O‘zbekistonda islohotlar ortga qaytmaydigan muqarrar tus olgani real haqiqatdir. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumidagi nutqi davomida aytib o‘tdi.

Davlat rahbari so‘zi avvalida O‘zbekiston so‘nggi 5 yil ichida erishgan yutuqlar, jumladan, so‘mning erkin konvertatsiyasi joriy etilgani, xorijiy investorlar tomonidan foydani repatriatsiya qilish bilan bog‘liq barcha cheklovlarni olib tashlangani, majburiy hamda bolalar mehnatiga chek qo‘yilganini ta’kidladi.

«Bugungi kunda O‘zbekiston o‘zining geografik joylashuviga ko‘ra, Shimol va Janubni, G‘arb va Sharqni magistral tranzit koridorlari orqali bog‘lab turadigan Markaziy Osiyo mintaqasining o‘zagi hisoblanadi», — dedi u.

Shundan so‘ng, prezident kelgusi besh yilga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasi qabul qilinganini eslatib, islohotlar doirasidagi rejalar bilan o‘rtoqlashdi.


«Har bir kelgan mehmonlarimizga (investorlarga qarata) ishlaringizning kelajagini ta’minlash uchun sharoit yaratishga men ham, hukumat ham kafolat bermoqchiman. Sizlar bilan muloqot qilib, ko‘p narsani o‘zgartirib, qonunlarni mustahkamlab, korrupsiyaga qarshi qat’iy kurashib, birgalikda manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yamiz… Sizlarning mamlakatimizdagi muvaffaqiyatingizni ta’minlash O‘zbekiston prezidenti va Hukumati tomonidan kafolatlanadi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Birinchi yo‘nalish, mamlakatda iqtisodiy va siyosiy barqarorlikni ta’minlash choralarini izchil davom ettirish. Jumladan, keng ko‘lamli ma’muriy islohotlarni amalga oshirish va raqamlashtirishni joriy qilish orqali biznes uchun yanada qulay sharoitlar yaratish, davlat boshqaruvi natijadorligini oshirish orqali ishbilarmon va tadbirkorlarga ko‘mak beradigan ixcham va yuqori samarali hukumat tizimini tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Ikkinchi yo‘nalish, davlatning iqtisodiyotdagi roli va ulishini keskin qisqartirish. Xalqaro moliya institutlari va xorijiy konsalting kompaniyalari ko‘magida davlat aktivlarini xususiylashtirish orqali 2026 yilga qadar eksklyuziv huquqlar bekor qilinadi va davlat korxonalarini xususiylashtirish hisobiga 25 tadan ortiq faoliyat turlari bo‘yicha monopoliyalar tugatiladi. Tijorat banklarida transformatsiyalar davom ettirilib, bank aktivlarida xususiy sektor ulushi 60 foizgacha yetkaziladi. Davlat ishtirokidagi korxonalar soni kamida 3 baravarga qisqartiriladi.

«Fursatdan foydalanib, forumda qatnashayotgan hurmatli investor va tadbirkorlarga oshkoralik, shaffoflik va raqobat tamoyillari asosida o‘tkaziladigan xususiylashtirish jarayonlarida keng ishtirok etishingiz uchun barcha sharoitlar yaratishimizni ta’kidlamoqchiman», — dedi prezident.

Uchinchi yo‘nalish, mamlakatimizda infratuzilmani jadal rivojlantirish davom ettiriladi. O‘zbekistonda xorijiy investorlar bilan birgalikda davlat xususiy sheriklik mexanizmini joriy qilgan holda energetika, transport, sog‘liqni saqlash, ta’lim, infratuzilmani rivojlantirish va yo‘l qurilish sohalarida umumiy qiymati 15 mlrd dollarlik 200 dan ortiq loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. «Barchangizni ushbu jarayonlarda faol ishtirok etib, o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirishga taklif qilamiz», — dedi u.

To‘rtinchi yo‘nalish, iqtisodiyotning sanoatlashishi doirasida boy xom-ayosh zaxiralarining chuqur qayta ishlash orqali yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni ishlab chiqishni rag‘batlantirish. O‘zbekiston ko‘plab foydali qazilmalar zaxirasi bo‘yicha dunyoning yuqori o‘rindagi 20 davlati qatoriga kiradi. Jumladan, oltinning resurs bazasi bo‘yicha dunyoda ikkinchi, mis bo‘yicha yettinchi, volfram bo‘yicha sakkizinchi, kumush bo‘yicha to‘qqizinchi, uran bo‘yicha o‘n ikkinchi, tabiiy gaz ishlab chiqarish sohasida esa 16-o‘rinda.


«Ushbu boy xom-ashyo resurslarini qayta chuqur ishlash, kelgusi besh yilda kimyo va gaz, mis, elektronika, farmatsevtika, to‘qimachilik va ko‘plab boshqa sohalarda 120 mlrd dollarlik investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha aniq loyihalar ishlab chiqilgan», — dedi davlat rahbari.

Beshinchi yo‘nalish, inson kapitaliga investitsiya kiritish. Keyingi besh yilda maktabgacha ta’lim sohasida 7 mingdan ziyod yangi muassasalar tashkil etish orqali qamrovni darajasi hozirgi 67 foizdan 80 foizga yetkaziladi. Maktab ta’limi tizimi uchu o‘quv dasturlari va darsliklar ilg‘or xorijiy tajriba asosida to‘liq qayta ishlanadi hamda qo‘shimcha 1,2 mln o‘quvchi uchun yangi maktablar barpo etiladi. Oliy ta’lim sohasidagi qamrov darajasi 50 foizga yetkaziladi.

«Biz professional ta’lim tizimini ilhor xalqaro standartlar asosida takomillashtirish, shuningdek, zamon talablaridan kelib chiqib, iqtisodiyotimiz ehtiyoji uchun IT va muhandislik yo‘nalishlariga ixtisoslashtirishni ustuvor vazifa sifatida belgiladik. Maqsadimiz iqtisodiyotimizning drayver tarmoqlarini yetuk va malakali mutaxassislar bilan to‘liq ta’minlash. Alohida ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston bugungi kunda iqtisodiy resurslar bilan birga katta insoniy salohiyatga, shu bilan birga zamonaviy bilim va chet tillarini puxta o‘zlashtirgan yangi avlod kadrlariga ega. Bu yangi avlod kadrlar bizning eng katta boyligimiz hisoblanadi», — dedi u.

Oltinchi yo‘nalish, tashqi savdoni yanada erkinlashtirish, eksport va import uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish. O‘zbekiston yaqin yillarda Jahon savdo tashkilotiga to‘laqonli a’zo bo‘lish uchun aniq qadamlar qo‘ymoqda. Hozirning o‘zida respublikada mahsulot ishlab chiqaruvchilar erkin savdo orqali 280 mln iste’molchi bo‘lgan mintaqaviy bozorlarga chiqish imkoniyatiga ega. Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqining kengaytirilgan preferensiyalar tizimi GSP+ doirasida O‘zbekistondan 6 mingdan ortiq mahsulot turlari Yevropa bozoriga imtiyozli shartlarda eksport qilish mumkin.

«Milliy eksportchilarimizga qo‘shimcha imkoniyat yaratish uchun hozirda Hindiston, Turkiya, Koreya Respublikasi va boshqa davlatlar bilan imtiyozli va erkin savdo bitimlarini imzolash bo‘yicha aniq choralar ko‘rilmoqda. Mavjud transport koridorlarini diversifikatsiya qilish maqsadida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni transafg‘on yo‘li orqali Janubiy Osiyoga, O‘zbekiston-Qirg‘iston-Xitoy temir yo‘li orqali Osiyo-Tinch okeani mintaqasiga hamda Janubiy Kavkazni kesib o‘tuvchi multimodal transport koridori orqali Yevropa mamlakatlariga yetkazish imkoniyatlarini yaratish uchun aniq amaliy harakatlar olib borilmoqda», — dedi Shavkat Mirziyoyev.


Yettinchi yo‘nalish, O‘zbekiston investitsiya jozibadorligini oshirish, biznes muhitini yanada yaxshilash. Davlat rahbari bu borada 2022 yildan prezident huzurida xorijiy investorlar kengashi yig‘ilishlarini muntazam o‘tkazib borish yo‘lga qo‘yilishini ta’kidladi. «Kraudsorsing platformasi va zamonaviy raqamli yechimlardan foydalangan holda barcha tarmoqlar va hududlardagi investorlar va tadbirkorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘tkazishni davom ettiramiz», — dedi u.

U shuningdek, O‘zbekistonda 20 avgust sanasi Tadbirkorlar kuni etib belgilangani va ayni shu kuni prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti bo‘lib o‘tishini qayd etdi.

«Amalga oshirilayotgan islohotlarimiz natijasida keyingi besh yil ichida YAIMni 100 mlrd dollarga, yillik eksport hajmini 30 mlrd dollarga yetkazish ko‘zda tutilgan. Xususiy sektorning YAIMdagi ulushi 80 foizga yetkaziladi», — dedi prezident.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston 2030 yilga borib aholisi o‘rtadan yuqori daromad oladigan davlatlar qatoridan joy olishi maqsad qilingan.

«Oxirgi yillarda dunyoda yuz berayotgan pandemiya sinovlari, iqtisodiy sohasida mavjud qiyinchiliklar va boshqa muammolar bizni nostandart choralar ko‘rishga, yangi vaziyatda ishlash va natijaga erishishga o‘rgatmoqda. Dunyodagi bugungi murakkab vaziyatda ham O‘zbekiston yashash va ishlash uchun tinch va xavfsiz makon sifatida tanilganini hech kim inkor qila olmaydi», dedi Shavkat Mirziyoyev.

U shuningdek, tadbirkorlar uchun barcha qulay shart-sharoitlar yaratib berilishini yana bir bor qayd etdi.