Prezident «Tashqi savdo faoliyati ishtirokchilarini qo‘llab- quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonga imzo chekdi. Hujjat O‘zAda e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, 2022 yil 1 apreldan boshlab 2023 yil 1 aprelga qadar quyidagilarga subsidiyalar ajratiladi:

  • mahalliy korxonalar (ularning vakolatli vakillari)ga Yevropa Ittifoqi davlatlariga yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni eksport qilishda tashish xarajatlarini 70 foizgacha miqdorda kompensatsiya qilishga;
  • qo‘shni davlatlarga eksport qilingan yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlarni tashish xarajatlarini 50 foizgacha miqdorda kompensatsiya qilishga.

Shuningdek, 1 apreldan muvofiqlikni baholash organlarini xalqaro ILAC/IAF tashkilotlari a’zosi hisoblangan akkreditatsiya idorasi tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan qoplab beriladi.

Qolaversa, ushbu sanadan tadbirkorlik subyektlari tomonidan tovarlar (maxsus turdagi tovarlardan tashqari), ishlar va xizmatlar eksportini shartnoma tuzmasdan hisobvaraq-fakturalar (invoyslar) asosida amalga oshirishda talab etiladigan oldindan to‘lov miqdori 100 foizdan 50 foizga kamaytiriladi.

Ikki hafta muddatda eksport qilishda tashish xarajatlarini kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etiladigan yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ro‘yxatini tasdiqlanadi va u Eksport qiluvchilarni qo‘llab-quvvatlashning yagona portalida (www.exportportali.uz) e’lon qilinadi. Bu borada tegishli topshiriq Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi raisi Sardor Umurzakov zimmasiga yuklatildi.

Hukumat komissiyasiga mahalliy eksportchi korxonalarning murojaatlariga asosan eksportoldi va eksport bilan bog‘liq savdo operatsiyalarini moliyalashtirish uchun Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ajratilgan kreditlarni qaytarish muddatini yana olti oygacha uzaytirish vakolati ham berildi.

Bunda, ushbu kreditlarni qaytarish muddatining o‘zgartirilishi Markaziy bank tomonidan kredit shartlari qayta ko‘rib chiqilgan aktivlar sifatida hisoblanmasligi belgilab qo‘yildi.

«Bojxona ombori» rejimida 6 oydan ko‘p bo‘lgan tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvida bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlarni qo‘llashni taqiqlovchi tartib bekor qilinmoqda.