Bugun, 14 mart kuni O‘zbekistonga COVAX dasturi doirasida qariyb 1 mln 999 ming 530 doza Pfizer/BioNTech vaksinasi keltirildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Shunday qilib, O‘zbekistonda foydalanilayotgan vaksinalar miqdori 61 268 553 dozaga yetdi.

Vaksinalarning turlari bo‘yicha soni quyidagicha:

  • 2 404 480 dozasi AstraZeneca;
  • 41 996 268 dozasi ZF-UZ-VAC2001;
  • 1 341 790 dozasi «Sputnik V»;
  • 8 580 460 dozasi Moderna;
  • 4 626 180 dozasi Pfizer/BioNTech;
  • 1 976 000 dozasi Sinovac;
  • 343 375 dozasi Sputnik Light vaksinasidir.

Ushbu vaksinalardan 46,9 million dozadan ortiq vaksina emlash jarayonlarida qo‘llanildi. Hozirda mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga qarshi 14,2 mln dozadan ko‘proq vaksina zaxirasi mavjud.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin 2 mart, chorshanba kuni O‘zbekistonga COVAX dasturi doirasida shprits va ularni xavfsiz utilizatsiya qilish uchun qutilardan iborat umumiy qiymati 669 ming AQSh dollariga teng bo‘lgan yuk yetib kelgandi.