukladi.

«RIA Novosti» Kramatorskdan olingan lavhalarni chop etib, o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan Donetsk Xalq Respublikasi hududiy mudofaa shtabiga tayanib, zarba Ukraina xavfsizlik kuchlari tomonidan «Tochki-U» raketasi bilan amalga oshirilganini ma’lum qildi.

«Kramatorskdagi mahalliy aholi evakuatsiya qilinayotgan temir yo‘l vokzali hududiga raketa zarbasi berildi. „Tochka-U“ raketasi parchalari temir yo‘l vokzaliga yaqin joyga qulagan. Ushbu eskirgan Sovet raketa tizimi DXR, LXR va Rossiya Federatsiyasida xizmat ko‘rsatmaydi. Undan ukrainalik jangarilar faol foydalanmoqda», — deyiladi xabarda.

Keyinroq Rossiya Mudofaa vazirligi ham Kramatorsk temir yo‘l vokzaliga uyushtirilgan raketa zarbasi RF qo‘shinlari tomonidan amalga oshirilganini rad etib chiqdi.

«8 aprel kuni Rossiya qurolli kuchlarida Kramatorsk shahriga hech qanday o‘t ochish vazifasi bo‘lmagan va rejalashtirilmagan», — deyiladi rasmiy bayonotda.

Mudofaa vazirligi yana bir bor parchalari Kramatorsk temir yo‘l vokzali yaqinida aniqlangan «Tochka-U» taktik raketasi faqatgina ukrain qurolli kuchlari tomonidan qo‘llanilishini ta’kidladi.

«Gazeta.uz» rasmiy va ishonchli axborot manbalaridan foydalanadi. Harbiy harakatlar sharoitida esa nizoning turli tomonlari tarqatayotgan ma’lumotlarni zudlik bilan tekshirish imkoniyati har doim ham bo‘lavermaydi.