Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) Savdoni moliyalashtirishga ko‘maklashish dasturi doirasida O‘zbekistondagi to‘rtta tijorat bankiga jami 210 mln dollar kredit ajratadi. Bu haqda bank saytida ma’lum qilindi.

Savdoni moliyalashtirishning yangi doimiy limitlari O‘zbekistonning to‘rt yirik banki — «Asakabank» (60 mln dollar), «Ipotekabank» (30 mln dollar), «O‘zmilliybank» (40 mln dollar) hamda «O‘zsanoatqurilishbank»ga (80 mln dollar) mahalliy korxonalarga tovar zaxiralarini yaxshiroq boshqarish va uzoqroq muddatlarda savdoni rejalashtirish maqsadida ajratilishi ma’lum qilindi.

24 mart kuni birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida YeTTB hamda «O‘zsanoatqurilishbank» o‘rtasida YeTTBning 80 mln dollar miqdoridagi revolver kredit liniyalarini jalb etish to‘g‘risida kelishuv imzolandi.

Kelishuv doirasida YeTTB tomonidan bank mijozlarining eksport-import operatsiyalarini moliyalashtirish uchun qisqa muddatli kreditlar ajratiladi.

«Hozirgi notinch davrda savdoning ahamiyati nihoyatda oshdi. Biz hamkor banklarimiz uchun yangi doimiy limitlar ochish orqali o‘zbekistonlik importchi va eksportchilarni qo‘llab-quvvatlayapmiz, bu esa butun mamlakat bo‘ylab biznesni qamrab oladi», — deydi YeTTB prezidenti Odil Reno-Basso.

YeTTBning Savdoni moliyalashtirishga ko‘maklashish dasturi hozirda O‘zbekistonning yettita mahalliy banki bilan hamkorlik qilib, ularning xususiy korporativ mijozlariga, jumladan kichik va o‘rta biznes vakillariga xalqaro savdo qilish uchun yordam berib kelayotgani aytildi. 2017 yilda bank O‘zbekistonda o‘z faoliyatini qayta yo‘lga qo‘yganidan beri Savdoni moliyalashtirishga ko‘maklashish dasturi 700 mln yevrodan ortiq bo‘lgan 1000 ga yaqin savdo operatsiyalarini amalga oshirishga yordam bergan.

Hozirga qadar YeTTB O‘zbekiston bo‘ylab 108 ta loyihaga jami 2,92 mlrd yevrodan ortiq sarmoya kiritgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq YeTTB 2021 yilda O‘zbekistonga 22 ta loyiha orqali 690 mln dollarga yaqin investitsiya mablag‘larini yo‘naltirgani haqida xabar berilgandi.