Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanidagi MCHJ binosida noqonuniy mayning ferma faoliyat yuritayotgani ma’lum bo‘ldi. Bu DXXning viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda boshqa mutasaddi idora xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvda aniqlangan.

Ta’kidlanishicha, Toshkent shahrida ro‘yxatdan o‘tgan xorijiy korxona ushbu jamiyat binosini 2 yil muddatga ijaraga olgan.

Kompaniya u yerda 1491 komplekt mayning qurilmalari hamda 9280 dona videokartalardan foydalangan holda mayning ferma tashkil etgan. Natijada 2020 yilning avgust oyidan buyon 7,7 mln AQSh dollariga teng kriptovalyuta ishlab chiqarilgan, deyiladi xabarda.

Buning uchun MCHJ va xorijiy korxona rahbarlari elektr tarmog‘iga ulanish uchun tuman elektr tarmoqlari korxonasi bilan tuzilgan shartnomada faoliyat turiga quyonchilik fermasi tashkil etish mazmunida soxta ma’lumotlar kiritishgani aytilmoqda.

Foydalanilgan katta hajmdagi elektr energiyasi uchun past narxda to‘lovni amalga oshirishlari natijasida, ular tomonidan davlat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazilgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Eslatib o‘tamiz, Sirdaryoda avval ham 9,2 mlrd so‘mlik noqonuniy mayning-ferma faoliyati fosh bo‘lgandi. Avgust oyida Koreya va O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan 3 nafar gumondor 3529 dona kompyuter qurilmasidan va 265,2 mln so‘mlik elektr energiyadan qonunga zid ravishda foydalanib kelgani aytilgandi.