Vazirlar Mahkamasining 31 martdagi «Oziq-ovqat xavfsizligi va ichki bozorda narxlar barqarorligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi [147-son] qarori qabul qilindi.

Ushbu hujjat bilan dunyo bozorlarida yuzaga kelgan keskin tebranishlarning ichki bozorni oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashga salbiy ta’sirini kamaytirish, ichki bozorni bug‘doy, un va o‘simlik yog‘i mahsulotlari bilan uzluksiz va kafolatli ta’minlash maqsad qilingan.

Qaror bilan 2022 yil aprel-iyul oylarida Qozog‘iston Respublikasidan 100 ming tonna 3-sinf bug‘doyini (bir qismi un) maqbul narxlarda import qilinadi. Bu bo‘yicha Hhukumat Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Davlat zaxiralarini boshqarish qo‘mitasi, («O‘zdavzaxira» qo‘mitasi) «O‘zdonmahsulot» AK va xususiy korxonalar taklifiga rozilik bergan.

Bosh vazir o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qozog‘iston Hukumati, Qozog‘iston Respublikasining «Prodovolstvennaya kontraktnaya korporatsiya» milliy kompaniyasi aksiyadorlik jamiyati va bug‘doy (un) eksport qiluvchi boshqa korxonalari bilan O‘zbekistonga 100 ming tonna bug‘doyni (bir qismi un) maqbul narxlarda import qilish bo‘yicha kelishuvga erishishni ta’minlaydi.

Bunda, «O‘zdavzaxira» qo‘mitasi Qozog‘istonning «Prodovolstvennaya kontraktnaya korporatsiya» milliy kompaniyasi AJ va bug‘doyni eksport qiluvchi boshqa korxonalaridan bug‘doy va qisman un yetkazib berish bo‘yicha import shartnomalarini imzolaydi.

Moliya vazirligi import qilingan bug‘doy (un)ni saqlash xarajatlarini qoplashga mablag‘ ajratadi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga ichki va tashqi bozorlardagi vaziyatdan kelib chiqib, mazkur qaror doirasida ajratiladigan mablag‘lar hisobidan yana 500 ming tonna bug‘doyni import qilish zarurati yuzasidan asoslantirilgan taklif kiritish vazifasi yuklatildi.

Mazkur qaror doirasida ajratiladigan mablag‘lar «O‘zdavzaxira» qo‘mitasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri foizsiz ssuda shaklida, bug‘doy (un) va o‘simlik yog‘i import qiluvchi xususiy tadbirkorlik subyektlariga Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 7 oktabrdagi [627-son] qarorida belgilangan shartlarda ajratiladi.

Import qilingan bug‘doy (un) birja savdolari orqali sotiladi

Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 7 oktabrdagi [627-son] qarori doirasida ajratilgan imtiyozli kreditlarni qaytarish muddatini 2022 yil 31 dekabriga qadar uzaytiriladi.

Davlat soliq qo‘mitasi «O‘zdavzaxira» qo‘mitasini 2022 yil 1 apreldan boshlab QQS to‘lovchisi sifatida ro‘yxatga oladi va o‘rnatilgan tartibda QQS to‘lovchisi guvohnomasini rasmiylashtirib beradi.

Transport vazirligi va «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ 2022 yil 1 apreldan yil yakuniga qadar «O‘zdavzaxira» qo‘mitasi tomonidan import qilinadigan bug‘doy (un) va o‘simlik yog‘ini temir yo‘llar orqali tashishda 50 foizli imtiyozli tariflar qo‘llaydi.

Bundan tashqari, yuklarni vagonlardan tushirib olish muddati bo‘yicha qo‘llaniladigan tariflar (prostoy) miqdorini barcha turdagi bug‘doy importyorlariga dastlabki uch kun uchun 40 foizga pasaytiradi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilgi mavsumda jami 6,7 mln tonna bug‘doy yetishtirilgan bo‘lib, shundan 2,5 mln tonnasi respublika zaxirasiga joylashtirilgan, 4 mln tonnasi esa fermerlar va aholi ixtiyorida qolgan.

Bundan tashqari, prezidentning tegishli qaroriga muvofiq, O‘zbekistonga bug‘doy uni yoki bug‘doy-javdar unini olib kirishda bojxona boji undirilmaydi. 2021 yilda xususiy sektor tomonidan 2,8 mln tonna bug‘doy va 0,4 mln tonna un import qilingan, 1 mln tonna un qo‘shni davlatlarga (asosan Afg‘onistonga) eksport qilingan.