2021 yilning noyabr oyi yakunlariga ko‘ra, 5 mln so‘mdan ko‘proq ish haqi oluvchilar soni 209 mingtaga ortib, 513,2 ming kishini tashkil qilgan. Bu haqda O‘zbekiston Davlat budjeti daromadlarining 2021 yildagi ijrosi bo‘yicha dastlabki ma’lumotlarida ma’lum qilindi.

Shuningdek, ushbu davrda 1,6 mlndan ko‘proq kishi 1 mln so‘mgacha oylik ish haqi olgan. Ushbu miqdorda oylik oluvchilar soni 2021 yilda 152,8 ming nafarga kamaygan hamda ularning jami daromad solig‘i tushumlaridagi ulushi 34,5 foizgacha (2020 yilda 40%) pasaygan.

Ish haqi darajasining dinamikasi. Manba: Moliya vazirligi ma’lumotlari.

Quyidagilar tushumlar oshishining asosiy omillari bo‘ldi:

  • iqtisodiy faollikning tiklanishi;
  • budjet sektorida eng kam ish haqi miqdorining 2020 yil bilan solishtirganda o‘rtacha 12,8%ga oshishi;
  • 2020 yilda vaqtincha to‘xtatib qo‘yilgan budjet tashkilotlarida moddiy rag‘batlantirish to‘lovlarining 2021 yil boshidan qisman tiklanishi;
  • xususiy sektorda ishlovchilar soni va mehnatga haq to‘lash fondining legallashtirilishi.

Yana bir e’tiborli jihati shundaki, 2021 yilda eng ko‘p maosh oluvchilar va eng kam maosh oluvchilar soni ham nobudjet sohasida ko‘proq bo‘lgan. Jumladan, nobudjet sohasida 1 mln so‘mgacha ish haqi oluvchilar soni 1,1 mlndan ziyodroqqa oshdi va jami maosh oluvchilarning 24,4 foizini tashkil qildi. 4 mln so‘mdan ortiq maosh oluvchilarning 487,4 ming nafari yoki jami maosh oluvchilarning 10,4 foizi ham nobudjet sohasida.

“Boshqacha aytganda nobudjet sektorida maoshlar legallashmoqda, lekin bu umuman yetarli emas. Agar bizni kutayotgan va yopirilib kelayotgan krizis inobatga olinsa, ko‘p ishchi kuchi talab etadigan sohalar — qishloq xo‘jaligi, qurilish, umumiy ovqatlanish, chakana savdo, avtomobil transporti, maishiy xizmat kabi sohalarda mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun hech qursa yil oxirigacha 1 foizlik daromad solig‘i, 1 fiozlik ijtimoiy soliq rejimiga o‘tish haqida o‘ylab ko‘rish kerak”, — deya yozdi iqtisodchi Otabek Bakirov.

2021 yilda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha tushumlar 18,9 trln so‘mni tashkil etdi. Daromad solig‘i tushumlari 3,8 trln so‘mga o‘sgan. 2021 yilning noyabr oyi yakunlariga ko‘ra, jami 4,7 mlnga yaqin kishi (2020 yil noyabrida — 4,4 mlndan ziyod) o‘z maoshlaridan daromad solig‘i to‘lagan. Ulardan 42,6% — budjet tashkilotlarining xodimlari, 57,4% — nobudjet tashkilotlarning xodimlari. Daromad solig‘i to‘lovchilar soni 2020 yilga nisbatan 263 ming nafarga ortgan.

Bundan tashqari, 2021 yilda dividendlar va foizlar tarzidagi soliq daromadlaridan budjet tushumlari — 552,3 mlrd so‘mni tashkil etdi. Bu 2020 yil bilan solishtirganda 137,5 mlrd so‘mga ko‘proqdir.

Mol-mulkni ijaraga berish bo‘yicha soliq daromadlaridan budjetga tushumlar 261,4 mlrd so‘mni tashkil etdi yoki 85 mlrd so‘mga o‘sdi. Yakka tartibdagi tadbirkorlardan budjetga tushumlar — 396,7 mlrd so‘m, bu 2020 yil bilan solishtirganda 110,4 mlrd so‘mga ko‘proq bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 2021 yilda o‘rtacha oylik ish haqi 3,2 mln so‘mni tashkil qilgani haqida yozgan edik.