Milliy banklararo protsessing markazi (MBPM) Humo kartalaridan foydalanishda 5 aprel kuni kuzatilgan muammolarga izoh berdi.

Seshanba kuni soat 12:30 dan 13:00 gacha terminallarni Humo procyessingiga ulashda qisqa muddatli qiyinchiliklar yuzaga keldi. Soat 13:00ga kelib bu holat bartaraf etildi va Humo kartalari bilan barcha operatsiyalar qayta tiklandi.

Biroq, soat 15:00 dan keyin kartalardan mablag‘larning ikki marotaba yechib olish va muvaffaqiyatsiz tranzaksiyalar natijasida ikki marotaba yechib olishlar kuzatilgan.

«Kelajakda bu kabi xavflar va nosozlik holatlari takrorlanmasligi uchun vaziyat sabablari to‘liq aniqlanib, bartaraf etilguniga qadar Humo o‘z terminallari va to‘lov ilovalarini vaqtincha cheklash to‘g‘risida qaror qabul qilindi», — deyiladi bayonotda.

Ma’lum bo‘lishicha, hozirda mobil ilovalarning ishlashi qisman tiklangan, yaqin vaqt ichida Humoning boshqa barcha xizmatlari to‘liq hajmda ishlay boshlaydi.

MBPM yuzaga kelgan noqulayliklar uchun uzr so‘radi.