Toshkent xalqaro aeroportida qo‘shni davlat fuqaro belgilangan miqdordan ko‘proq valyutani mamlakatdan olib chiqishga uringani aniqlandi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot kotibi Xusan Tangriyev «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.

Bojxonadagi yashil yo‘lak orqali Istanbulga ketayotgan qo‘shni davlat fuqarosining yuklari nazorat-rentgen uskunasi ekranidagi tasvirlarda shubhali ko‘ringan.

Shundan so‘ng, o‘tkazilgan tekshiruv vaqtida u 27 300 AQSh dollari hamda 1,8 mln rublni tamaki qutilari ichiga yashirib olib o‘tmoqchi bo‘lgani aniqlangan.

Foto: Videodan lavha.

Qo‘mita matbuot xizmati qo‘shimcha qilishicha, holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda.

Avvalroq, Davlat bojxona qo‘mitasi xalqaro aeroportda 286 900 AQSh dollarini norin, kabob, pahlava kabi yeguliklar orasiga yashirib, noqonuniy olib chiqishga uringan shaxslar ushlangani haqida xabar bergandi. Yana bir holatda esa, 300 ming AQSh dollaridan ziyod naqd xorijiy valyutani daftar varaqlari orasiga va kiyimlariga yashirib, olib chiqishga uringan 2 nafar shaxs davlat bojxona xizmati tomonidan to‘xtatib qolingandi.

Eslatib o‘tamiz, Valyutani tartibga solish to‘g‘risidagi qonunga muvofiq, jismoniy shaxslar tomonidan O‘zbekistonning naqd valyutasini va chet el naqd valyutasini O‘zbekistondan tashqariga olib chiqish 100 mln so‘m ekvivalentdan ortiq bo‘lmagan summada amalga oshiriladi. Jismoniy shaxslar tomonidan valyutalarni O‘zbekistonga olib kirish esa cheklovlarsiz amalga oshiriladi.