Davlat statistika qo‘mitasi 2022 yilning yanvar-fevral oyidagi eksport va import tarkibi bo‘yicha xabar berdi.

2022 yilning birinchi ikki oyi davomida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 8 mlrd 731,3 mln AQSh dollariga teng bo‘lib, 2021 yilning mos davriga nisbatan 4,01 mlrd dollarga yoki 84,9% ga ko‘paydi.

Eksport hajmi 4,1 mlrd dollarga yetib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 173,2% ga ko‘paydi. Yanvar-fevral oylarida O‘zbekiston eksportining asosiy qismini oltin eksporti tashkil etgan — 2 mlrd 361 mln dollar (eksport hajmining 57,7 foizi).

«2021 yilning yanvar-fevral oylarida oltin eksporti amalga oshirilmagan edi. Oltinsiz eksport o‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda qariyb 20% ga o‘sgan. Oltin eksportini hisobga olmasak, import hajmining eksportdan tezroq o‘sayotganligi yaqqol ko‘rinadi», — deya izohladi ushbu holatni iqtisodchi Mirkomil Xolboyev.

Shuningdek, 1 mlrd 386 mln dollarlik tovarlar va 348,5 mln dollarlik xizmatlar chet davlatlariga eksport qilingan. Asosiy eksport tovarlari — meva-sabzavot, to‘qimachilik, rangli metallar eksporti barqaror o‘sishda davom etmoqda. Gaz eksporti o‘tgan yil tegishli davri ko‘rsatkichlarida davom etgan bo‘lsa, avtomobillar eksporti 2,5 barobarga qisqarib ketgan.

Import 4,6 mlrd dollarni tashkil qilib, 2021 yilning mos davriga nisbatan 43,9% ga ko‘paydi. Import tarkibining katta qismini tovarlar egallagan — 4 mlrd 330 mln dollar. Ushbu davrda 304,6 mln dollarlik xizmatlar ham import qilingan.

Import tarkibida eng katta ulush mashinalar va transport asbob-uskunalari (34,1%), sanoat tovarlari (19,8%) hamda kimyoviy vositalar va shunga o‘xshash mahsulotlar (13,0%) hisobiga to‘g‘ri keldi. Avtomobillar importi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 7,1 barobarga ko‘paygan. Bundan tashqari, oziq-ovqat mahsulotlari, neft va neft mahsulotlari importi yuqori sur’atda o‘sishda davom etmoqda.

Hisobot davrida passiv tashqi savdo balansi qayd etilib, 538,4 mln dollarni tashkil etgan.

Tashqi savdo aylanmasida eng yuqori ulushga ega bo‘lgan davlatlar:

  • Xitoy — 1 mlrd 358 mln dollar (310,5 mln dollar eksport, 1 mlrd 48 mln dollar import);
  • Rossiya — 1 mlrd 252 mln dollar (346,8 mln dollar eksport, 905,2 mln dollar import);
  • Qozog‘iston — 620,1 mln dollar (141,7 mln dollar eksport, 478,5 mln dollar import);
  • Turkiya — 521,2 mln dollar (238,4 mln dollar eksport, 282,8 mln dollar import);
  • Koreya Respublikasi — 401,5 mln dollar (5,7 mln dollar eksport, 395,7 mln dollar import);
  • Germaniya — 176,1 mln dollar (13,8 mln dollar eksport, 162,3 mln dollar import);
  • Qirg‘iz Respublikasi — 140,7 mln dollar (115 mln dollar eksport, 25,7 mln dollar import);
  • Ukraina — 114 mln dollar (36,1 mln dollar eksport, 77,9 mln dollar import);
  • Tukrmaniston — 108,8 mln dollar (18,8 mln dollar eksport, 90 mln dollar import);
  • Hindiston — 98 mln dollar (5,6 mln dollar eksport, 92,4 mln dollar import).

Deyarli barcha yirik savdo hamkorlari bilan savdo hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan oshgan bo‘lsa, Turkmaniston, Litva va Italiya bilan savdo hajmi pasaygan.

Tashqi savdo aylanmasi tarkibida eng yuqori ulushni Toshkent shahri 31,2% ulush bilan 2 mlrd 727 mln dollarni, eng quyi ulushni esa Surxondaryo viloyati 0,8% ulush bilan 67,1 mln dollarni tashkil etdi.