15 mart kuni Rossiya qo‘shinlari tomonidan o‘qqa tutilishi davom etayotgan Kiyevga poyezdda Polsha bosh vaziri Mateush Moravetskiy, bosh vazir o‘rinbosari Yaroslav Kachinskiy, Chexiya bosh vaziri Petr Fiala va Sloveniya bosh vaziri Yanez Yansha tashrif buyurdi. Ular Ukraina poytaxtidagi vaziyat bilan tanishdi va prezident Vladimir Zelenskiy bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Polsha hukumati saytida e’lon qilingan xabarda aytilishicha, mamlakat delegatsiyasi «Ukraina suvereniteti va mustaqilligini Yevropa Ittifoqi miqyosida so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashini tasdiqlash» hamda «Ukraina va ukrainaliklarga keng ko‘lamli yordam ko‘rsatish» maqsadida Yevropa Ittifoqi vakillari sifatida Ukrainaga tashrif buyurgan".

Polsha hukumati rahbari Mateush Moravetskiy Ukrainaning YeIga nomzod maqomini olishi muhimligini ta’kidladi.

«Yevroittifoq tezda nomzod maqomini berishi va Ukrainani YeIga taklif qilishi kerak, — dedi u. — Ukraina nafaqat o‘z erkinligi va mustaqilligi uchun kurashmoqda, balki fundamental Yevropa qadriyatlarini ham himoya qilmoqda».

Foto: gov.pl

Sloveniya bosh vaziri Yanez Yansha tashrif yakunlari haqida shunday dedi: «Oxirgi ikki yil davomida biz Yevropaning asosiy qadriyatlari haqida gapiryapmiz. Asosan nazariy muhokamalar. Keyin biz to‘satdan ushbu fundamental Yevropa qadriyatlari haqiqatan ham mavjudligini anglab yetdik. Va ularga tahdid qilinmoqda. Va yevropaliklar ularni himoya qiladi. O‘z jonlari bilan. Ukrainada».

«Hozir biz qadriyatlarimiz haqida gapiradigan bo‘lsak, butun qit’amizda Ukrainadan ko‘ra Yevropa davlati yo‘q. Nafaqat o‘z vataningizni va Yevropani hudud sifatida himoya qilganingiz uchun, balki Yevropa qadriyatlari va turmush tarzimiz mohiyatini himoya qilganingiz uchun ham rahmat. Sizning kurashingiz bizning kurashimiz va biz birgalikda g‘alaba qozonamiz», — dedi u.

Prezident Vladimir Zelenskiy Yevropa yetakchilarining «Ukraina uchun og‘ir vaqtda» tashrifini «qo‘llab-quvvatlashning kuchli dalili» deb atadi. «Biz buni juda qadrlaymiz», dedi u.

«Rossiya Federatsiyasining zaminimizga keng ko‘lamli bostirib kirishi tufayli ko‘plab elchixonalar Ukrainani tark etishdi va bu hurmatli odamlar, o‘zlarining go‘zal, mustaqil Yevropa davlatlarining rahbarlari esa hech narsadan qo‘rqmaydilar. Va bizning taqdirimiz uchun ko‘proq qo‘rqishmoqda. Va ular bizni qo‘llab-quvvatlash uchun shu yerdalar. Bu ulkan, mardona, to‘g‘ri, do‘stona qadamdir. Ishonchim komilki, shunday do‘stlar, shunday davlatlar, qo‘shnilar va sheriklar bilan biz haqiqatan ham g‘alaba qozona olamiz», — deya ta’kidladi Vladimir Zelenskiy.