72,97 foiz ovoz olgan Serdar Gurbangulevich Berdimuhamedov Turkmaniston prezidenti etib saylangan deb tan olindi. Bu haqda Turkmanistonda Saylov va referendumlarni o‘tkazish bo‘yicha markaziy komissiya ma’lum qildi.

12 mart kuni respublika bo‘yicha ro‘yxatga olingan 3,46 mlndan ziyod saylovchidan 3,36 mlndan ortiqrog‘i yoki 97,17 foizi ovoz bergani ma’lum qilindi.

Saylovda jami 9 nafar nomzod ishtirok etdi. Shunday qilib, ovoz berish natijalariga ko‘ra:

  • Lebap viloyati moliya-iqtisodiyot ixtisoslashtirilgan maktabi direktori Perxat Guvanchgulevich Begenjov 2,02 foiz;
  • Maryam viloyati hokimi o‘rinbosari Agadjon Bekmirodov 7,22 foiz;
  • Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari Serdar Gurbangulevich Berdimuhamedov 72,97 foiz;
  • Turkmaniston Sog‘liqni saqlash va tibbiyot sanoati vazirligining «Avaza» sanatoriysi bosh shifokori, Turkmaniston Majlisi deputati Berdimammet Xanmamedovich Qurbonov 2,22%;
  • «Wepaly gurluşyk» xo‘jalik kompaniyasi direktori Meredov Babamurat Tirkeshovich 1,08%;
  • Turkmaniston davlat jismoniy tarbiya va sport instituti ilmiy ishlar bo‘yicha prorektori Xydir Kakabayevich Nunnayev 11,09%;
  • Turkmaniston Demokratik partiyasi qo‘mitasi raisi, Toshhovuz viloyati Saparmurat Turkmanboshi etrapi Maqsat Myradovich Odeshov 1,15%;
  • Axal viloyati Babadayxon etrapi sanitariya-epidemiologiya xizmati boshlig‘i Maqsatmurod Ashirgeldiyevich Ovezgeldiyev 1,16%;
  • Turkmaniston davlat energetika institutining «Qayta tiklanuvchi energiya manbalari» ilmiy-ishlab chiqarish markazi direktori Kakageldi Atajanovich Sariyev 1,09% ovoz to‘pladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq mamlakat prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov Xalq Maslahati yig‘ilishida nutq so‘zlab, davlat boshqaruvi yosh rahbarlarga berilishi kerakligini ma’lum qilgandi. Uning o‘zi esa Xalq Maslahati raisi sifatida faoliyatini davom ettirmoqchi.