Prezident Shavkat Mirziyoyev 24 mart kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki rahbari Odil Reno-Basso xonimni qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Unda respublikada ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar dasturini ilgari surishda Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining faol ishtirokini davom ettirishga doir amaliy jihatlar muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, bankning mamlakatdagi loyihalari portfeli 3 mlrd yevroga yetdi, unda xususiy sektorga investitsiyalar ulushi 50 foizgacha oshdi. Ushbu yetakchi moliyaviy institutning sarmoyalari hajmi bo‘yicha O‘zbekiston ketma-ket ikkinchi yil mintaqada peshqadam bo‘lib turibdi. YeTTBning Andijon va Urganch shaharlaridagi filiallari faoliyat yuritmoqda.

Uchrashuvda sheriklik munosabatlarini kengaytirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni tayyorlashga kelishib olindi.

Davlat korxonalari va banklarini transformatsiya qilish va xususiylashtirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, «yashil» taraqqiyot, energetika va transport sohalaridagi loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, davlat-xususiy sheriklikning samarali mexanizmlarini, eng avvalo, infratuzilmaviy loyihalarni ilgari surishga joriy qilish, shuningdek, xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligiga oid dasturlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, kelgusi yilda O‘zbekistonda YeTTB Boshqaruvchilar kengashining yillik yig‘ilishini o‘tkazishga tayyorgarlikning borishi ko‘rib chiqildi.


Bundan tashqari, prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu forum doirasida Osiyo taraqqiyot banki (OTB) prezidenti Masatsuga Asakavani ham qabul qildi.

Uchrashuv avvalida Bank rahbari Shavkat Mirziyoyevni O‘zbekistonning yetakchi xalqaro moliya institutlari rahbarlari va biznes vakillarini jamlagan Investitsiya forumi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabrikladi.

Uchrashuvda OTB bilan strategik sherikligini yanada kengaytirishning dolzarb masalalari va istiqbolli yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi.

Qayd etilishicha, keyingi yillarda loyihalar portfeli ikki barobarga kengayib, bugungi kunda 9 milliard dollardan oshdi. Qo‘shma loyihalar doirasidagi investitsiyalarni o‘zlashtirish sur’atlari ham ikki barobar jadallashdi.

Bank tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan, shu jumladan makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, moliya sektori, energetika, transport va infratuzilmani modernizatsiya qilish, inson salohiyatini ro‘yobga chiqarish borasida ko‘rsatilayotgan texnik ko‘mak yuqori baholandi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va OTB o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning yangi dasturini tayyorlashga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, «yashil» iqtisodiyotni jadal joriy etish, loyihalarni aralash moliyalashtirish mexanizmlarini rivojlantirish, biznes, shu jumladan ayollar va yoshlar tadbirkorligini moliyalashtirish dasturlarini kengaytirish, davlat-xususiy sheriklikning samarali mexanizmlarini joriy qilish, ta’lim va sog‘liqni saqlash loyihalarini qo‘llab-quvvatlash hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilandi.

O‘zbekiston va Osiyo taraqqiyot banki o‘rtasidagi strategik sheriklikning ustuvor yo‘nalishlarini ilgari surish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni birgalikda qabul qilish yuzasidan kelishuvga erishildi.