12 mart, shanba kuni Turkmanistonda navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tmoqda. Unda amaldagi prezident Gurbanguli Berdimuhamedov ham ovoz berdi, deb yozmoqda TASS.

U Ashxobod shahridagi Annaniyoz Ortiq nomidagi 68-umumta'lim maktabida joylashgan saylov uchastkasiga 85 yoshli onasi bilan tashrif buyurdi.

Ovoz berish jarayonidan so‘ng, Gurbanguli Berdimuhamedov jurnalistlar bilan suhbatlashar ekan, ushbu prezidentlik saylovlarini tarixiy deb atadi. “Bugun tarixiy prezident saylovlari bo‘lib o‘tmoqda. Xalqimiz yangi prezidenti tanlaydi”, — dedi u.

Turkmaniston yetakchisi shuningdek, saylovlar ochiq, teng huquqli, demokratik tamoyillar va qonuniy tarzda o‘tayotganini qo‘shimcha qilgan.

Amaldagi prezidentning o‘g‘li, Turkmaniston demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzod Serdar Berdimuhammedov ham mazkur saylov uchastkasida oilasi bilan birga ovoz berdi.

Saylov va referendumlarni o‘tkazish bo‘yicha markaziy komissiyasining xabar berishicha, Turkmaniston vaqti bilan soat 13:00 holatiga ro‘yxatga olingan 3,4 mlndan ortiq saylovchidan 71,9 foizi ovoz berib bo‘ldi.

Saylov va referendumlarni o‘tkazish bo‘yicha markaziy komissiya ro‘yxatga olgan boshqa nomzodlar:

  • Agadjan Bekmiradov — Turkmaniston agrar partiyasi;
  • Babamurat Meredov — Turkmaniston sanoatchilar va tadbirkorlar partiyasi;
  • Kakageldi Sariyev — Mari viloyati fuqarolari guruhi tashabbusi bilan ilgari surilgan;
  • Perxat Begenjov — Lebap viloyati fuqarolari guruhi tashabbusi bilan ilgari surilgan;
  • Berdimammet Gurbanov — Balkan viloyati fuqarolari guruhi tashabbusi bilan ilgari surilgan;
  • Maksat Odeshov — Dashoguz viloyati fuqarolari guruhi tashabbusi bilan ilgari surilgan;
  • Xidir Nunnayev — Ashxobod shahri fuqarolari guruhi tashabbusi bilan ilgari surilgan;
  • Maksatmirat Ovezgeldiyev — Axal viloyati fuqarolari guruhi tashabbusi bilan ilgari surilgan;

Ovoz berish Turkmaniston vaqti bilan 07:00 boshlandi va 19:00 gacha davom etadi. Mamlakat bo‘ylab 2577 ta saylov uchastkasi bor, 41 tasi respublika tashqarisida. Jami 3,4 mlndan ortiq saylovchi ro‘yxatga olingan.

Muddatidan oldin ovoz berish 2 martdan 11 martgacha bo‘lib o‘tdi. MSK ma’lumotlariga ko‘ra, unda saylovchilarning 7,9 foizi ishtirok etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq, mamlakat prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov Xalq Maslahati yig‘ilishida nutq so‘zlab, davlat boshqaruvi yosh rahbarlarga berilishi kerakligini ta’kidladi. Uning o‘zi esa Xalq Maslahati raisi sifatida faoliyatini davom ettirmoqchiligini ma’lum qilgandi.