21 mart kuni Facebook va Instagram ijtimoiy tarmoqlariga egalik qiluvchi Meta kompaniyasi Moskva sudi tomonidan ekstremistik tashkilot deb tan olindi. Bu haqda oldinroq Rossiya bosh prokuraturasi da’vo kiritgan edi. Sud qarori darhol kuchga kirdi — endilikda Rossiyada Facebook va Instagram`dan foydalanish taqiqlangan, biroq bu taqiq WhatsApp messenjeriga joriy qilinmadi.

Rossiya Bosh prokuraturasining da’vosi kompaniya Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlarini yoritish bo‘yicha qabul qilgan siyosatga bog‘liq. RIA Novosti ma’lum qilishicha, Instagram Rossiyaning Ukrainadagi «maxsus operatsiyasi» haqidagi feyklarni o‘chirish bo‘yicha 4,5 mingdan ortiq talablarga javob bermagan.

«Setevыye svobodы» kanali yuristlarining ta’kidlashicha, endilikda rossiyaliklar Instagram va Facebook ijtimoiy tarmoqlarida reklama sotib olishsa, bu ekstremistik tashkilotni moliyalashtirish deb qaralishi mumkin. Rossiya OAVlari esa Meta`ni taqiqlangan tashkilot deb belgilashlari kerak bo‘ladi.

Shuningdek, yuristlar ijtimoiy tarmoqlar taqiqlanishining huquqiy oqibatlarini tahlil qilishgan:

  • ijtimoiy tarmoqlardan foydalanuvchilarning huquqiy javobgarligi Meta Rlatforms Inc. faoliyati taqiqlanganligi haqidagi ma’lumot RF Adlliya vazirligi saytidagi reyestrda paydo bo‘lganidan keyingina kuchga kiradi. Tarmoqlarda ro‘yxatdan o‘tish va siyosiy bo‘lmagan mavzularda post qoldirish o‘z-o‘zidan ekstremistik jinoyat yoki huquqbuzarlikni keltirib chiqarmasligi kerak, biroq huquqiy normalar keng hamda faollar va jurnalistlar javobgarlikka tortilishi mumkin;
  • Rossiya Jinoyat kodeksining 282.3 moddasiga (ekstremistik tashkilot faoliyatida ishtirok etish) muvofiq, kompaniyaning IT-mutaxassislari-xodimlari ta’qib qilinishi ehtimoli mavjud. Meta aksiyalariga egalik qiluvchilarga ham bu taalluqli (282.3 moddasi bo‘yicha ta’qib qilish xalqaro qidiruv e’lon qilishga ruxsat beradi);
  • simvolikalarning har qanday ommaviy namoyishi — saytda, magazin va kafe eshiklarida, avtomobilda, ijtimoiy tarmoqlarda, posterlarda, vizitkalarda — ma’muriy javobgarlikka tortilish uchun asos bo‘ladi, bunda mamlakatning Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 20.3 moddasiga muvofiq, 15 sutkagacha qamoq jazosi tayinlanishi ham mumkin.

Cnew.ru keltirgan statistik ma’lumotlarga ko‘ra, fevral oyida Rossiyada eng ommabop ijtimoiy tarmoq «VKontakte» bo‘lgan — 21,86% ulush. Facebook 17,35%, YouTube 15,22%, Instagram 14,08% ulushga ega bo‘lgan.

Shuningdek, 21 mart kuni Roskomnadzor Euronews saytini ham blokladi.