24 mart — Butunjahon silga qarshi kurash kuni munosabati bilan AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga 16 ta GeneXpert sil kasalligini tezkor diagnostika qilish uskunasini sovg‘a qildi, deb xabar berdi «Gazeta.uz»ga AQShning Toshkentdagi elchixonasi matbuot xizmati.

Ushbu sana munosabati bilan USAID sil kasalligi, stigma va kamsitishning oldini olishga qaratilgan bolalar ijodiyoti ko‘rgazmalari va aksiyalarini tashkil etdi, shuningdek, aholining kasallik haqidagi xabardorligini oshirish maqsadida Jizzax, Guliston va Farg‘ona shaharlarida xayriya konsertlari o‘tkazdi.

Butunjahon silga qarshi kurash kuni 24 mart kuni sil kasalligining mamlakatlar salomatligi va ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga halokatli ta’siri haqida jamoatchilik xabardorligini oshirish maqsadida nishonlanadi. Ushbu kasallik har kuni dunyo bo‘ylab 4000 dan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘ladi.

O‘tgan ikki yil ayniqsa qiyin bo‘ldi, chunki COVID-19 pandemiyasi silga qarshi kurash ta’sirini kamaytirdi, deya qayd etildi USAID tomonidan. O‘zbekiston so‘nggi o‘n yil ichida sil kasalligi bilan kasallanish va o‘lim holatlarini kamaytirish bo‘yicha barqaror yutuqlarga erishgan bo‘lsa-da, uning davolash qiyin bo‘lgan dori vositalariga chidamli shakllari bilan kasallanish ulushi yuqoriligicha qolmoqda.

«Birgalikda harakat qilib, biz O‘zbekistonda, mintaqada va butun dunyoda hayotni saqlab qolish va oilalarni sog‘lom saqlashga xizmat qiladigan o‘zgarishlarni amalga oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlarimizni davom ettirishimiz mumkin. Hamkorligingiz va umumiy maqsadimiz — O‘zbekistonda sil kasalligini yo‘q qilishga erishish yo‘lidagi sadoqatingiz uchun minnatdorchilik bildirishga ijozat bergaysiz», — dedi AQShning O‘zbekistondagi elchisi Deniyel Rozenblum.

«Biz bu kurashda yolg‘iz emasligimizdan xursandmiz. USAID, boshqa donor tashkilotlar, sog‘liqni saqlash muassasalari va mahalliy nodavlat notijorat tashkilotlari biz bilan hamkorlikda ish olib bormoqda va mamlakatimizda sil kasalligining zalvorini kamaytirishimiz uchun o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashmoqda, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori, professor Nargiza Parpiyeva.

Oxirgi 6 oy ichida USAID O‘zbekiston hukumatiga umumiy qiymati qariyb 700 ming dollar bo‘lgan 46 ta GeneXpert tizimini tortiq qildi. GeneXpert tizimi bemorlarga zudlik bilan tibbiy yordam olish imkonini taqdim etuvchi bir kunlik tibbiy test natijalarini yetkazib beradi. Bunday uskunaning boshqa muqobillari test natijalarini 80 kun ichida olish imkonini berdi.

GeneXpert nafaqat bemorda sil kasalligi mavjudligini, balki tuberklyozning muayyan bir holatini davolash uchun odatda buyuriladigan antibiotiklarga chidamliligini ham tekshirishi mumkin, bu esa shifokorlarga bemor uchun eng samarali dori-darmonlarni tanlash imkonini beradi.

«USAID silga qarshi kurashda O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlik qilishdan faxrlanadi. O‘tgan yillardagi birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz tufayli biz sil kasalligining og‘ir yukini kamaytirish va o‘zbek oilalari farovonligini oshirishga hissa qo‘shishga muvaffaq bo‘ldik», — dedi O‘zbekistondagi USAID missiyasi direktori Mikaela Meredit.

USAID Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan Silga qarshi kurash milliy dasturi doirasida tibbiyot mutaxassislarini tayyorlash, silga qarshi dori vositalari, tibbiy va laboratoriya jihozlari mavjudligini oshirish, sil kasalligining oldini olish, aniqlash va davolash ishlarini kuchaytirish maqsadida hamkorlik qilmoqda. Birgina 2021 yilning o‘zida USAID 1700 dan ortiq sil bo‘yicha mutaxassislarni o‘qitdi va 3000 dan ortiq xavf guruhidagi shaxslarni tuberkulyozga qarshi tekshiruvdan o‘tkazdi.