Noma’lum etiologiyali zaharlanish natijasida 5 nafar fuqaro olamdan o‘tdi, deya xabar bermoqda FVV.

21 mart kuni Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida joylashgan Shikorbegi 3-berk ko‘chasidagi uyda 5 nafar fuqaro vafot etdi. Mutaxassislarning o‘rganishlariga ko‘ra, fuqarolar is gazidan zaharlanib vafot etganligi taxmin qilinmoqda.

Fargoniy.uz kanali xabar berishicha, vafot etgan fuqarolar bir oila a’zolari bo‘lib, bular Qo‘qon shahridagi «Hazrati Abbos» masjidi imom-xatibi Saidkamolxon Mahmudov, uning turmush o‘rtog‘i va uch nafar voyaga yetmagan farzandlari bo‘lgan.

«Hududgazta’minot» matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, xonadon gazlashtirilgan bo‘lgan. Xonadan o‘rganilganda, avtomobil saqlash joyida ikki konturli isitish qozoni o‘rnatilganligi va uning tepasida yotoqxona joylashganligi aniqlangan.

«Shu bilan birga, dudb’oronda nosozliklar aniqlangan, xususan, uning yaxlitligi buzilgan. Bu esa is gazi to‘planishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan», — deyiladi xabarda.

FVV o‘lim sababini aniqlash maqsadida sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangani, ekspertiza natijalari olingandan so‘ng, qo‘shimcha ma’lumot taqdim etilishini ma’lum qildi. Tergov harakatlari ham olib borilmoqda.