O‘zbekiston Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi «Gazeta.uz»da chop etilgan „Intellektual mulk himoyasi nihoyatda past“. Kompaniya rahbarlari — brendlarning soxtalashtirilishi» sarlavhali maqolasiga (rus tilida) javob qaytardi.

Eslatib o‘tamiz, maqolada yirik kompaniyalar vakillari o‘z brendlarini qalbakilashtirishdan, biznesini esa obro‘sini yo‘qotishdan himoya qila oladimi yoki yo‘qmi, mamlakat bozoriga qalbaki mahsulotlar kirib kelishiga qanday chora-tadbirlar qalqon bo‘lishi kerakligi haqida nashrimizga aytib o‘tgan edi.

Agentlik kontrafakt mahsulotlarning tarqalishiga qarshi tanqidiy fikr bildirgan brend egalariga o‘z minnatdorchiligini bildirdi va o‘z navbatida, bu borada rasmiy nuqtai nazarini bildirdi. Agentlik javobi e’tiboringizga to‘liq holda havola etilmoqda.


Xabaringiz bor, O‘zbekiston prezidentining PQ-4965-son qaroriga (keyingi o‘rinlarda — qaror) asosan intellektual mulk sohasida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish va amalga oshirilayotgan ishlarning manzilliligini ta’minlash maqsadida agentlikning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida Intellektual mulk himoyasi markazlari tashkil etildi. Hozirgi kunda ushbu markazlar xodimlari tomonidan muntazam ravishda respublikamizda joylashgan bozorlar, yirik savdo majmualari va ko‘chma savdo nuqtalarida kontrafakt mahsulotlar ishlab chiqarilishi va sotilishiga qarshi kurashish bo‘yicha profilaktika tadbirlari olib borilishi yo‘lga qo‘yildi.

Jumladan, 2022 yilning birinchi choragida respublikamizda joylashgan bozorlar, yirik savdo majmualari va savdo do‘konlarida kontrafakt mahsulotlarning tarqalishini oldini olish bo‘yicha 66 ta profilaktika kuzatuv tadbirlari o‘tkazildi. Mazkur profilaktika kuzatuv tadbirlari davomida 1000 dan ortiq kontrafakt mahsulotlarning turlari aniqlandi. Jumladan, respublikamizda faoliyat yuritayotgan 16601 ta dorixonlarning deyarli barchasida 500 dan ortiq kontrafakt dori vositalarining turlari sotilayotganligi aniqlandi. Birgina 2022 yilning yanvar-mart oylari davomida kontrafakt mahsulotlarni ishlab chiqargan va sotgan shaxslarga nisbatan huquqbuzarlik holatidan kelib chiqib, 568 tasiga ogohnoma, 127 tasiga taqdimnoma, 27 tasiga ma’muriy huquqbuzalik to‘g‘risida bayonnomalar rasmiylashtirildi va ularni 11 tasiga tegishli sudlar tomonidan qanoatlantirilib, huquqbuzarlarga nisbatan jarima jazolari belgilandi.

Xususan, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan «Kraft Fuds Rus» (Rossiya) mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tegishli «Alpen Gold» jamlama tovar belgili mahsulotining «Aybon Gold» nomli kontrafakt nusxasi «M/E» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan ishlab chiqarilayotganligi holati bo‘yicha jamiyat rahbari agentlikka chaqirtirilgan holda tushuntirish va ogohlantirish yo‘li bilan kontrafakt mahsulot ishlab chiqarilishining to‘xtatilishiga erishildi.

Shuningdek, mazkur tadbirlar jarayonida 300 dan ortiq ishlab chiqaruvchisi noma’lum bo‘lgan soxta mahsulotlar ham aniqlandi. Jumladan, Germaniyaning «Knauf Gips KG» kompaniyasiga tegishli «Knauf» tovar belgili mahsulotining «Knay» nomli kontrafakt nusxalari, Germaniyaning «Adidas AG» kompaniyasiga tegishli «adidas» tovar belgili mahsulotining «abibas» kabi kontrafakt nusxalari aniqlanib, ishlab chiqaruvchisini topish va chora ko‘rish uchun «xufyona iqtisodiyot» shakllanishining holatlarini aniqlash bo‘yicha choralar ko‘rish, yashirin ishlab chiqarish, kontrafakt mahsulotlarni realizatsiyasiga chek qo‘yish bo‘yicha vakolatli davlat organi — O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga taqdim etildi.
Bundan tashqari, respublikamiz shaharlarida joylashgan xizmat ko‘rsatish obyektlarida 50 dan ortiq firma nomlari va xizmat ko‘rsatish belgilaridan huquq egasining roziligisiz foydalanayotganligi holatlari aniqlanib, tashkilot rahbarlariga nisbatan agentlik tomonidan intellektual mulk sohasida aniqlangan qonun buzilishlari, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish haqida ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritilib, xizmat ko‘rsatish belgilari xizmat ko‘rsatish obyektlari peshtaxtalaridan olib tashlandi.

Jumladan, Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahridagi xizmat ko‘rsatish obyektlarida AQShning «Kentucky Fried Chicken International Holdings LLC» kompaniyasiga tegishli bo‘lgan «KFC» so‘z ko‘rinishidagi xizmat ko‘rsatish belgisiga o‘xshash bo‘lgan «KFC» so‘zidan, shuningdek «KNAUF GIPS BUXARA» XKga tegish firma nomidan Namangan viloyatida «KNAUF ROTBAND» nomli firma tomonidan huquq egasining roziligisiz foydalanib kelayotganligi holatlari aniqlanib, agentlikning taqdimnomasini kiritish orqali huquqbuzarliklar bartaraf qilindi.

Shu bilan birga, kontrafakt mahsulotlarning insonlar sog‘lig‘iga jiddiy ziyon yetkazishi mumkinligi, kontrafaktdan halol tadbirkorlik faoliyatini olib borayotgan tadbirkorlarning jiddiy ziyon ko‘rishi, shuningdek, kontrafakt mahsulot ishlab chiqarganlik uchun qonunchilikda belgilangan javobgarlik choralari to‘g‘risida respublikamizdagi joylashgan markaziy bozorlar, savdo majmualarida radiouzellar orqali doimiy ravishda savdogar va xaridorlarga tushuntirish ishlarini olib borish yo‘lga qo‘yildi.

Shuningdek, agentlik tomonidan kuzatuv profilaktika tadbirlarida aniqlangan kontrafakt mahsulotlarning katalogi yaratildi. Ushbu katalogda har bir soha (oziq-ovqat, dori-darmon, parfyumeriya va boshqalar) bo‘yicha kontrafakt tovarlarning ma’lumotlari aks etib, bunda iste’molchiga mazkur katalog orqali qaysi mahsulot kontrafakt yoki kontrafakt emasligini aniqlash imkoni yaratilgan.


Ushbu katalog hozirgi kunga qadar butun respublika hududida joylashgan bozorlar, yirik savdo majmualari, ko‘chma savdo nuqtalari va dorixonalarga 10 ming nusxada tarqatildi. Shuningdek, katalogni tarqatish bilan birga har bir mahsulot sotuvchi (tadbirkor)ga mazkur katalogdagi kontrafakt mahsulotlarni sotmasligi hamda uning zararli oqibatlari, uni sotish natijasida iste’molchilarning sog‘lig‘iga jiddiy zarar yetganda sotuvchi ham javobgarlikka tortilishi mumkinligi haqida ogohlantirishlar berildi.

Hozirda agentlik tomonidan kontrafaktli va kontrafaktsiz hudud loyihalari ham amalga oshirilmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad har bir savdo faoliyati bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlik subyekti agentlik tomonidan taqdim etilgan kontrafakt mahsulotlar katalogiga muvofiq kontrafakt mahsulotlarni sotishni to‘xtatsa, kontrafaktsiz hududga kiritiladi hamda mazkur tadbirkorga maxsus stiker taqdim etiladi, aksi bo‘lsa kontrafaktli hududga kiritiladi. Albatta, bu har ikki holat hususiyatidan kelib chiqib, tadbirkorlarning savdo imidjiga ijobiy yoki salbiy ta’sir ko‘rsatadi. O‘z o‘rnida har bir iste’molchi ham qaysi hududda kontrafakt mahsulotlar sotilishi yoki sotilmasligi haqida ma’lumotlarga ega bo‘ladi va ongli ravishda erkin tanlov qiladi.

Darhaqiqat, so‘nggi yillarda intellektual mulk sohasi bilan bog‘liq nizolar oshib bormoqda. Bu holat agentlik tomonidan olib borilayotgan aholining intellektual mulk huquqi sohasidagi huquqiy ong va huquqiy madaniyatini oshirish bo‘yicha targ‘ibot va tashviqot ishlarining natijasi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bunga misol tariqasida Adliya vazirligining Apellyatsiya kengashi tomonidan (intellektual mulk sohasidagi nizolarni ko‘rib chiquvchi sudgacha organ) 2021 yil davomida 117 ta ish hujjatlari ko‘rib chiqilgan. Ulardan 109 tasi tovar belgisi, 4 tasi ixtiro, 2 tasi sanoat namunasi va 2 tasi seleksiya yutuqlari bo‘yicha. 2022 yil mart oyigacha Apellyatsiya kengashi tomonidan 32 ta ish hujjatlari ko‘rib chiqilgan. Ulardan 28 tasi tovar belgisi, 1 tasi ixtiro, 2 tasi sanoat namunasi va 1 tasi foydali model bo‘yicha apellyatsiya ishlaridir. Bu esa, o‘z navbatida intellektual mulk huquqining nufuzi va huquq egalarining huquqiy ongi oshayotganidan dalolat beradi.

Shuni tan olishimiz kerakki, mamlakatimizda intellektual mulk huquqining davlat tomonidan himoya qilinishi rivojlangan davlatlarniki kabi yuqori darajada emas.
Bunga sabablar:

  • yillar davomida intellektual mulk huquqi sohasiga jiddiy e’tibor qaratilmaganligi natijasida aholining mazkur sohada huquqiy ongi va huquqiy madaniyati yetarli darajada shakllanmaganligi;
  • davlat organlarining intellektual mulk himoyasi sohasidagi vazifalari aniq belgilab berilmaganligi natijasida intellektual mulk himoyasi sohasidagi ishlarning o‘zaro sansalorlikka yuz tutishi;
  • intellektual mulk sohasi bo‘yicha vakolatli davlat organlarining intellektual mulk himoyasi sohasida vazifalaridan kelib chiqib tegishli qonunchilik hujjatlarini takomillashtirmaganligi natijasida eskirgan qonunchilik normalari bugungi kundagi innovatsiyalashgan muhitni qamrab ololmasligi;
  • sudlar tomonidan intellektual mulk huquqi sohasiga oid huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqilishida sudyalarning sohaga oid yetarli bilim va kunikmalarga ega emasligi natijasida ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni asossiz rad etilishi yoki juda kam miqdorda jarima qo‘llanishi;
  • qonunchilikda intellektual mulk huquqi sohasiga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun jarima jazosining miqdori kamligi natijasida huquqbuzarlarning intellektual mulk huquqi sohasiga oid huquqbuzarliklarni takror sodir etishdan cho‘chimasligi;
  • aholining iste’moli va foydalanishi uchun zarur bo‘lgan mahsulotlarga davlat tomonidan ishlab chiqarilishiga ro‘xsat berilishida intellektual mulk huquqlariga rioya qilinishi mexanizmi qonunchilikda belgilanmaganligi;
  • tovar belgisidan qonunga xilof ravishda foydalanayotgan shaxs, tayyorlab qo‘yilgan tovar belgisi tasvirlarini yo‘q qilishi, qonunga xilof ravishda foydalanayotgan tovar belgisini yoki almashtirib yuborish darajasida unga o‘xshash bo‘lgan belgini tovardan yoki uning idishi va o‘rovidan yo‘qotishi shart yoki tegishli tovar yo‘q qilib tashlanishi lozimligi O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 1107-moddasi belgilab qo‘yilgan bo‘lsada, biroq uning amaliyotda ishlash mexanizmi yaratilmaganli kabi holatlardir.

Yuqoridagi mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish hamda kelajakda intellektual mulk sohasini yanada takomillashtirish maqsadida agentlik va sohasdagi mutassadi vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda quyidagilarni nazarda tutuvchi:

— mamlakatimiz hududiga kontrafakt mahsulotlar kirib kelishini va uni realizatsiyasini oldini olish yuzasidan davlat bojxona xizmat organlari vakolatini kuchaytirish;

— sertifaktlashtiruvchi va ruxsat beruvchi organlar tomonidan tovar hamda mahsulotlarga tegishli ruxsatnoma berishda intellektual mulk huquqiga rioya qilish ishlarini kuchaytirish;

— intellektual mulk huquqi buzilish bo‘yicha yetkazilgan zarar o‘rnin qoplash va kontrafakt mahsulotlarni yo‘q qilish mexanizmini yaratish bo‘yicha o‘rganishlar olib borilmoqda.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlashimiz joizki, intellektual mulk sohasidagi qonunchilik normalarini takomillashtirish bilan birga intellektual mulk huquq egalarining, umuman jamiyatning huquqiy ongining oshishi intellektual mulk himoyasining yanada takomillashishiga xizmat qiladi. Jamiyatimizda hali ham intellektual mulk sohasiga oid huquqbuzarliklarga nisbatan ta’sir choralarning qo‘llanishiga nisbatan «tadbirkorlikni bo‘g‘ish», «tadbirkorlar faoliyatiga aralashish», «ijod erkinligini cheklash (kover)», «arzimagan narsa uchun jarimami?» deb baholanib, ularda norozilik kayfiyati mavjud. Vaholanki, intellektual mulk huquqlari buzilganidan norozi bo‘lib murojaat qilayotgan tomon ham tadbirkor ekanligi, intellektual mulk ham shaxsiy, moddiy mulk kabi davlat tomonidan himoyasi kafolatlanganligini hali halqimiz tushunib yetgani yo‘q. Shu bois, agentlik va uning hududiy markazlari tomonidan intellektual mulk sohasidagi huquqbuzarliklarga nisbatan keskin choralar ko‘rishdan tiyilib, bosqichma-bosqich tushuntirishlar, ogohlantirishlar berilib, eng oxirgi chora sifatida ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnomalar rasmiylashtirilmoqda.

Intellektual mulk huquq egalari o‘z huquq va majburiyatlarini anglagan holda huquqlari boshqa shaxslar tomonidan buzilganda davlat organidan tashabbus kutmay turib, o‘zlari tashabbus bilan tegishli davlat organiga murojaat qilishsa, tegishli davlat tashkilotining vazifasini lozim darajada bajarishiga hamda intellektual mulk himoyasining takomillashishiga ham hissa qo‘shgan bo‘ladi. Misol uchun, «Knauf Gips Buxoro» XKning 2020 yildagi murojaatiga muvofiq «KNAUF» firma nomidan huquq egasining ruxsatisiz foydalanib kelayotganligi holati bo‘yicha Namangan viloyatida joylashgan «KNAUF ROTBAND» MCHJ va Farg‘ona viloyatida joylashgan «KNAUF KOKAND» MCHJga Agentlikning taqdimnomasini kiritilib, huquqbuzarliklar bartaraf qilingan.

Hozirgi kunda ham «Knauf Gips Buxoro» XKning «KNAUF» tovar belgili mahsulotining kontrafakt nusxasi tarqalganlik holati bo‘yicha «Knauf Gips Buxoro"XK vakillari bilan hamkorlikda ishlar olib borilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlar orqali huquq egalari, ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar tomonidan keng ommaga havola etilgan har bir chiqish halqning huquqiy ongini oshirishga, kontrafakt mahsulotlarga qarshi kurashish bo‘yicha jamoatchilik nazoratining o‘rnatilishiga, jamiyatda intellektual mulkka nisbatan hurmat hissini shakllantirishga xizmat qiladi. Agentlik bu sohada huquq egalari, ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlarga o‘z minnatdorchiligini bildirgan holda ular tomonidan bildirilgan har qanday tanqidiy fikrlarni to‘g‘ri qabul qiladi va sohani rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikka tayyorligini ma’lum qiladi.

Zero, intellektual mulkning himoyasiga nisbatan jamoatchilik nazorati kuchaymas ekan, milliy mahsulotlarimiz dunyoning rivojlangan davlatlari mahsulotlariga nisbatan raqobatbardosh bo‘lolmaydi.