14 mart kuni kechki paytda Rossiyaning “Первый канал” telekanali xodimi, muharrir Marina Ovsyannikova jonli efir vaqtida urushga qarshi bayonot bilan chiqdi. Meduza nashrining yozishicha, holat Moskva vaqti bilan soat 21:35 da “Время” dasturi boshlovchisi Yekaterina Andreyeva g‘arb sanksiyalariga qarshi chora-tadbirlarga oid lavha uchun kirish so‘zini o‘qiyotganda sodir bo‘lgan.

Videolardan Marina Ovsyannikova kadrda “Urushni to‘xtating. Propagandaga ishonmang. Bu yerda sizni aldashmoqda. Russians against war (Rossiyaliklar urushga qarshi — tarj.)” yozuvli plakat bilan ko‘rinish bergan.

U bir necha marotaba “Urushni to‘xtating” deb takrorlagan, shundan so‘ng boshlovchining gapi yakunlanmasa-da, sanksiyalar haqidagi reportajga o‘tib ketilgan. Shundan so‘ng, politsiyachilar Marinani Moskvaning Ostankino tumani ichki ishlar bo‘limiga olib ketishgan.

Marina Ovsyannikova shu kuni videomurojaat bilan ham chiqqan edi. “Hozir Ukrainada sodir bo‘layotgan narsalar jinoyatdir. Rossiya tajovuzkor mamlakat. Bu tajovuz uchun javobgarlik faqat bir insonning bo‘ynida, u ham bo‘lsa Vladimir Putin. Mening otam ukrain, onam esa rus va ular hech qachon bir-biriga dushman bo‘lmagan”, — dedi u.

U shuningdek, bo‘ynidagi marjon Rossiya birodarlar qotilligi urushini darhol to‘xtatishi kerakligining ramzi ekanligi ta’kidlab, qardosh xalqlar hali ham yarashishi mumkinligini aytdi.

Foto: Videodan lavha.

“Afsuski so‘nggi yillarda “Первый канал"da ishlab, Kreml propagandasi bilan shug‘ullanganman va buning uchun hozir juda ham uyalaman. Televizor ekranidan yolg‘on gapirishga, rus xalqini zombiga aylantirishga ruxsat berganimdan uyalaman. Biz 2014 yilda bularning bari endi boshlanganda sukut saqladik… Biz ushbu g‘ayriinsoniy rejimni faqatgina jimgina tomosha qildik. Va hozir bizdan butun dunyo yuz o‘girdi. Va bizning yana 10 ta avlodimiz bu birodar qotilligi urushi sharmandaligini yuva olmaydi”, — dedi Marina Ovsyannikova.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy muharrir Marina Ovsyannikovaga minnatdorchilik bildirdi. “Men haqiqatni yetkazishdan to‘xtamayotgan, dezinformatsiya bilan kurashayotgan va haqiqatni aytayotgan, do‘stlari va yaqinlariga real faktlarni gapirib berayotgan rossiyaliklarga va shaxsan „Первый канал“ studiyasida urushga qarshi plakatni ko‘tarib chiqqan qizga minnatdorchilik bildiraman”, — dedi Zelenskiy.

TASS nashrining xabar berishicha, Marina Ovsyannikovani qo‘lga olishgan, unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 20.3.3 moddasi bo‘yicha (Rossiya Qurolli Kuchlarini obro‘sizlantirganlik uchun) bayonnoma tuzilgan. “Первый канал” esa “jonli efir vaqtida kadrda begona odam paydo bo‘lishi yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazishni boshlagan.

Mazkur holat O‘zbekiston jamoatchilik vakillari e’tiboridan ham chetda qolmadi. Xususan, kimdir ijtimoiy tarmoqlarda shunchaki video bilan bo‘lishgan bo‘lsa, kimdirlar vaziyatga o‘z nazdida izoh ham berib o‘tdi.

Jurnalist, bloger Muhrim A’zamxo‘jayev Marina Ovsyannikovani “мард ayol” deb atadi.

Hodisa videosini qayta-qayta ko‘rarkanman, miyamda faqat bir savol aylanyapti: qanday qilib qo‘rqmadi ekan? Qo‘rquvni qanday qilib yengdi ekan? Qo‘rqmaslik uchun qanday odam bo‘lish kerak o‘zi?”, — dedi u.

U “Novaya gazeta” bosh muharriri, Nobel mukofoti sohibi Dmitriy Muratov va faoliyati tugatilgan “Exo Moskvы” bosh muharriri Aleksey Venediktov intervyularini ko‘rayotganida ham shu savol tinchlik bermaganini ta’kidladi.

“Bular nega qo‘rqmaydi? Yo‘q, to‘g‘ri, Muratov ham eski bir gapni takrorlabdi: „Ahmoqlargina qo‘rqmaydi“, deb. Tushunmaydiganim shu-da: qo‘rqsa, unda qanday qilib chetdan qaraganda qo‘rqinchli ko‘rinadigan hozirgi (haqiqatni aytish) ishini davom ettiraveradi? Qayerdan kuch oladi?”, — deya savol bilan yuzlangan Muhrim A’zamxo‘jayev.

Davletovuz esa Rossiyaning birinchi kanalidagi ushbu vaziyatni “haqiqat uchun kurashuvchi hamma joyda topiladi”, deya qisqa qilib izohlagan.

Ular loyihasi muallifi Laziz Hamidov Twitter`da “Putinga allaqachon hamma qarshi, xatto o‘z propagandasi ham”, deb yozgan.

Iqtisodchi Otabek Bakirov shunday dedi: “Miyasi zaharlangan, zombiga aylangan, faqat taqdim etilgan shablonni qabul qilish darajasiga tushganlar uchun hech bir ratsional chora, tanqidiy fikrlashga undash, sog‘lom aqlga murojaat amal qilmaydi”. Uning qo‘shimcha qilishicha, “bu ham evolyutsiya. Faqat antievolyutsiya. Turlarning tanlanishi”.