Asalhoney taxallusi bilan mashhur bloger Asal Xodjayeva Toshkentdagi o‘z uyida o‘lik holda topildi. Poytaxt IIBB ushbu xabarni «Gazeta.uz»ga tasdiqladi.

Ish prokuratura tomonidan tergov qilinmoqda, deya xabar berdi boshqarma.

Bosh prokuratura matbuot xizmatining aniqlik kiritishicha, 18 mart kuni Yashnobod tumani, Maxtumquli ko‘chasidagi uyda uning murdasi qotillik alomatlari bilan topilgan.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, jinoyatni fosh etishga qaratilgan tezkor-tergov harakatlari olib borilmoqda.

Yanvar oyi boshida ijtimoiy tarmoqlarda uning o‘limi haqidagi xabarlar tarqalgan edi. O‘shanda IIBB mazkur xabarni rad etgandi.

2020 yil oxirida ayolga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasi (haqorat) va 183-moddasi (mayda bezorilik) bo‘yicha 5 sutkaga ma’muriy qamoqqa olish va 4,46 mln so‘m miqdorida jarima belgilangandi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, u Instagram`da bir erkak bilan yozishmalarning bir qismini joylashtirgan, shundan so‘ng u noma’lum shaxslardan unga nisbatan tahdidlar ola boshlagan va sudga murojaat qilgan.

O‘sha oyda u videomurojaatda o‘zining «behayo rasmlari va videolari uchun» uzr so‘ragan edi. Ayol uni bezovta qilmasliklarini so‘rab, to‘g‘ri yo‘lga kirganini aytgandi.

Asal Xodjayevaning Instagram-sahifasida obunachilar soni xabar yozilgan vaqtda 212 mingdan ziyod edi.