«Gazeta.uz» Ukrainada urush boshlanganidan keyin Toshkentga kelgan va O‘zbekistonga yashash uchun ko‘chib o‘tishni rejalashtirayotgan Rossiya fuqarolarining hikoyalarini to‘pladi. Ular nima sababdan Rossiyani tark etishga qaror qilganliklari va nima uchun O‘zbekistonni tanlashgani, bu yerda nima bilan shug‘ullanayotganliklari va qanday muammolarga duch kelishayotgani haqida so‘zlab berishdi.

«Men har doim hech qayerga ketishni xohlamasligimni aytardim»

Oleg (ismi o‘zgartirilgan), 23 yosh, Moskva. Kreativ sanoat sohasida magistratura talabasi. Toshkentga ko‘chib o‘tdi.

Rossiyani tark etishdan oldin, menda tez fursatlarda harbiy holat joriy etilishi bo‘yicha qat’iy hissiyot bor edi. Mart oyining ilk kunlaridagi ayrim harakatlar va ba’zi holatlar menga uning xabarchilaridek tuyuldi. 24 fevraldan boshlab har daqiqada yangiliklarni kuzatib bordim. Agar ularni o‘qimagan bo‘lsam, nima sodir bo‘layotgani haqidagi podkastlarni tinglab bordim. Agar podkastlarni tinglamagan bo‘lsam, ayni shu mavzuga o‘xshash biror narsani tomosha qildim.

Mana shunday rejimda 2 martga qadar yashadim. O‘sha kuni uyqudan uyg‘oniboq, «Mediazona»ning «Siz-chi, qochasizmi? Mamlakatni tark etishga qaror qilgan rossiyaliklarni chegarada so‘roq qilishmoqda» deb nomlangan maqolasini o‘qidim. Shundan so‘ng, RIA Novostining «Belarus chegara qo‘mitasi 18 dan 60 yoshgacha bo‘lgan erkaklarga respublikani tark etish taqiqlangani haqidagi xabarlarni rad etdi» nomli materialini ko‘rib qoldim. Va mening xavotirlarim yanada kuchaya boshladi. Shu kabi mish-mishlar borligining o‘zi xavotirlantirdi.

«Meduza» o‘zining «vahima ko‘tarishga moyil bo‘lmagan» manbalariga tayanib, tez fursatlarda harbiy holat joriy etilishiga ishora qildi. Huddi shu narsani Ukraina razvedkasi ham, Ukraina prezidentining maslahatchisi va muzokaralar guruhi a’zosi Mixail Podolyak ham aytgandi. Menga tanish bo‘lgan huquqshunos ham bir nechta bir-biridan mustaqil manbalariga tayanib, 4 mart, juma kuni harbiy holat joriy etilishini ta’kidladi.

Shaxsan o‘zim ham so‘nggi kunlarda nimalar sodir bo‘layotganini tahlil qilib ko‘rishga urindim. Davlatning bir qator harakatlari va ayrim vaziyatlar harbiy holat joriy etilishiga ishoradek tuyuldi, shuning uchun ham men ketishga qaror qildim.

Harbiy holatda ular chegaralarni yopishi va safarbarlik e’lon qilishi mumkin. Men uchun bu quyidagilarni anglatardi. 2020 yilda harbiy kafedrani tamomlaganman, harbiy yig‘inlardan beri 2 yildan kamroq vaqt o‘tdi. Bu — safarbarlik boshlangudek bo‘lsa, meni birinchilardan bo‘lib chiqarishadi degani.

Misol uchun zaxiradagi podpolkovnik, Plexanova nomidagi RIUning siyosiy fanlar va sotsiologiya kafedrasi dotsenti Aleksandr Perendjiyev ham shu haqda gapirgandi. Menga o‘xshaganlar uchun qayta harbiy yig‘inlarni o‘tkazish ham shart emas, — darhol harbiy operatsiyaga yuborish mumkin. Bu mening fikrim, dunyoqarashim, his-tuyg‘ularimga zid keladi. Shuning uchun ham men Rossiyani tark etishga qaror qildim.

Hozir Putin «Rossiyaning Ukrainadagi maxsus harbiy operatsiyasini o‘tkazishda harbiy xizmatga chaqiriluvchilar va zaxiradagi askarlar jalb etilmagani va jalb qilinmasligini» aytmoqda. Hozir esa biz Ukrainada qo‘lga olingan odamning monologi haqidagi xabarni ko‘rib turibmiz.

Men Putinga ishonmayman. Ehtimol, ilgari uning so‘zlari nisbiy xavfsizlikning kafolati bo‘lardi — hech bo‘lmaganda ilk martaga. Biroq, u va uning barcha mulozimlari Ukrainadagi urush haqida uni xatto, tasavvur ham qilish mumkin emasligini aytishdi. Biz endi nimani ko‘rayapmiz? Urush yo‘q, lekin maxsus operatsiya bor. So‘zlarning o‘rnini almashtirib qo‘yish sog‘lom fikr ustidan g‘alaba qozona olmaydi.

Mening atrofimdagilar — kreativ sanoat odamlaridan iborat. Tabiiyki, ko‘pchiligimiz uchun sodir bo‘layotganlarning barchasi fojia sifatida qabul qilinadi. Mening jurnalistikada o‘qiydigan tanishlarim Rossiyada barcha mustaqil media yo‘q qilib tashlangan bir vaqtda — ularning [o‘quv] dasturlari nima sababdan saqlanib qolinganini tushuna olishmayapti. Odamlar shunchaki, hayot mazmunini yo‘qotib qo‘yishdi.

Iqtisodiy cheklovlarga to‘xtaladigan bo‘lsam, hozir Rossiyadagi kartalarimda bor pullarni ishlatishim uchun ayrim «bub bilan raqslarni» amalga oshirimga to‘g‘ri keladi. Lekin eng katta muammo bu emas. Iqtisodiy muammolar to‘lqini allaqachon eshitilmoqda, u yaqin orada Rossiya fuqarolarini qamrab oladi. Nafaqat ularni. O‘ylaymanki, yaqin davlatlar, shu jumladan O‘zbekiston ham jiddiy zarar ko‘radi. Oddiy odamlar uchun bu unchalik ham sezilmasligi mumkin — chunki ularda shartli ravishda investitsiyalar yo‘q, ularga fond birjasida kim qancha yo‘qotganining farqi yo‘q. Biroq bu tez kunlarda ularning hamyoniga ham ta’sir o‘tkaza boshlaydi. Hozir Rossiyada aprel oyida kutilayotgan defoltni muhokama qilishmoqda. Bu mutlaqo hammaga ta’sir qiladi, urush har birimizni jarohatlaydi.

Rossiyada biznes juda depressiv munosabat bildirmoqda deb o‘ylayman. Albatta, har doim yangi imkoniyatlar ochiladigan insonlar bor. Misol uchun, kimdir rossiyaliklar endi o‘z vatanida sotib ololmaydigan narsalarni xarid qilishi uchun O‘zbekistonga u yoki bu tovarlar importini amalga oshirish to‘g‘risida muzokaralar olib borishni o‘ylay boshlaydi. Ammo aksariyat hollarda, o‘ylashimcha, barcha odamlarning rejalari buzilib ketdi. Biznes vakillarining hech biri, aftidan, bu kabi ssenariydan ogohlantirilmagan.

Hukumat va ehtimol, yirik davlat sektori tayyorgarlik ko‘rgan maksimal daraja bu — DNR va LNRni mustaqil deb tan olish bo‘lgan, deb hisoblaydi rus elitasida ko‘plab manbalarga ega siyosiy sharhlovchilar Andrey Persev va Konstantin Gaaze.

Balki, har bir kishida qachondir ehtimoliy migratsiya haqida suhbatlar bo‘lgan. Shu kabi muloqotlar vaqtida men har doim hech qayerga ketishni xohlamasligimni aytardim. Men xattoki, fikrimni o‘zgartirishga nima sabab bo‘lishi mumkinligini ham tasavvur qila olmasdim. Endi esa nima ekanligini aniq bilaman.

Sevimli shahrimdan voz kechishimga to‘g‘ri keldi (umid qilamanki, uzoq muddatga emas). Sevimli futbol jamoamning o‘yinlariga tashrif byuurishdan tortib, oilam bilan jonli muloqot qilishgacha. Jonajon Moskva sog‘inchining qo‘rquvi ham yo‘q emas.

Mamlakatni tanlash jarayonida u yerga yetib olish (samolyotlar uchayotgan bo‘lishi, chegara ochiqligi, xorijiy vaksinalar talab etilmasligi) muhim edi. Mening holatimda 4 mart soat 23:59 gacha uchib ketish zarur edi.

Shuningdek, [men boradigan] mamlakat ODKB va Yevrosiyo iqtisodiy ittifoq tarkibiga kirmasligi muhim edi — menimcha, safarbarlik joriy etilgan taqdirda, bu oqilona parametr bo‘ladi. Shu munosabat bilan variantlar doirasi keskin qisqardi, chiptalar tez sur’atlarda tugab borardi va O‘zbekiston ozmi-ko‘pmi [chiptalari] adekvat narxda bo‘lgan yagona variant bo‘lib qoldi.

Odatda men sayohat uchun yaxshi tayyorgarlik ko‘raman, barcha yo‘l yo‘riqnomalarini o‘qib chiqaman, xaritada tashrif buyurishni rejalashtirgan joylarimga ko‘plab belgilar qo‘yib chiqaman. Bu safar esa men hech nimaga ulgurmadim — ertalabki soat 10 da chipta xarid qildim, uchish vaqti esa soat 15:40 da edi.

Shuning uchun ham yonimda faqatgina qishki kurtka bor, buni ham qiyinchiliklardan biri deb hisoblayman. Juda ko‘p jihatlar bilan ayni shu holat.

Avval boshdanoq, O‘zbekiston Gruziya sari yo‘lning birinchi to‘xtash punkti bo‘ladi deb o‘ylagandim. Biroq, hozir u yerda nima sodir bo‘layotganini diqqat bilan kuzatib borayapman. Mamlakatga juda ko‘p rossiyaliklar tashrif buyurgan, Tbilisida uy-joy uchun talab oshib ketgan, inflyatsiya.

Bu vaqt mobaynida esa O‘zbekiston soyada qolishda davom etmoqda — hozirgi vaziyatda bu foydali bo‘lishi mumkin. Biroq, so‘nggi oylarda Gruziyada sodir bo‘layotgani kabi bu yerda ham rossiyalik kreativ mutaxassislar hamjamiyati shakllanmoqda. Bu xursand qilmasligi mumkin ham emas. Toshkentda ushlanib qolishni rejalashtirayapman. Qancha vaqtgaligi — bu voqealar rivojiga bog‘liq. Hech bo‘lmaganda yoqimli vaqt o‘tkazishga, ehtimol, yangi qo‘shma loyihalarga ham umid bor.

Toshkentda bank kartalari bilan muayyan qiyinchiliklar bor, ro‘yxatdan o‘tish tizimi o‘ziga yarasha murakkab, SIM-kartalar bilan bog‘liq qiyinchiliklar mavjud.

Balki tibbiyot bilan ham muammolar yuzaga kelar — men Rossiyada oldindan rejalashtirilgan bir nechta qabullarga (sug‘urta bo‘yicha bepul poliklinikaga) borishni mo‘ljallab turgandim. Endi esa bunday imkoniyatga qachon ega bo‘lishim mumkinligini bilmayman ham.

Yana quloqchinlarim ham buzilib qoldi, bu yerda ikkita muammo bor: Wildberries`dagi sotuvchiga qaytarib, uni almashtirib berishni so‘ray olmayman, O‘zbekistonda esa munosib alternativ variantni tanlay olmayman, chunki assortiment sezilarli darajada kam. Shunga qaramasdan, ko‘plab tovarlarning narxi (men hozir nafaqat texnik vositalar haqida, balki kundalik ehtiyoj uchun zarur mahsulotlar haqida aytayapman) Moskvadagidan-da qimmatroq.

«Har doim ortga qaytish mumkin, biroq, vaziyat shundayki, ertangi kun qanday bo‘lishi noma’lum»

Nikolay, 28 yosh, Ulyanovsk shahri. Sport jurnalisti. Toshkentga ko‘chib o‘tishni rejalashtirmoqda.

Men ko‘pdan beri boshqa mamlakatga ko‘chib o‘tish uchun variantlarni ko‘rib chiqayotgandim. Ukrainadagi mojaro mening ishimga juda kuchli ta’sir qildi, chunki Rossiya sporti qattiq sanksiyalarni qabul qilib oldi. Buning ortidan esa mening daromadim sezilarli darajada kamayib ketdi. Bundan tashqari, dollar kursi oshib bormoqda, bu esa narxlar oshishidan dalolatdir.

Men Rossiyaning sport bo‘yicha yetakchi OAVlaridan birida faoliyat yuritaman. Biznesning ahvolini bilmadim-ku, lekin o‘zining mavqeiga qaramasdan mening tahririyatim men kabi shtatda bo‘lmagan xodimlar uchun gonorarlar miqdorini qattiq chekladi.

Ko‘chib o‘tish uchun faqat O‘zbekistonni ko‘rib chiqayapman, sababi u yerda mening qarindoshlarim bor. Rossiyada ota-onamni, do‘stlarimni qoldirishimga to‘g‘ri keladi. Har doim ortga qaytish mumkin degan fikrda qolaman, biroq, vaziyat shundayki, ertangi kun qanday bo‘lishi noma’lum.

Men xorijga chiqish pasportimni kutayapman, shundan so‘ng, Rossiyani tark etishim mumkin bo‘ladi. O‘zbekistondan kutayotganlarim eng ijobiylaridir. Mamlakat va, xususan, Toshkent haqida ko‘plab videolarni tomosha qildim, ko‘plab materiallarni o‘qib chiqdim. Men yaxshi ob-havo va o‘z sohamda barqaror ish topishni kutmoqdaman.

«Rossiyada qalbga yaqin ahloqiy qadriyatlar va so‘zning kuchiga bo‘lgan ishonchni qoldirib kelishga to‘g‘ri keldi»

Yelena (ismi o‘zgartirilgan), 30 yosh, Sankt-Peterburg. Moushn-dizayner. Toshkentga ko‘chib o‘tdi.

Iqtisodchilarning prognozlari Rossiyani vaqtincha tark etish haqidagi qarorimga ta’sir qildi. Sanksiyalar tufayli men o‘zimning jamoam bilan ishlashda davom etolmaydim va ishdan bo‘shashimga to‘g‘ri keldi. Rossiyada qalbga yaqin ahloqiy qadriyatlar va so‘zning kuchiga bo‘lgan ishonchni qoldirib kelishga to‘g‘ri keldi.

Tanlovim Toshkent bo‘ldi, chunki bu yerda qarindoshlarim bor. Ko‘chib o‘tish bo‘yicha meni qiziqtirgan asosiy masala ro‘yxatdan o‘tish bilan bog‘liq edi, u qarindoshlarim yordami bilan tezda hal bo‘ldi.

O‘zbekistonda uchinchi marta bo‘lishim, shuning uchun internet bilan bog‘liq yaxshilanishlarni qayd etishim mumkin. Turistlar uchun qulay tarif rejalari paydo bo‘libdi, bu ayniqsa masofadan ishlash uchun juda muhim.

Yuzaga kelgan voqealar tufayli O‘zbekistonda IT dunyosining malakali mutaxassislarini jalb qilish imkoniyati paydo bo‘ldi. Agar ushbu voqelik uzoq muddatli istiqbolda ko‘rib chiqilsa, bu kelajakda texnologik inqilobga imkon yaratishi mumkin.

Qancha vaqtga O‘zbekistonga kelganimni aytishim qiyin, chunki yuzaga kelayotgan reallikni bir qator siyosatshunoslar va iqtisodchilar ham prognoz qilishi murakkab. Menda qo‘rquvlar yo‘q. Sababi, ehtimol aynan hozir qo‘rquvlar uchun eng nomaqbul vaqt. Qanday sharoitda bo‘lishimdan qat’iy nazar men imkoniyatlarni ko‘rishga harakat qilaman.

Biroq, ishonchim komilki, mening O‘zbekistonda qolishim, ro‘yxatga olish jarayoniga ko‘ra, olti oydan oshmasligi kerak. Nima bo‘lishidan qat’iy nazar men Rossiyaga qaytaman, chunki u yerda oila a’zolarim bor.

«Bir hafta ichida vaziyatni shunaqangi „qiymalab“ tashlashdiki, uni endi hech qanaqasiga orqaga qaytarib bo‘lmaydi»

Anton, 38 yosh. Dasturiy ta’minot yaratuvchi. Toshkentga ko‘chib o‘tdi.

Ham shaxsiy sabablarga ko‘ra, ham men ishlaydigan kompaniya mijozlari Rossiya hududida joylashgan ofislar bilan hamkorlikni davom ettirishni xohlamasligi sababli ko‘chib o‘tish to‘g‘risida qaror qabul qildim.

Kompaniya Toshkentda o‘z ofisiga ega, shu sababli ham kundek ravshan edi. Meni ish va turar-joy bilan ta’minlashdi. O‘ylaymanki, men bu yerda kamida bir-ikki oy qolaman. Uzoq muddatli rejalar qilish uchun vaziyat juda tez o‘zgarmoqda.

Rossiyaga qaytish shartlari esa yanada murakkabroq. Men 24 fevralga qadar bo‘lgan davrda Rossiyadagi hayot meni qoniqtirmasdi deya olmayman. Bir hafta ichida [vaziyatni] shunaqangi «qiymalab» tashlashdiki, uni endi hech qanaqasiga orqaga qaytarib bo‘lmaydi: biznes shokda, chakana narxlarning ko‘tarilishidan tashqari, u hech qanday munosabat bildira olmaydi.

Ortga qaytish uchun kamida «maxsus operatsiya» tugashi hamda iqtisodiy aloqalarni tiklash yo‘llari va muddatlari aniqlashtirib olinishi kerak. Aynan hozir sodir bo‘layotgan voqealar, ko‘proq, Shimoliy Koreya tomonga harakatlanishni eslatadi, mamlakatni yopish esa — bu yo‘lning oxiri degani.

«O‘zbekiston ijobiy tomonga o‘zgargan»

Aleksey (ismi o‘zgartirilgan), 38 yosh, Sankt-Peterburg. Mobil interfeyslar bo‘yicha dizayner. Toshkentga ko‘chib o‘tdi.

Rossiyada men avtomobilimni, do‘stlarimni, kvartiram ta’mirini va butun boshli hayot tarzimni tashlab kelishimga to‘g‘ri keldi. Rejalar chippakka chiqdi. Ko‘chib o‘tish uchun Gruziya, Hindiston, Tayland variantlarini ko‘rib chiqdim, biroq, Toshkentni tanladim, chunki bu yerda yaqinlarim, yashash uchun joy bor.

Bu yerda bir necha oyni o‘tkazaman deb o‘ylayman. Balki bu tranzit punkt bo‘lar. Rossiyaga xavfsizlik ta’minlangan holdagina qaytaman: kirish va chiqish, ma’lum miqdorda valyutani olib chiqib ketish uchun. Shuningdek, Ukraina va umuman dunyo bilan ziddiyatli masalalarni yakun topishi muhimdir. Umid qilamanki, O‘zbekiston Rossiyaga qaramlikdan qat’i nazar zarbaga dosh bera oladi.

U, menimcha, yaxshi tomonga o‘zgargan. Ko‘p sonli yetkazib berish xizmatlari paydo bo‘libdi. Biroq, onlayn-banking go‘yo kuchsiz rivojlantirilgandek. Ko‘proq foydalanuvchilar uchun yaratilishini xohlayman. Umuman olganda interfeyslar muammosi ko‘zga tashlandi.

«Rossiya jamiyatida ulkan bo‘linish sodir bo‘ldi»

Yevgeniy, 26 yosh, Moskva. Marketolog. Toshkentga ko‘chib o‘tishni rejalashtirmoqda.

Men xavfsizlik nuqtai nazaridan ko‘chib o‘tishga qaror qildim. Rossiyani og‘ir davrlar kutmoqda. 1998 yilgi defoltdan-da qo‘rqinchliroq bo‘lishi kutilayotgan defolt. Oziq-ovqat mahsulotlaridan tortib, avtomobilgacha: hammasi qimmatlashib borayapti. Rossiyadan yirik firmalar chiqib ketmoqda, xattoki «Makdonalds» yopilmoqda.

Bundan tashqari, Rossiya jamiyatida ulkan ikkita lager: «harbiy operatsiya»ni qo‘llab-quvvatlovchilar va unga qat’iy qarshi bo‘lganlarga bo‘linish yuz berdi.

Bo‘linish oqibatida jamiyatda ko‘rinmas «aqliy» fuqarolik urushi ketmoqda. Mamlakatimizda norozilikni ochiq ifoda etishning imkoni yo‘qligi bois, u sukutga cho‘myapti va ichkariga chuqurroq kirib borayapti.

Hozirgi vaqtda Rossiyaning IT-kompaniyasida ishlayman, lekin, shunday davom etish yoki etmasligini bilmayman. Inqiroz davrida ishdan bo‘shatish ehtimoli juda katta. Bundan tashqari, men boshqa Yevropa va Osiyo mamlakatlari iqtisodiyotining farovonligi va o‘sishi fonida bir necha kun ichida qashshoqlashib qolgan mamlakatda yashashda davom etishni xohlamayman.

Yashash manzilimni o‘zgartirish uchun davlat tanlayotganimda men Gruziya, Armaniston va Turkiyani ko‘rib chiqqandim, lekin hozircha Toshkentda qolishga qaror qildim. Tushunishimcha, mamlakatda IT-sektori mutaxassislari bo‘yicha kadrlar tanqisligi mavjud. Men marketolog bo‘lsam-da, balki bu yerda mening bilimlarim kimgadir asqotishi mumkin.

Bundan tashqari, O‘zbekistondagi narxlar uncha qimmatga o‘xshamayapti. Asosiysi kvartira ijarasi va oziq-ovqatga pul yetsa bo‘ldi, o‘yin-kulguga unchalik ham pul sarflayvermayman. Uy-joy izlash, ro‘yxatdan o‘tish va tibbiyot darajasi bilan bog‘liq masalalar mavjud.

Toshkentda ikki oycha yashayman deb o‘ylayman, chunki bu vizasiz ruxsat etilgan maksimal muddat hisoblanadi. Agar O‘zbekistondagi hayot yoqib qolsa, yashash uchun ruxsatnoma olishga harakat qilib ko‘raman. Agar aksi bo‘lsa, unda keyingi manzil tomon harakatlanaman. Hozir rejalashtirish ufqi unchalik yuqori bo‘lishi mumkin emas. Balki, endi Rossiyaga rejim qulagandan so‘ng yoki ota-onamga yordam zarur bo‘lsagina qaytaman. Ularni, do‘stlarimni va tanishlarimni Rossiyada qoldirishimga to‘g‘ri keladi. Ularga hech bo‘lmaganda pul bilan yordam bera olaman deb umid qilaman.