Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Tim Torlot Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida O‘zbekistondagi so‘z erkinligi bilan bog‘liq vaziyat haqida gapirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘p jihatdan so‘z, matbuot erkinligi mamlakatdagi islohotlar jarayonining asosiy yutuqlaridan biridir.

«Biz bu intervyuni olti yil oldin qila olishimizga ishonchim komil emas. Agar qila olganimizda ham, siz boshqa savollar berar edingiz, men esa boshqacha javoblar berardim. Va bu uzoq davom etmaydi. Va bu hamma narsa qanday o‘zgarganiga chinakam ishonarli misoldir», — dedi u.

Shuningdek, Tim Torlot jonli blogosferaning paydo bo‘lishini, chinakam mustaqil ommaviy axborot vositalari, mustaqil jurnalistlar, qiziqarli onlayn-medianing (Gazeta.uz, Kun.uz, axborot agentliklari va boshqalar) paydo bo‘lishini ulkan o‘zgarish deb atadi.

«Bularning barchasi optimizmni ilhomlantiradi. Va ular chindanam muhim rol o‘ynaydi. Butun islohot jarayonida OAVlarning roli haqiqatni aytish, mamlakatda bo‘layotgan barcha yaxshi-yomon voqealarni yoritish, hokimiyatni javobgarlikka tortish, balki hukumatning xalq bilan muvaffaqiyatli muloqot qilishiga va o‘zining vazifalari haqida gapirib berishiga yordam berish, hukumat bilan haqiqiy munozaralarni rag‘batlantirishdan iborat. Shunday qilib, ko‘plab yaxshi ishlar bo‘lmoqda», — dedi u.

Elchi, shuningdek, siyosiy mahbus sifatida qamalgan jurnalistlarning ozod etilishi umid uyg‘otuvchi qadam, deb hisoblaydi.

«Ammo mamlakatda matbuot va so‘z erkinligi to‘liq mavjud deb aytib bo‘lmaydi. Ochig‘ini aytganda, bu so‘nggi bir necha yil ichida ko‘proq orqaga ketgan sohalardan biridir. Lekin ijobiy narsalar hali hali ham ko‘p, mana biz ushbu intervyuni qilyapmiz. Menimcha, hamma gap hukumatda emas. Masalan, erkin fikrlaydigan jurnalistlarga hujum qiladigan juda yoqimsiz blogosfera paydo bo‘ldi. Bu vaziyatni yaxshilamaydi», — dedi u.

Britaniya diplomatik missiyasi rahbari jurnalistlar va blogerlar unchalik gapirishni xushlamaydigan muammolar hali ham borligini aytdi.

«Biz jurnalistlarni ta’qib qilish, jumladan, jismoniy zo‘ravonlik holatlarini ko‘ryapmiz. Blogerlar har doim ham provakatsion bo‘lavermaydilar, lekin har doim blogosfera bilan birgalikda siyosiy spektrning barcha tomonlaridan keskin munosabatlar aytilgan holatlar ham paydo bo‘lib turadi», — dedi u.

Uning fikricha, qonun chiqaruvchilar «nafrat nutqi», nafrat qo‘zg‘atish, kiberbulling (tarmoqdagi bezorilik) bilan bog‘liq muammolarni hal qilishi kerak, biroq bu so‘z erkinligini cheklab qo‘yishi shart emas.

«Barchamiz uchun bu bilan kurashish oson emas. Xavfsizlik jihatidan, xususan, zo‘ravonlik ekstremizmi va OAV erkinligi o‘rtasidagi munosabatlar dunyoning istalgan mamlakatida faol va juda qiyin muhokama mavzusidir», — dedi Tim Torlot.

Elchi so‘z erkinligining optimal darajasini ham ta’riflab berdi.

«O‘ylaymanki, biz ta’qiblardan qo‘rqmay, o‘zimiz haq deb hisoblagan narsani aytishimiz, jamoat joylarida bahslashish, o‘z nuqtai nazarimizni boshqalar oldida himoya qilishimiz mumkin. Va, boshqa tomondan, rozi bo‘lmaslik huquqiga ega bo‘lishimiz. Qabul qilib bo‘lmaydigan narsa boshlanadigan chiziq bor: zo‘ravonlikka chaqirganingizda, ayniqsa, jamiyatimizning o‘zini himoya qilishga qodir bo‘lmagan qatlamlariga nisbatan nafrat uyg‘otasiz, masalan, irqiy, etnik yoki diniy adovatni qo‘zg‘atasiz», — deya tushuntirdi u. .

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil aprel oyida O‘zbekiston «Chegara bilmas muxbirlar» tashkilotining matbuot erkinligi reytingida bir pog‘ona pastlab, 180 davlat orasida 157-o‘rinni egallagandi. Indeksdagi pasayish 2018 yildan beri birinchi marta sodir bo‘ldi. Mamlakatdagi vaziyatni «qiyin» deya baholash davom etmoqda.