15 mart kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov va saylangan prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqotlari bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.


Foto: O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati.

«Davlatimiz rahbari Turkmaniston tomonini g‘oyatda muhim siyosiy tadbir — prezident saylovi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani, unda Serdar Berdimuhamedov ishonchli g‘alaba qozongani bilan samimiy tabriklab, qardosh Turkmaniston xalqiga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi», — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini izchil mustahkamlashga qaratilgan birgalikdagi ishlar davom ettirilishiga ishonch bildirildi. Ikki tomonlama munosabatlar kun tartibi va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari ham muhokama qilindi.

Bundan tashqari, ikki mamlakat yetakchilari parlamentlar o‘rtasidagi faol muloqotni, shu jumladan xalqaro tashkilotlar doirasida davom ettirish muhimligini ta’kidladilar.

Bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlar rejasi ko‘rib chiqildi.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Turkmanistonning saylangan prezidenti Serdar Berdimuhamedovni saylovda qozongan g‘alabasi bilan tabriklagani haqida xabar qilingan edi.