31 mart kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida prezident Shavkat Mirziyoyev iqtisodiy kompleks rahbarlariga makroiqtisodiy barqarorlikni saqlab qolish bo‘yicha ta’sirchan choralarni davom ettirishga ko‘rsatma berdi. Bu haqda uning matbuot kotibi xabar qildi.

Buning uchun hudud va tarmoq xarajatlarini 10 trln so‘mga (MBning 1 apreldagi kursiga ko‘ra, 877,5 mln dollar atrofida) qisqartirish talab etiladi.

Prezident yil yakuniga qadar barcha hokimlik, vazirlik va idoralarga quyidagilarni taqiqladi:

  • moliyaviy manbasi aniq bo‘lmagan qurilishlarni boshlashni;
  • bino ta’mirlash, avtomobil, mebel, ofis anjomlari xarid qilish kabi qo‘shimcha xarajatlarni amalga oshirishni.

Bosh prokuraturaga budjet tashkilotlarida ushbu xarajatlarning oldini olish ustidan tizimli nazorat o‘rnatish va viloyat kesimida har hafta prezidentga axborot berish topshirildi.

«Bu — mablag‘lar olib qo‘yiladi, degani emas. Barcha iqtisod qilingan mablag‘lar ushbu hudud va tarmoqning rivojlantirish dasturiga yo‘naltiriladi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Avvalroq, davlat rahbari mazkur yig‘ilishda hudud va tarmoqlar rahbarlariga 2022 yil 1 apreldan boshlab davlat dasturlaridan tashqari budjetdan ssuda berish va banklarga depozit qo‘yishni to‘xtatishga ham topshiriq bergandi.

Bundan tashqari, prezident uch kun muddatda shakar, un, yog‘, go‘sht, choy, bolalar ovqatlari, sut mahsulotlari kabi oziq-ovqat mahsulotlari importiga aksiz solig‘i va bojxona bojlarini qayta ko‘rib chiqish vazifasini yukladi.