Navoiy viloyatining Navbahor tumanida 250 gramm radioaktiv moddani noqonuniy ravishda sotishga uringan shaxslar ushlandi. Bu haqda IIV JQBB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, 5 mart kuni Navoiy viloyati IIB JQBB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi, DXX Navoiy viloyati boshqarmasi hamda Navbahor tumani IIB xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir jarayonida tumanning «Qalqonota» mahallasida joylashgan «Shukrona» to‘yxonasi oldida ikki nafar shaxs bir dona shisha idishga joylashtirilgan «Radiy Ra 226 02 5» yozuvli 250 gr radioaktiv materialni maxsus xaridorga 50 ming dollarga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Holat yuzasidan Navbahor tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 252-moddasi (Radioaktiv materiallarni qonunga xilof ravishda egallash) 2-qismi «b» bandi (bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilar belgilangan tartibida ushlangan. Jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning oktabrida Xorazmda simob va platinani 530 ming dollarga sotayotgan shaxs ushlangan edi.