Moskvaning Lefortovo sudi Pokrov koloniyasidagi sayyor yig‘ilishida rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniyga 9 yillik qamoq jazosi belgiladi. Bu haqda «Novaya Gazeta» nashri xabar berdi.

Navalniy sud tomonidan «firibgarlik» va «sudni haqoratlash»da aybdor deb topildi. Muxolifatchi jazoni og‘ir rejimdagi koloniyada o‘taydi. Shuningdek, u 1,2 mln rubl miqdorida jarima to‘lashi ham kerak bo‘ladi.

Navalniy sud ishi doirasida 2018 yilgi saylovoldi kompaniyasi va Korrupsiyaga qarshi kurashish jamg‘armasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun qilingan xayriya mablag‘larining «talon-taroj» qilinganligi bo‘yicha ayblangan edi. Sudni haqorat qilganlik bo‘yicha ish esa 2021 yilda Navalniy sud jarayonida jahon sudyasi, prokuror va Ikkinchi jahon urushi faxriysining nevarasi Ignat Artemenkoni haqorat qilganligi bo‘yicha edi.

«Novaya Gazeta» nashri o‘z muxbiriga tayanib, ma’lum qilishicha, Navalniyning advokatlari Olga Mixaylova va Vadim Kobzev politsiya tomonidan ushlangan. «Ular avtozakka o‘tirg‘izildi va olib ketildi», — deyiladi xabarda.

Hozirda Navalniy «Iv Roshe» ishi bo‘yicha 3,5 yillik ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tamoqda.

Aleksey Navalniy 2020 yilning avgust oyida zaharlanib (u Rossiya Federal xavfsizlik xizmati xodimlarini ayblagan) va Germaniyada davolanib, Moskvaga kelganida hibsga olingan edi.

Navalniy hibsga olingandan so‘ng Korrupsiyaga qarshi kurash fondi Putinning Gelendjik yaqinidagi «saroyi», u kamida 100 mlrd rublga qurilgani haqida film chiqargan edi. Prezident Vladimir Putin saroy unga tegishli emasligini aytgan. Putinning biznesmen do‘sti Arkadiy Rotenberg ushbu majmuanining egasi ekanligini ma’lum qilib, saroyni apart-mehmonxona deb atadi.