Samarqand viloyati IIB JQB Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘limi hamda DXX xodimlari hamkorligida Samarqand shahri va Pastarg‘om tumanlarida oradagi kelishmovchiliklarni «razborka» orqali hal qilmoqchi bo‘lgan guruhlar qo‘lga olindi, deya xabar qildi IIV matbuot xizmati rahbari Shohruh G‘iyosov.

Qayd etilishicha, birinchi holatda 4 mart soat taxminan 20:30 larda Samarqand shahar Ogahiy ko‘chasida bir guruh shaxslar o‘rtalaridagi o‘zaro kelishmovchilikni janjal orqali hal qilmoqchiligi to‘g‘risida tezkor ma’lumot olingan va ushbu guruhlarning ommaviy janjal qilishining oldi olingan. Ushbu janjalda ikki tomondan ishtirok etmoqchi bo‘lgan 9 nafar shaxsga nisbatan 15 sutkalik ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Ikkinchi holatda esa Pastdarg‘om tumanidagi Juma shahri hamda Arabxona mahallalarida yashovchi 15 nafar sportchilar tomonidan «Samarqand-Juma» yo‘nalishdagi avtoshoh bekatni zo‘ravonlik va o‘zboshimchalik bilan noqonuniy ravishda egallash maqsadida, «razborka» ya’ni ko‘cha yo‘li bilan hal qilish hamda maqsadida yig‘ilgan vaqtida qo‘lga olinib, ularning faoliyatiga chek qo‘yildi. Mazkur guruhlarga yetakchilik qilgan va faol ishtirok etgan shaxslarga nisbatan ham 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Holat bo‘yicha tezkor surishtiruv ishlari olib borilmoqda.