Tergov jarayonida fuqaroning qadr-qimmati kamsitilsa, unga yetkazilgan zararni davlat to‘lab beradi. 29 mart kuni prezident tomonidan imzolangan [O‘RQ-761-son] qonun asosida Fuqarolik kodeksiga tegishli qo‘shimcha kiritildi, deya xabar bermoqda Adliya vazirligi.

Tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov, prokuratura organlari va sud tomonidan shaxsga nisbatan har qanday qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash natijasida yetkazilgan zarar davlat tomonidan to‘la hajmda qoplab beriladi.

Eslatib o‘tamiz, Fuqarolik kodeksiga qiynoqdan jabrlangan shaxslarga yetkazilgan zararlar bilan birga, boy berilgan foyda va sarflangan xarajatlar ham to‘lab berilishi nazarda tutgan qo‘shimchani kiritish to‘g‘risidagi qonun o‘tgan yilning 28 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan, 17 martda esa Senat tomonidan ma’qullangan edi.