O‘zbekistonlik qilichboz Zuhriddin Qodirov 2−10 aprel kunlari Dubayda o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan qilichbozlik bo‘yicha jahon chempionatida sablya yo‘nalishida oltin medalni qo‘lga kiritdi. U mazkur sport turi bo‘yicha jahon chempioni unvoniga ega bo‘lgan birinchi o‘zbekistonlik bo‘ldi, deb xabar berdi MOQ matbuot xizmati.

Kadetlar toifasida final yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan Zuhriddin Qodirov Kanada, Misr, Vengriya, AQSh vakillarini mag‘lub etdi. Hal qiluvchi uchrashuvda o‘zbekistonlik sportchi germaniyalik raqibi Kolin Xetkokni 15:13 hisobida ortda qoldirdi. (video)

«G‘alaba tuyg‘usi juda g‘alati, bugun har bir o‘yin juda qiyin bo‘ldi. Bu natijaga erishishimga yordam bergan onam, dadam, singlim, ukam va yurtimdagi barchaga rahmat aytmoqchiman», — dedi Qodirov.

Jamoa yetakchisi Zaynab Dayibekova shamshir bo‘yicha bronza medalini qo‘lga kiritdi. Yarim finalda u AQSh vakili Magda Skarbonkevishga 15:8 hisobida imkoniyatni boy berib, yakunda turnir sovrindoriga aylandi.

Foto


Foto: MOQ va Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi.