16 mart kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Davlat soliq qo‘mitasida soliq ma’murchiligini isloh qilish va sohaga axborot texnologiyalarini keng joriy etish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi, deya xabar berdi «Mikrofon ko‘targan ayol» Telegram-kanali.

«Bugungi soliqchilar 3 yil oldingi soliqchilar emas. Zamon ham o‘zgardi, bular ham o‘zgardi: 5 yilda biz mutlaqo yangi soliq tizimini yaratdik. 2020 yilda ko‘p muhokamalardan so‘ng, biz bugungi O‘zbekistonimizga munosib bo‘lgan yangi Soliq Kodeksini qabul qildik. 13 tadan 9 taga soliq turlari kamaytirildi. Mulk solig‘i 5 foizdan 1,5 foizga tushdi. QQS 20 foizdan 15 foizga tushdi. 2023 yil 12 foizga tushirishimiz kerak. Buning uchun ko‘p ish qilishimiz kerak. Odamlar qachon bizdan rozi bo‘ladi? Soliq yuki kamayib, daromadlarimiz oshib borsa, rozi bo‘ladi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yig‘ilishda Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev soliq ko‘rsatkichlari, sohadagi o‘zgarishlar haqida axborot berdi. Shuningdek, u fuqarolarga qaytarilayotgan keshbek tizimini real vaqt rejimi va real chekda davlat rahbariga ko‘rsatib berdi.

«Shu paytgacha faqat soliqchi soliq yiqqan. Tarixda birinchi marta sizning qaroringiz bilan, yanvar oyidan boshlab, odamlarga keshbek qilib qaytarib beryapmiz. Fuqarolar do‘kondan olgan chekini mobil ilova orqali QR-kodini skanerlaganidan so‘ng, chek tizimga muvaffaqiyatli qabul qilinadi. Agar chek 52 ming so‘mga urilgan bo‘lsa, 520 so‘m fuqaroning hamyoniga tushadi. Ya’ni, 1 foizi qaytariladi. Odamlar endi chekni sotuvchilardan o‘zi talab qilib olyapti. Yanvar oyining o‘zi uchun 25 milliard so‘mdan ziyod keshbek urilgan. Rad etilgan cheklar ham bor. Agar cheklarda mahsulotning identifikatsiya nomeri noto‘g‘ri kiritilgan bo‘lsa, tizim qabul qilmaydi. Bu orqali xaridor keyin o‘sha do‘konga kirmaydi, yoki chek yozgan sotuvchiga savol berishga odatlanadi», — deya sharhladi Sherzod Kudbiyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi har bir kassa endi QR-kodi bo‘lgan chek berishi kerak. Agar ular bunday chek bermasa, yoki plastikka savdo qilishni istamasa, do‘konda tortishib o‘tirmasdan, xaridor «Soliq hamkor» tizimi orqali ushbu tadbirkorlik subyekti haqida xabar berishi mumkin.

Davlat rahbari tadbirkor yangicha soliq hisobotini, o‘zgarishlarni bilmagan taqdirda, unga jazo berish kerak emasligini, to‘g‘ri yo‘lni o‘rgatish, ishontirish kerakligini ta’kidladi.

«Faqat biz to‘g‘ri qilyapmiz, deb yurishimiz noto‘g‘ri. Nega endi odamlar norozi bo‘lyapti deb ulardan xafa bo‘lishimiz kerak? Eng katta muammoingiz — tushuntirib bermaganingiz. Bu noto‘g‘ri. Soliq organidagi barcha darajadagi rahbarlar tadbirkorlar, odamlar bilan tez-tez uchrashib, muammolarini eshitishi, tushunmovchiliklarning oldini olishi, ijtimoiy tarmoqlarda, OAVda kerakli axborotni berishi, o‘rgatishi va yaqin ko‘makchisi bo‘lishi kerak», — dedi davlat rahbari.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev soliq tizimida ishlayotgan 200 nafar mutaxassisni Turkiya, Janubiy Koreya va boshqa davlatlarda o‘qitish hamda malakasini oshirish bo‘yicha tezroq ro‘yxatni shakllantirish haqida topshiriq berdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Gazeta.uz» xarid chekini ro‘yxatdan o‘tkazish va keshbek olish bo‘yicha qo‘llanma tayyorlagan edi.