Shavkat Mirziyoyev 24 mart kuni Jahon banki ishtirokidagi «Soliq ma’muriyatchiligini isloh qilish» loyihasini amalga oshirish to‘g‘risidagi qarorni (PQ-178) imzoladi.

Jahon banki direktorlar kengashi o‘tgan yilning iyun oyida O‘zbekistonga 30 yil muddatga, jumladan, 5 yillik imtiyozli davr bilan 60 mln dollarlik kredit ajratishga qaror qilgan edi. Mablag‘lar Jahon bankining bir qismi bo‘lgan Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi orqali ajratiladi.

5 yil — 2022−2027 yillarga mo‘ljallangan loyihaning asosiy maqsadlari quyidagilardan iborat:

  • soliqlarni hisoblash va to‘lashni avtomatlashtirish darajasini 90 foizga yetkazish;
  • soliq organlari tomonidan ko‘rsatilayotgan elektron xizmatlar sonini oshirish orqali tadbirkorlik sub’etlarini elektron xizmatlar bilan to‘liq qamrab olish;
  • QQSni undirish jarayonlarini to‘liq avtomatlashtirish hisobiga QQS yig‘imini 75 foizgacha oshirish;
  • soliq to‘lovchilar tomonidan soliq hisobotlarini tayyorlash va topshirish hamda soliqlarni to‘lash uchun sarflangan vaqtni ikki baravar qisqartirish.

Davlat soliq qo‘mitasi loyihani muvofiqlashtirish va kreditdan foydalanish uchun mas’ul etib belgilandi va DSQga loyihani amalga oshirish bo‘yicha guruh tuzish topshirildi.

Qarzni qaytarish, shuningdek, qarz bo‘yicha foiz, xizmat ko‘rsatish va majburiyatlar uchun vositachilik haqi hamda bojxona to‘lovlari, soliqlar va yig‘imlar (ish haqi bilan bog‘liq soliqlar mustasno) bo‘yicha xarajatlarni qoplash respublika budjeti hisobidan amalga oshiriladi.

Hujjat bilan moliya vaziriga O‘zbekiston va Xalqaro taraqqiyot uyushmasi o‘rtasidagi Loyihani moliyalashtirish yuzasidan moliyaviy bitimni O‘zbekiston nomidan imzolash vakolati berildi.

Avval xabar qilinganidek, loyiha uchta asosiy komponentni o‘z ichiga oladi, ular DSQning operatsion, institutsional, texnologik va inson salohiyatini rivojlantirishga yordam beradi, shuningdek, O‘zbekistonda soliq qonunchiligi talablariga ixtiyoriy rioya qilishni rag‘batlantiradi.