O‘zbekistonning eng mashhur va sevimli xonandalaridan biri Sevara Nazarxon 25−28 mart kunlari Xalqaro forumlar saroyida konsert beradi. “Gazeta.uz” muxbiri Viktoriya Abdurahimova xonanda bilan bo‘lajak konsertlar, televizion musiqiy tanlovlar, ota-onasi va o‘ziga bo‘lgan mustahkam ishonchning ahamiyati haqida suhbatlashib, Sevara Nazarxon va ertak elflarini nima bog‘lab turishini bilib oldi.

— Oxirgi marta qachon konsertda bo‘lgansiz? U kimning dasturi edi?

— Konserti qoldirilgan Bastaga (rossiyalik rep-qo‘shiqchi va prodyuser) borishni rejalashtirgandim. Menga bolalarga, muhim, global mavzularga bag‘ishlangan ["Sansara"] qo‘shig‘i yoqadi. Unchalik ham konsertbop emasman. Bu, ehtimol, kasb taqozosi bo‘lsa kerak. Ha, vaqtga ham qarang. Konsertlarga vaqt yo‘q. Qandaydir fikrlar tug‘ilib qolsa, telefonni olib, u yerda hamma narsani ko‘rishingiz mumkin.

Shunda ham aksariyat hollarda o‘z konsertlarim. Virusli davrlarda ham, baribir, tadbirlar o‘tkazildi. Odatiy kunlar qaytishini va konsertlar xuddi avvalgidek yetarlicha tabiiy bo‘lishini istardim.


— Konsertlaringiz yaqin kunlarda bo‘lib o‘tadi. O‘zingizni qanday his qilyapsiz? Nimalarni his qilyapsiz?

— O‘zimni yaxshi xis qilyapman. Atrofimda sodir bo‘layotgan hamma narsani his qilyapman. Asab tizimimning hamdardlikka javob beradigan qismi 100 foiz ishlaydi, shuning uchun ich-ichimdan tashvishlanaman va bu tabiiy holat.

Musiqalarimda, xususan matnlarida qandaydir ilohiy mazmun mujassam, degan ichki tuyg‘u bor. Shuning uchun, nazarimda, aynan hozir konsert, musiqaning ayni vaqti. Axir qo‘shni mamlakatlarda sodir bo‘layotgan voqealarni hech kim kutmagandi.

Ularni e’tiborsiz qoldirish imkonsiz, chunki har joyda do‘stu qadrdonlarimiz bor. Musiqa esa hammani jipslashtiradi, yaqinlashtiradi, nima uchun bu yerda ekanimizni tushunimizga yordamlashadi. Balki aynan shu lahzalar uchun.

— Humo Arena`dagi konsertlarga tayyorgarlik jarayonida chipta sotishdan tortib, tinglovchilar uchun issiq pollar tashkil qilishgacha bo‘lgan barcha jarayonni to‘liq o‘z zimmangizga oldingiz. Bu safar ham shundaymi?

— Vaziyat shuni taqozo qildi, jarayonda to‘liq ishtirok etdim: boshidan oxirigacha, sahnaga chiqishgacha, ovozni montaj qilish, sozlashgacha. Barchasi nazoratim ostida bo‘lgani hamma joyda [qatnashdim] va aqldan ozib yurdim degani emas. Albatta, yo‘q. Yillar sinovidan o‘tgan ishonchli odamlar bor. Ular o‘z ishlarini yaxshi bilishadi, lekin chiqishda meni aniq tekshiraman, chunki bu konsertda nimalar bo‘lishi kerakligini men bilaman.

O‘zimizni tez-tez sakkizoyoqlar deb atayman. Biz ko‘p narsani qamrab olishga harakat qilamiz, lekin vakolatlarni boshqalarga topshirish to‘g‘riroqdek tuyuladi. Bu bor e’tiboringizni kerakli narsaga qaratish uchun kerak.

Hammasini odatimga ko‘ra nazorat qilaman, chunki “Sharq — nozik masala”. Hamma narsa o‘z-o‘zidan joyiga tushavermaydi.

Konsert uyushtirish juda qiziqarli jarayon hamda nomuvofiqliklarni bartaraf etish, vaziyatlarni va o‘zimni to‘g‘rilab olish menga zavq bag‘ishlaydi. Odamlar bilan muloqot qilganda, qanchalik stressli bo‘lmasin, hamma narsani ehtiyotkorlik va “tabassum bilan” qilish kerak, deb o‘ylayman. Har bir masalaga diqqat bilan yondashamiz, sabr bilan tahlil qilamiz. Yakunda hammasi yaxshi chiqadi.


Humo Arena`dagi konsertdan. Toshkent. 2021. Foto: Sevara.ru

— Moskvaning Vegas City Hall`idagi konsertingizdan so‘ng ovoz rejissyori Aleksandr Astaxov o‘zining instagramida: “Bunday konsertlardan so‘ng bir oy shunchaki jim bo‘lishni xohlaysiz”, — deb yozdi. Nima uchun bunday yozgan, deb o‘ylaysiz?

— Menimcha, har bir aytgan so‘zimizni 100% faqat o‘zimiz his qilamiz. Konsertga tayyorgarlik paytida biz bir-birimizni tanimasdik. Bizning birinchi uchrashuvimiz, birinchi hissiyotlarimiz Vegas City Hall`da bo‘lib o‘tdi.

Sasha — ulkan mutaxassis, o‘z ishining ustasi. Hissiyotli, murakkab inson. U o‘zi shunday yaralganki, musiqa bilan bog‘liqlikni mukammal his qiladi. Menimcha, Sasha buni o‘zida his qilishni chin dildan xohlagan.

— Konsertdan keyin eng ko‘p nimani xohlaysiz?

— Yo‘q bo‘lib qolishni. Qayergaligi muhim emas. Bu kabi “men yo‘qman” holatlari bo‘lib turadiku. Buning sababi, sahnada o‘zingizdagi borini berasiz va natijada kuchingiz qolmaydi.

Bu holat qaytishni emas, balki xotirjamlik, to‘ldirishni talab qiladi. Men tez quvvatlanuvchi generatorman. Menga ko‘p narsa kerak emas. Bo‘sh xona, mazali biror narsa. Konsertdan keyin ba’zan foyda beradi (kuladi).


Vegas City Hall`dagi konsertdan. Moskva. 2019. Foto: Sevara.ru

— Xalqaro forumlar saroyida ikkinchi marta chiqish qilasiz. Bu xuddi birinchisidek hayajonlimi yoki boshqacha tuyg‘ular bormi?

— Hayajon bor, chunki hammamiz ham insonmiz, energiyamiz, barchamiz qaysidir ma’noda bir-birimizga ta’sir qilamiz.

Har bir insonning hayotda o‘z vazifasi bor. Mening vazifam, masalan, barchamizni boyitishdir. Men shunchaki qo‘shiq aytadigan san’atkor emasman. Asarlar yarataman, ularni orkestr, keyin xor bilan tahlil qilaman. Shuning o‘zi qanchalik mas’uliyat. Keyin sahnada nima sodir bo‘layotganiga, zalda joylashtirish qanday kechishiga, yorug‘lik qanday ishlashiga, ovozning qanday ketishiga qarayman. Bu meni unchalik tashvishga solmaydiganga o‘xshaydi, lekin bularning barchasini o‘ylayman. Yillar o‘tgani sayin zimmamga olayotgan yuklamalar hajmi ham ortib bormoqda.

Boshqa tomondan, tomoshabinning holati o‘zgarishsiz qoladi va siz qayerda ijro etishingiz muhim emas. Tomoshabin hamma joyda siz xohlaganingizdagina organik bo‘ladi.

Ko‘pincha [artistlar] “Umid qilamanki, sizga yoqadi” degan iborani ishlatishadi. Aslini olganda, men musiqam kimgadir yoqadi deb umid qilmaganman, lekin taqdir taqozosi shunday bo‘ldi. Sodir bo‘layotganlarning barchasi — marhamatdir. Ish faoliyatining odamlarda aks-sado berishi hammaga ham nasib etavermaydi. Men faqat kasbimni emas, hammani nazarda tutyapman. Tomoshabinlar oldida hayajonlanish ham baxt.

— Intervyularingizdan birida odamlarni lol qoldirish juda qiyinligini aytgandingiz. Artist va tomoshabin o‘rtasidagi munosabatlardagi hayrat, bu — majburiy komponentmi yoki ikkinchi darajalimi?

— Hayratlantirish muhim, chunki har birimiz ajoyib mo‘'jizalarmiz. Boshqa masala shundaki, hamma ham o‘zini to‘ldirishni, noyobligini tushunishni, o‘zini ifoda etishni bilavermaydi. Har birimizning betakrorligimiz taassurot uyg‘otadi, tomoshabinni va o‘zini hayratlantirishga imkon beradi. Inson bunga qodir bo‘lishi mumkin, biroq o‘ziga nisbatan mustahkam ishonch bo‘lmasa, buni anglab yetmaydi.

O‘z-o‘zidan huzurlanish ham katta ish, bu bir yilda bo‘ladigan narsa emas, unga o‘rganishga ko‘p yillar ketadi. Odam o‘z-o‘zidan huzurlanishni boshlaganda esa hayrat, muloyimlik, zavq ham tug‘iladi. Tomoshabin asir qilib qo‘yadigan holatlar bo‘ladi! Yuzlarni, ko‘zlarni ko‘rasiz va shunchaki uchib ketasiz. Bu men bilan tez-tez sodir bo‘ladi.


— Aytingchi, tomoshabinlar uchun qanday dastur tayyorlayapsiz?

— Sizni chindan ham o‘ylantiradigan, o‘ziga g‘arq qilib yuboradigan lazzatli narsani.

Bu safar ishtirok etayotgandarning hammasi mahalliy do‘stlarimiz ekanidan juda xursandman. Orkestr, xor bo‘ladi. Mo‘jizakor maqomchilar jamoasi qo‘shiladi. Ular otamning va mening yaqin do‘stlarim. Yoshiga qaramay (60−70 yosh), juda navqiron ko‘rinishadi, musiqaning tabiatini ichdan hassoslik bilan his qiladilar. O‘chib qolmaydigan motorlar. Ularning musiqani yetkazib berishlaridan ilhomlanaman.

Maqom aslini olganda chuqur va murakkab musiqadir. Londondagi munosib prodyuserlar bilan tanishuvim “Yo‘l bo‘lsin” (2003 yil), “Sen” (2007 yil) nomli ajoyib albomlarning yaratilishiga sabab bo‘ldi. “Tortadur” (2011) albomida esa maqomchilarimiz bilan ishlash men uchun tengsiz tajriba bo‘ldi.

Bu musiqaning yashashini juda xohlardim. Buning uchun nima qilish kerak, deb o‘ylayman ba’zan, chunki maqomlar tuzilishi jihatidan hazm qilinishi qiyin, ichida falsafa ko‘p.

Esimda, o‘zim ham ba’zi qismlarini asl ijroga biroz yaqinroq qilib kuylashga harakat qilganman va odamlar nima uchun bunga o‘z hayotlarini bag‘ishlashlarini anglab yetganman.

Maqom qoidalarga rioya qilgan holda juda ehtiyotkorlik bilan o‘zgartirilishi mumkin. Hech narsa haqida o‘ylash shart emas. Shunchaki mos kelishi kerak, shuning uchun xalq musiqasi kontekstida his-tuyg‘ular bilan yashayman.

Dasturning ushbu elementi shaxsan men uchun ahamiyatli, garchi konsertda ijrolar soni ko‘p bo‘lmasa ham. Ular zaminimizning go‘zalligi, ichki tabiati haqida hikoya qilishadi. Biz ko‘p millatli, iliq, mehmondo‘st davlatmiz va nima bo‘lishidan qat’i nazar, shunday bo‘lib qolamiz. Madaniy baza mavjud. Agar ta’lim yaxshiroq bo‘lishi kerakligini aytmasa.

— Keling, repertuaringiz haqida suhbatlashaylik. Sevara Nazarxonni tanimaydigan odamga uning ijodi bilan yaqindan tanishish uchun qaysi qo‘shiqni tavsiya qilgan bo‘lardingiz?

— Hech qaysisini. Eshitish yoki eshitmasliklariga qandaydir xotirjam munosabatda bo‘laman. Yer shari mening atrofimda aylanadi deb hech qachon o‘ylamaganman va shunday bo‘lib qolaman. Shuning uchun men hech narsani tavsiya qilmayman. Qaysi biri ma’qul kelsa, shuni tinglang.

Bilaman, mening qo‘shig‘im bo‘lmasa-da, ko‘pchilik “Tam net menya"ni (“U yerda yo‘qman”) yaxshi ko‘radi. Shunday bo‘ldiki, tinglovchilar uchun u men bilan juda mustahkam bog‘langan va men ham uni qisman o‘zimnikidek qabul qilaman.

“U yerda yo‘qman” qo‘shig‘ining muallifi va ilk ijrochisi Igor Nikolayev ekanligini kamchilik biladi. Ko‘pincha konsertlarda uning qanday paydo bo‘lganini aytib beraman. Na odamlarni, na o‘zimni zo‘riqtirib qo‘ymaslik uchun tushuntirish qismini qisqacha aytib o‘taman. Har kim hodisalardan ortiqcha izohlarsiz o‘ziga keragini olishini xohlayman.


“U yerda yo‘qman” qo‘shig‘iga ishlangan klipdan lavha.

— Hayotingizni biror qo‘shig‘ingizning nomi va satri bilan ifodalab bering, iltimos.

— Menga “Meni sev, jonginam, bo‘lgin vafodor” (“Meni sev” qo‘shig‘idan — tahr.) iborasi yoqadi. Go‘yoki o‘zimga murojaat qilayotgandekman: o‘zingni o‘zgartirma, batartib bo‘l.

Yillar o‘tib, umuman olganda, o‘zgarayotganimizni tushunamiz. Butunlay emas, chunki fe’l-atvor shakllanadi, ma’lum odatlar vujudga keladi, lekin biz o‘zimizni tuzatishimiz mumkin. Bor go‘zalligi ham shunda. Men ko‘rsatmalar bilan yashamayman.

— “Yesli bы lyubov bыla takoy” (“Sevgi shunday bo‘lganida edi”) qo‘shig‘iga ishlangan klipda onangiz bilan birga tasvirga tushgansiz. Eshitib qarasam, bu qo‘shiq dadangiz Anvar Nazarxonov haqida ekandek tuyuldi. Menga shunday ko‘rindimi?

— Menimcha, bu onam borligi uchun shunday bo‘ldi. U bu qo‘shiqni yaxshi ko‘radi. Uning fikricha, bu otam uchun.

Menga barchamiz oxirgi paytlarda kuchli muhabbat yetishmovchiligini boshdan kechirayotgandek tuyuladi. O‘zimga nisbatan sof munosabatlarni xohlayman. Shu qo‘shiqni kuylaganimda, men erishni boshlayman.


Sevara Nazarxon onasi Muhtaram Beknazarova bilan. “Sevgi shunday bo‘lganida edi” qo‘shig‘i klipidan kadr.

— Otangiz haqida o‘ylaganingizda nimalarni eslaysiz?

— Ko‘z qarashlarimiz. Doim qo‘llarimizni solishtirishni yaxshi ko‘rardim — ular juda o‘xshash. Uning shirin tabassumi, bolalarcha soddaligi. Bizning aloqamiz, ehtimol, jimjitroq edi. U aql bovar qilmaydigan ijobiy energiya taratardi. Bu menga ham o‘tgan deb o‘ylayman.

Uning benuqson halolligi meni qoyil qoldirardi, shu bilan birga, ba’zan uning uchun xafa bo‘lib ketardim, uni xafa qilishlari, chuv tushirishlarini o‘ylasam qo‘rqib ketardim. Dadamning halol, kamtarin inson bo‘lganidan xursandman. U bu borada bemisl edi.

Uning yo‘qligini doim unutib qo‘yaman, ketganida ham ko‘z yosh to‘kmaganman. Shunchaki qo‘llarini o‘pib, oq yo‘l tilagandim. Hech qanday qayg‘u, hasrat yo‘q edi. Otam vafot etgan kunning ertasiga men suratga olishda qatnashganimni eslayman. Yashnadim, jilmaydim. Yaqin insonimning yo‘qligini anglab yetish imkonsiz edi. Faqat yolg‘iz qolganimdagina qayg‘urishga vaqt ajratardim.

Hammamiz bu dunyoda mehmon ekanimizga ishonaman. Kianu Rivz aytganidek, bu yerdan hech kim tirik chiqmaydi.

— Onangiz Muhtaram Beknazarova musiqa maktabida ishlagan, bir muddat unga rahbarlik ham qilgan. Iltimos, ayting-chi, u musiqiy didingiz va uslubingiz shakllanishida qandaydir rol o‘ynaganmi, uning ustiga onangiz kuchli xarakterga ega ayol ekanligi haqida gapirgandingiz?

— Judayam! Haligacha u bilan vaqt quvnoq o‘tadi (kuladi). O‘tgan yili 76 yoshida onamning Chorvoqdagi besh metrlik ko‘prikdan sho‘ng‘ishga qaror qilganini aytib berishni yaxshi ko‘raman. Men sakrash xavflimi yoki yo‘qmi deb chuqurlikni o‘lchar ekanman, u allaqachon suvda edi. “Onam, — deyman, — aqlli ish. Barakalla”. U o‘ziga sakrasam, demak, uzoq umr ko‘raman, deb aytgan ekan. Bu xarakter.

Ota-onalar, albatta, o‘zlarining namunalari, kayfiyatlari, daxdorliklari bilan bizga ta’sir qiladi. Balki hammamiz ham buni ko‘ra olmasligimiz mumkin. Onamning ta’siri katta, chunki u musiqachi va motivator bo‘lgan — men uchun. Garchi u bilan ko‘p bahslashgan bo‘lsam ham.

Uning musiqachi sifatidagi yo‘li uzoq, yaxshi va mashaqqatli yo‘ldir. Menimcha, u sahnani orzu qilgan. Bu orzularni ko‘proq men amalga oshirdim, chunki davr boshqacha edi. Ota-onamiz zamin hozirlashdi, ikki-uchta ishda ishlagan vaqtlari bo‘lgan. Shu tufayli biz bolalar ko‘proq yolg‘iz qolardik. Kechqurunlari esa pianino chalardik, onam rubob chalar, mehmon arimasdi.

Bularning barchasi o‘z izini qoldirdi. Garchi o‘shanda men uchun musiqa eng oxirgi variantdek tuyulardi. Men tilshunos, stomatolog bo‘lishni xohlardim — musiqachi bo‘lmasam bas edi. Biroq oxir-oqibat baribir bularning barchasi meni o‘ziga tortdi. Qismatda bori albatta sodir bo‘ladi. Shunchaki biz shunday bo‘lishini har doim ham tushunavermaymiz va ishonavermaymiz.


— Bir marta siz har qanday ovozni, u xoh shitirlash bo‘lsin, xoh hushtak, eshitib, musiqa yoza olishingizni aytgandingiz. Qaysi qo‘shig‘ingizning noodatiy tug‘ilish tarixiga ega?

— Mening Maksim Penson degan do‘stim bor. Biz million yildan beri do‘stmiz, bir-birimizni hurmat qilamiz. Maksimning Hamid Olimjon maydonida ovoz yozish studiyasi bor. Va Nerji degan iti. U “Ne uchun osmon” qo‘shig‘ini yozishda beixtiyor qatnashgan: qo‘shiq aytayotganimda yugurib o‘tgan. Biz ushbu “element"ni olib tashlashimiz mumkin edi, lekin men usiz qo‘shiq to‘liq bo‘lmasligini angladim va uni qoldirishga qaror qildim.

Ko‘p qo‘shiqlarimda “shizoid lahzalar” bor. Ularni saqlab qolaman. Bunda, ehtimol, hozir, shu damda muhim bo‘lgan o‘zligim mujassamdir. Shunday ekan, do‘stlar, ijod qilinglar va qo‘rqmanglar.

— Biografiyangizda eslashni istamaydigan narsa bormi?

— Yo‘q, hammasi shu qadar zo‘rki, minnatdorchilik bilan eslaysan. Bir kuni akam: “Xudo hammamizni birdek sevadi”, dedi. Va: “U meni shunday yaxshi ko‘radi”, — deya qo‘shib qo‘ydi. Uning taqdiri biroz murakkabroq. Bu so‘zlarda juda ko‘p hikmat bor.

O‘ylaymanki, Yaratgan zot bizga muayyan mexanizmni jo etgan. 30 yoshlargacha biz xotirjammiz, xohlaganimizni qilamiz. 30 dan keyin — ishonch, ambitsiyalar davri. 40 ga yaqinlashganda ba’zilar uchun hayot dinamikasi ko‘tariladi, boshqalar uchun esa pasayadi. Ba’zi odamlar o‘lim haqida o‘ylashadi. Har bir bosqichda o‘zgarish muqarrar. O‘z ichingizda esa soatingizni xohlagancha dasturlashingiz mumkin. Hozir mening prinsipim — “Men yaxshiman”.

— Menimcha, sizni juda yaxshi ko‘radigan odamlar bu savolga javob berib, “Golos” shousini aytgan bo‘lishardi. Nega shundan keyin siz vokal loyihalarida qatnashmadingiz?

— Gastrollar juda ko‘p bo‘ldi. Men uch davlatda: Rossiya, Buyuk Britaniya va O‘zbekistonda yashaganim uchun charchardim. Gastrollar orasidagi intervallarda “Tansы so zvyozdami” (“Yulduzlar bilan raqs”), “Toch-v-toch” (“Quyib qo‘ygandek” — erkin tarj.) loyihalarida ishtirok etdim. Haqiqatan ham, vokali yo‘q edi.

Rostini aytsam, “Golos"da ishtirok etishimni tasodif, xato deb o‘ylayman. Piter Gebriyel (ingliz qo‘shiqchisi, qo‘shiqlar muallifi va musiqiy prodyuser — tahr.) bilan uzoq gastrollarga chiqardim. Jiddiy mukofotlar bor edi (ulardan biri 2004 yildagi nufuzli BBC World Music Award mukofoti doirasida “Best Asian Artist” (“Eng yaxshi Osiyo artisti”) nominatsiyasidagi g‘alaba edi — tahr.). Loyihada meni o‘zaro “Tayson” deb atashardi. Ehtimol, mening musiqiy tarixim ko‘pchilikning g‘ashiga tekkan bo‘lsa kerak, zero bunday shoularda bu yangi nomlardan muhimroq.

Men uchun “Golos"da ishtirok etish albomlarimni e’lon qilish uchun imkoniyat bo‘ldi. Aytgancha, ular o‘shanda juda yaxshi ketdi.


Sevara “Golos” shousidagi eshituvlarda, 2012 yil.

— Nega Amerika yoki Britaniyaning “Golos"iga (The Voice) bormadingiz?

— Albomlarim rus tilida bo‘lgani uchun bu loyihalar qiziqishmadi. Ingliz tilidagi narsalarni qilish vazifasi hech qachon bo‘lmagan.

Men, albatta, yoshligimda “jazz” bilan shug‘ullanganman, Fitsdjerald, Armstrong qo‘shiqlarini ijro etganman. So‘ngra o‘z fikrlarim borligini, yozishim kerakligini anglab yetdim. Asosiysi, o‘zingizni juda jiddiy qabul qilmang. Sodir bo‘ldimi — yaxshi, tegib ketdimi — ajoyib.

— Yangi boshlayotgan musiqachilarga bunday tanlovlar kerakmi yoki bugungi kunda porlab chiqish uchun Yutubning o‘zi yetarlimi?

— Albatta, kerak. Shunchaki hozir hammasi osonlashib ketdi. Blogerlik paydo bo‘lishi bilan hamma narsa juda soddalashdi.

Bolalarga tanlovlar kerak. Bu rivojlanish, kommunikatsiya. Ikkinchidan, ular orasida sog‘lom raqobat tug‘iladi. Tanlovlarning maqsadi shunda.

Ular televizion tanlovlarga aylanganida esa har qanday qo‘pollik, rejissura mavjud biznesga aylanadi. Ba’zan barchasi qanday sodir bo‘layotganini tushunolmay qolasiz, halolmi yoki yo‘q. Ko‘plab savollar savolligicha qoladi.

— Shaxsan meni tanlovlar tarixida g‘oliblarning, hatto o‘ta shov-shuvlilar ham, odatda loyihalar yakunlangach, katta sahnaga qadar yetib bora olmasliklari hayratga soladi. Nega shunday?

— Bu juda oddiy. Kishi mashhur bo‘lmaganida, u chiroqlar manzarasi, olqishlardan sehrlanadi. Bu tugamaydiganga o‘xshaydi, lekin hamma narsa bir lahzada tugaydi. Bu vaqt ichida artist dasturini kengaytirishga ulgurmaydi. Unda sahna bilan bog‘liqlik hissi yo‘q, chunki tanlovlarda ular o‘zlarining qo‘shiqlarini emas, balki kaverlarni kuylashadi.

Men o‘zimni ancha qulayroq his qildim. Men darhol o‘zimning katta dasturim, qo‘shiqlarim bilan safarlarga chiqdim. Odamlar nafaqat mening kaverlarimni, balki o‘zimni ham eshitishni xohlashdi.

Shuning uchun artist o‘z repertuarini kengaytirib borishi kerak. O‘z madaniyatiga va o‘z shaxsiy ijodiga ega bo‘lmagan odam, ovozi ajoyib yoxud odatdagidek bo‘lsin, aslida o‘ziga ham kerakmas.

Shu ma’noda menga Edit Piaf (fransuz xonandasi va aktrisasi — tahr.) yoqadi. Bu jozibasizgina ayolning ovozi juda g‘alati edi, lekin u sahnada naqadar go‘zal edi! Piaf — bu kamtarona qobiliyatlarga ega bo‘lgan odam qanday bo‘lishi mumkinligiga misol.

Hozir hamma narsa ancha soddaroq, ko‘p narsa qadrsizlangan. “Qadriyatlar” so‘zi yo‘qoldi, “professionallik” so‘zi hech kimga unchalik kerak emas. Va bu hamma joyda sodir bo‘lmoqda.

Men o‘z konsertlarimni uyushtiraman, ulardan zavqlanaman. Sodir bo‘layotgan hodisalarga ijobiy, keng obyektiv orqali qarayman. O‘zimga eslatib qo‘yamanki, siz oldinga qadam bosishingiz, olg‘a intilishingiz, o‘zingiz uchun harakat qilishingiz kerak, chunki hayot siz o‘zingizdan zavqlanishingiz va qo‘lingizdan kelganini qilishingiz uchun bir marta beriladi. Agar qila olmasangiz — qidiring, topolmasangiz — davom eting.


— Ko‘pincha ijodiy kasb egalari bo‘lgan qizlar qiyin tanlovga duch kelishadi: karerami yoki oila. Qachondir shu tanlov oldida qolganmisiz?

— Bunday tanlovni qilish kerak bo‘lgan vaziyat bo‘lgandi. O‘zim bo‘lish istagim ustun kelgandi.

Hammamiz ma’lum bir nuqtaga qadar itoatkor bolalarmiz. Ota-onalarimizni hurmat qilamiz. Bizningcha, ular haq va bu tanlov ham, balki tasodifiy emas. Lekin bir necha marta men “mebel ko‘rishga kelgan” deb aytadigan odamlar oldiga choynakni do‘qillatib qo‘yishimga to‘g‘ri kelgan. Shundan keyin ular odatda qaytib kelishmaydi.

Ular uyimizga kelishni to‘xtatganda, men bu mavzu haqida qayg‘urmasligim va davom etishim mumkinligini angladim.

— Sizningcha, bu tanlov adolatlimi?

— Qanchalik adolatli bo‘lmasin, dunyo ostin-ustun bo‘ldi, ayollar kuchayib ketdi. Biz hozir bahslasha oladigan, o‘zimizni himoya qila oladigan holatdamiz. Bu ayol uchun katta o‘zgarish.

Osiyo va G‘arbda vaziyat qanday rivojlanayotganini solishtirish juda qiyin. Hamma joyning o‘ziga xos an’analari, o‘ziga xos xususiyatlari bor. Negadir yurtimizda erkak o‘zini ayoldan ustun deb biladi. Qisman shundaydir. Erkakning kallasi va bilimi bo‘lsa, ayolini boshiga ko‘taradi.

Bu mavzu biz uchun halokatli, chunki ko‘pchilikda aql va bilim yetishmaydi. Ayol azob chekadi, chunki erkak unga nisbatan nohaqlik qiladi. U shikoyat qilmaydi. U o‘tiradi, ibodat qiladi, hamma narsa o‘zgarishini kutadi. Lekin hech narsa o‘zgarmaydi, chunki u harakat qilmaydi — uni bunga o‘rgatishmagan. U esa o‘rganishi kerak. Va erkak ham.

— Hayotingizda kim bilandir o‘zingizni taqqoslaganmisiz?

— Albatta! Siz doimo o‘zingizni boshqalar bilan solishtirasiz.

— Ko‘pincha kim bilan?

— Uitni Xyuston (amerikalik aktrisa va xonanda, jahon musiqasi tarixida tijoriy jihatdan eng muvaffaqiyatlilardan biri — tahr.) bilan. Ammo oxirgi paytlari qo‘rqinchli. Axir qanday qilib, shunday go‘zal, bemisl ayol qanday qilib dunyoni tashlab ketdi, deb o‘ylayman. Daroz, ozg‘in.

Odatda odamlar o‘ziga past baho bergani uchun o‘zlarini boshqalar bilan solishtirishadi. Shuning uchun men hammaga maslahat beraman: terapiyaga boring, o‘z ustingizda ishlang, qo‘rqmang. Asosiysi, munosib mutaxassis bo‘lsin.

Insonning ichki g‘ururi yaxshi darajada bo‘lsa, u o‘zini faqat kechagi kundagi o‘zligi bilan solishtiradi. Uning bitta vazifasi bo‘ladi: yaxshiroq bo‘lish.

— Turli yillarda bir nechta intervyularingizda juda qiziqarli bir iqrorga borgansiz, lekin negadir bu e’tibordan chetda qoldi. Men sizdan so‘rayman: nega o‘zingizni elf deb o‘ylaysiz?

— (kuladi) Men hali ham o‘zimni shunday deyman.

— Siz qanday elfsiz? O‘rmon, baland, zulmat?

— Men hech qachon elflar tarixini bunchalik chuqur o‘rganmaganman. Bu menga yoqadi, chunki bu ertak. Va ma’lum darajada u bizning hayotimizda mavjud. Bo‘lishi ham kerak.

Mendagi elf, bu — ichki obrazdir. Men u bilan yashamayman, “quloqlarim qani?” — degan savol bilan uyg‘onmayman. Lekin ular qanchalik yengil va qiziqarli ekani menga juda yoqadi. Islandiyada elflarning huquqlari himoyalangan. Bunga ishonish uchun qanchalik aqldan ozishingiz kerakligini tasavvur qila olasizmi? Bu juda ajoyib!

O‘ylaymanki, bizni mo‘'jizalar harakatga keltiradi. Agar biz ularga ishonmasak, biz bo‘shmiz. Bunday tanishlarim ko‘p, ular hech narsani o‘ylashmaydi. Hamma narsani biladiganga o‘xshashadi, lekin gaplashadigan hech narsa yo‘q. Qanaqasiga?


— O‘zingizni g‘alati deb hisoblaysizmi?

— Yo‘q, men g‘alati emasman. Aytgancha, atrofdagi hamma narsa g‘alati. Men esa o‘zimni ajoyib deb hisoblayman. Va barchamiz o‘zimizning shunday ajoyibligimizni tan olishimizni xohlardim.

O‘zimdagi insoniylikni juda yaxshi ko‘raman. Odamlarni yaxshi ko‘raman. Shu tuyg‘uga kelish juda muhim deb hisoblayman, chunki bir kun kelib biz bo‘lmaymiz.

Har bir inson esdalik sifatida nimani qoldiradi? Odamlarga emas, o‘ziga. Bu savolni yodda tutsak, bir soat ham behuda ketmaydi.

— “Pisma” (Vyacheslav Butusov bilan duet — tahr.) degan qo‘shig‘ingiz bor. Tasavvur qilaylik, birdaniga zerikib qolgani uchun konservatoriyani tashlab, Londonga uchib ketgan qizga bugun qanday maktub yozardingiz?

— Kattalar sifatida biz yoshlarga ko‘p narsalarni aytishimiz mumkin.

Men katta yoshdagi bo‘lgan o‘zimga yozmoqchiman. Undan bu yengillikni saqlab qolish, o‘zimda yangi gullarni o‘stirishni, esi yo‘qroq bo‘lishini, hamma uchun g‘ayritabiiy, o‘zim uchun esa ideal bo‘lishni so‘rardim. Shunchaki bo‘lishni so‘rardim, chunki sen allaqachon mavjudsan.

O‘zingni sev — bu juda mavhum hikoya aslida. Ko‘pchilik uchun tushunarsiz. Qanday sevish? Yoningizda bo‘ladigan va bo‘shliqdan chiqib ketishingizga, o‘zingizga bog‘lab tashlagan narsalarni qo‘yib yuborishga yordam beradigan odamni topishingiz kerak. “Sababchi” deb ataladi. Va yer yuzida hammamiz bir-birimiz uchun katta sababchimiz.

“Gazeta.uz” internet nashri tahririyati Human House galereyasiga va shaxsan Lola Sayfiga intervyu uchun joy ajratgani uchun minnatdorchilik bildiradi.